Musiqa qanday ko‘rinadi. Apple Music tovush yordamida yaratilgan vizual uslubini taqdim etdi

Servisning yangi vizual qiyofasini yaratishda Fred again.. va NEST Acoustics ishtirok etdi. Ularning kompozitsiyasi tovush, suyuqlik va yorug‘lik bilan o‘tkazilgan tajribaga asos bo‘ldi.

Apple Music logo surrounded by sound-generated ripples

Мusiqa aniq obrazlarni uyg‘otishi mumkin: yozgi sayohatni eslatadi, ilk uchrashuvga qaytaradi yoki xayolan raqs maydoniga olib boradi. Apple Music jamoasi esa savolni yanada aniqroq qo‘ydi: tovushning o‘zi qanday ko‘rinadi? Javob 21-oktabrda taqdim etilgan Made by Sound — servisning yangi vizual uslubi bo‘ldi.

Loyiha ustida TBWA\Media Arts Lab agentligi, britaniyalik musiqachi va prodyuser Fred again.. hamda uning ijodiy hamkori NEST Acoustics ishladi. G‘oya asosida brendning jarangini ham, harakatlanuvchi grafikasining xarakterini ham belgilagan original kompozitsiya yotadi. Apple Music bu jarayon haqida Made by Sound: Behind the new brand identity filmida hikoya qildi.

Apple Music’ning tovush ta’sirida hosil bo‘lgan to‘lqinlarni yaratish qurilmasi
Made by Sound vizual effektlarini yaratish jarayoni. Tasvir: Apple Music.

Vizual effektlarni yaratish uchun jamoa mineral moy quyilgan sayoz idishdan foydalandi. Kompozitsiyaning alohida notalari audiosignalni fizik tebranishlarga aylantiruvchi qurilma orqali yangradi. Suyuqlik yuzasida to‘lqinlar paydo bo‘lib, yorug‘likning jilvalanishi va sinishi o‘zgarib turdi. Kamera bu harakatni qayd etdi va shu tariqa tovush ko‘zga ko‘rinadigan shakl oldi.

Lo‘nda natija ortida bir necha oylik tajribalar turardi. Tasvir ifodali va tanib olish oson bo‘lib qolishi uchun tovushni materialning harakati bilan muvofiqlashtirish kerak edi. Kameraga olingan to‘lqinlar va optik buzilishlar yangi vizual tizim uchun materialga aylandi. Ayni kompozitsiya Apple Music’ning qisqa ovozli imzosiga ham aylandi.

Apple Music’ning pushti rangdagi yangi vizual uslubi
Apple Music’ning yangi vizual uslubi. Tasvir: Apple Music.

Loyihaning eng qiziq jihati — notadan tasvirgacha bo‘lgan yo‘lni kuzatish imkoniyati. Odatda biz tayyor belgini ko‘ramiz va uning nega aynan shunday shaklga ega ekanini faqat taxmin qilamiz. Bu yerda esa jarayon brend bilan tanishishning bir qismiga aylanadi: tovush materialni qanday harakatga keltirishi, yorug‘lik esa bu harakatni qanday ko‘rinadigan qilishini kuzatish mumkin.

Musiqa servisi uchun bu, ayniqsa, o‘rinli hikoya. Kadrda har bir tinglovchiga tanish tuyg‘u bor: musiqa atrofimizdagi makonni o‘zgartira oladi. Bu safar o‘sha o‘zgarishni ko‘rish ham mumkin.

Maqolani ulashish

Related articles