Sayohatga tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha foydali maslahatlar
Qanday qilib sayohatga tez va oson tayyorlanish mumkin
Ko‘pchiligimiz uchun sayohatga tayyorgarlik ko‘rish stress va xavotirlanish bilan kechadi. Mehmonxonalar va restoranlarni bron qilish, aylanish uchun qiziqarli joylarni topish kerak bo‘ladi. Ammo bugun bu jarayonlarning barchasini osonlashtirish mumkin. Elle jurnali sayohatga qanday qilib tez va oson tayyorgarlik ko‘rish bo‘yicha qo‘llanma tayyorladi.
Sayohat rejasi
Har qanday sayohatning eng birinchi vazifasi bu - boradigan joylarning yo‘nalishini rejalashtirib chiqishdir. Muhimi, sayohat qachon va dunyoning qaysi nuqtasiga rejalashtirilayotganini bilib olsangiz kifoya. Ana shu ma’lumotlardan kelib chiqib, siz o‘zingiz uchun qulay vaqtni belgilashingiz va mehmonxonani bron qilishingiz kerak bo‘ladi.
Sayohatga boradigan diqqatga sazovor joylar - muzeylar, tarixiy yodgorliklar, zamonaviy lokatsiyalar, savdo markazlari va shu kabi joylarni o‘zingiz uchun oldindan belgilab chiqing. Aks holda sayohat paytida shunga ham vaqt sarflashingizga to‘g‘ri keladi.
Ro‘yxatlarni tuzib chiqish
Vaqtingizni to‘g‘ri rejalashtirishning eng asosiy jihati bu - ro‘yxatlar tuzib chiqish. Sayohatga ketishingizdan oldin, ko‘zlab qo‘ygan barcha ishlaringizni bitirib oling. Sayohat davomida kerak bo‘ladigan narsalar ro‘yxatini yozib chiqing. Ro‘yxatingizni toifalarga bo‘lib olsangiz, ayni muddao bo‘ladi. Masalan: hujjatlar, kiyim-kechak, shaxsiy gigiyena mahsulotlari va shunga o‘xshash buyumlaringiz ro‘yxati qo‘lingizda bo‘lsa, vaqtingiz ancha tejaladi. Bunday yondashuv sizga sayohatingiz aynan nimalarsiz amalga oshmasligini o‘ylab olishingizga imkon beradi.
Jamadonni yig‘ish
Biz har doim jamadonimizga iloji boricha ko‘proq narsalarni sig‘dirishni xohlaymiz. Ammo aynan shu joyda yanada e’tiborliroq bo‘lishimiz lozim.
Oldindan jamadonga solish uchun tuzib qo‘ygan ro‘yxatlarimizni e’tiborga olishimiz kerak. Parvozdan oldin esa albatta jamadoningizni torttiring.
Jamadon yig‘ayotganda, kiyimlarni qavat-qavat qilib taxlamasdan rulon shaklida joylashtiring. Bu sizga jamadoningizdagi joyni tejashga va kiyimlaringizni g‘ijim bo‘lishidan saqlaydi. Jamadonning eng tagiga qalin narsalarni (sport kiyimlari, ustki kiyimlar) joylashtiring. Eng ustki qismiga esa parvoz paytida foydalanishingiz mumkin bo‘lgan narsalarni taxlab qo‘ying. Poyabzallarni esa jamadonning yon tomonlari bo‘ylab joylashtirib chiqing. Shunda safar uchun kerak bo‘ladigan barcha kerakli narsalarni ko‘proq sig‘dirish imkoni bo‘ladi.
Kiyimlarni tanlab qo‘yish
Dam olishning turi qanday ekanligini unutmaslik kerak. Biron bir mamlakatga tashrif buyurganingizda mavsumni, u yerdagi ob-havoni, o‘zingiz uchun oldindan boradigan joylaringizni belgilab chiqing. O‘sha xalqning madaniyatini va faoliyatingiz turini hisobga oling. Har bir kun uchun kiyiladigan kiyimlaringizni oldindan o‘ylab qo‘ying va ularni telefoningizga suratga olib, saqlab qo‘ying. Ko‘rinishingiz yanada jozibali bo‘lishi uchun obrazga mos aksessuarlarni tanlashni unutmang. Shunda safar davomida siz qayerga va nimani kiyishingizni aniq bilasiz.
Go‘zal bo‘lishingiz uchun tayyorgarlik
Sayohat paytida iqlim va mavsumdan kelib chiqqan holda, parvarishlovchi kosmetik mahsulotlar to‘plamini tayyorlab qo‘ying. Quyoshdan himoya qiluvchi kremlar, namlovchi niqoblar, termal suvlar, bularning bari parvozdan keyin yuzingizni tezda yaxshilanishiga va butun sayohat davomida teringizni namlangan holatda bo‘lishiga yordam beradi.