Katta sportdagi sodiq rafiqalar
Butun dunyo Yevropa chempionatining futboli haqida gapirmoqda. Biz esa futbolchilarning rafiqalari haqida gaplashamiz
Futbol boʻyicha Yevropa chempionati 2024-yil Germaniyada boʻlib oʻtdi. 14-iyul kuni Berlin shahrida final boʻlib oʻtdi va u yerda Ispaniyaning terma jamoasi Angliyaning ustidan gʻalaba qozondi. Ulkan masʼuliyat, albatta, atletlarning zimmasida, ammo shak-shubhasiz ularni hammadan ko‘ra eng ko‘p qo‘llab-quvvatlagan, bu – ularning oilasi. Yorqin yulduzning rafiqasi boʻlish oson ish emas, albatta. Chunki mashhur futbol o‘yinchisiga turmushga chiqqan qiz nafaqat uning umr yoʻldoshi bo‘lishi, balki oila oʻchogʻini saqlashi, tashqi koʻrinishiga e’tibor berishi hamda farzandlar tarbiyasi bilan shugʻullanishi kerak. Va bularning barchasi futbol muxlislarining va axborot olamining diqqat markazida boʻladi.
2024-yilning Yevropa chempionatidagi futbol oʻyinchilarining rafiqalari
Bu hafta oxirida barcha tabloidlarni egallagan oʻyinchilarning betakror rafiqalari bilan tanishishni boshlaymiz.
Kate Kane – Harry Kanening rafiqasi
Ingliz terma jamoasining sardori Harryning rafiqasining ismi "Batwoman" qahramonining ismi bilan bir xil. Qisman uni ham qahramon ayol desa boʻladi. Kate va Harryni nafaqat oila, balki futbolga boʻlgan muhabbat ham bogʻlab turadi. Yoshlik chogʻidayoq ular David Beckhamning Londondagi akademiyasida tanishishga muyassar boʻlishgan.13 yil mobaynida birga boʻlganiga qaramay, Harry turmush qurish taklifini birinchi farzandi Ayvi tugʻilgandagina qilgan. Hozirda juftlikning toʻrt nafar farzandi bor. Ammo Kate nafaqat ajoyib rafiqa va oʻz umr yoʻldoshining ishqibozi, balki fitnes-klub tarmoqlarining sohibasi hamdir.
Claudia Rodrigues – Marc Cucurellaning umr yoʻldoshi
"Chelsi" klubining oʻyinchisi, ispaniyalik futbolchining maftunkor suyuklisi, uning 2018-yildan beri umr yoʻldoshi va uch nafar farzandining onasi. Claudiya Barselonada tugʻilgan, model boʻlgan, ammo hozirda koʻproq farzandlar tarbiyasi va sevgilisining matchlarida uni qoʻllab-quvvatlash bilan mashgʻul.
Daphne Cañizares – Dani Carvajalning rafiqasi
Ispaniya terma jamoasining atleti, boʻlajak turmush oʻrtogʻi bilan 2018-yilda tanishgan. Hozirda juftlikning 2 nafar farzandi bor: Martin va Mauro. Daphne Madridda tug‘ilgan va farzandlari dunyoga kelgunga qadar shiddat bilan modellik ishi bilan shugʻullangan. Endilikda esa u egizak-singlisi bilan toʻy marosimlarini tashkillashtirish bilan shugʻullanadi.
Alice Compello – Alvaro Morataning ayoli
Ispaniya terma jamoasi sardorining rafiqasi Italiyada mashhur inflyuyenser boʻlib, oʻzining "Masqmai" pardoz brendini ham rivojlantirib keladi. Juftlik 2017-yilda oila qurishgan va bir yildan soʻng ularning egizak farzandlari Leo va Alessandro dunyoga kelgan. Hozirda ularning toʻrt nafar farzandlari bor. Ular birgalikda koʻp qiyinchiliklarni ham boshdan kechirishgan: futbol muxlislari tomonidan tez-tez boʻlib turadigan hujumlar, tugʻruqdan keyingi asoratlar (toʻrtinchi farzandini dunyoga keltirganidan soʻng, Alice reanimatsiyaga tushib qolgan), keyinchalik esa futbolchining ayoli va farzandlari uyda payti uyning o‘g‘rilar tomonidan oʻmarilishi. Boshlariga tushgan shuncha muammolarga qaramasdan hozirda juftlik birgalikda juda baxtli va bir-birlarini yanada qadrlashadi.
Sara Botello – Aymeric Laportening rafiqasi
Balet raqqosasi va chirlider Sara, futbol olamining a’zosi boʻlishidan avval professional darajada "Bilbao" basketbol klubini qoʻllab-quvvatlagan. Ispaniya terma jamoasining аtleti va balerinaning Lukay ismli oʻgʻil farzandi bor.
Megan Pickford – Jordan Pickfordning rafiqasi
Angliya terma jamoasi darvozaboni bo‘lajak rafiqasini ilk bor qiz 14 yoshga kirganida uchratgan. Ular bir maktabda o‘qishgan va o‘shandan beri birgalar. Yorqin ko‘rinishi uchun Meganni tabloidlarda "Angliya terma jamoasi go‘zali" deb nomlashadi. U turmush o‘rtog‘ining har bir o‘yinida ishtirok etadi va ikki nafar farzandni – bir o‘g‘il va bir qizni dunyoga keltirgan.
Anouska Santos – Luke Shawning umr yo‘ldoshi
Angliya terma jamoasi o‘yinchisining sevgilisi mashhur bloger va Treats Studios aksessuarlar brendining asoschisi. Juftlik bir necha yildan beri birga bo‘lsalar-da, hali ham aloqalarini nikoh rishtalari bilan bog‘lamaganlar. Shunga qaramay, ular allaqachon uch farzand – bir o‘g‘il va ikki qizni tarbiyalamoqdalar.
Hamma biladigan jahon futboli yulduzlarining rafiqalari
Victoria Beckham – David Beckhamning rafiqasi
Posh Spice haqida hamma biladi. Eng mashhur Spice Girls ayollar guruhining sobiq yakkaxon xonandasi, xuddi shu nomdagi liboslar brendi dizayneri Victoria chorak asrdan beri futbol afsonasi bilan mustahkam turmush rishtalarini boylab kelmoqda. 2023-yilda Netflix juftlik va ularning tarixi haqida serial suratga olgan. To‘ylarining 25 yilligini juftlik to‘y fotosessiyasini qayta yaratish orqali nishonlashgan. Victoria “Yana bir yarim dyum betakror uslub. Soch turmagidan poshnagacha” deb nomlangan kitobni chiqardi, ko‘plab jurnallar uni “modaning yangi bibliyasi” deb atashdi, chunki Beckham haqiqiy uslub timsoli sanaladi.
Pilar Rubio – Sergio Ramosning rafiqasi
Ispaniyalik aktrisa, teleboshlovchi va eng taniqli futbolchilardan birining rafiqasi – iqtisod bo‘yicha ma’lumotga ega model. Pilar va Sergio xayriya kechasida tanishishgan, tanishuv tashabbuskori qiz bo‘lgan. Futbolchi modelning ochiq-sochiq suratga tushish ishtiyoqiga qo‘shilmagan va juftlik ajralishgan, ammo bir muncha vaqt o‘tgach, ular yana birlashishgan va ularning to‘ng‘ich farzandi dunyoga kelgan. Hozir er-xotinning to‘rt farzandi bor, lekin ular farzandlari tug‘ilgach turmush qurishgan. Sergio futbol dunyosini zabt etishda davom etmoqda va Pilar esa ispanlarning sevimli teleboshlovchisi bo‘lib kelmoqda.
Ana Ivanovic - Bastian Schweinsteigerning rafiqasi
Ikki yirik sport turini birlashtirgan juftlik – sobiq jahon raketkachisi Ana Ivanovic va 2014-yilgi futbol bo‘yicha jahon chempioni Bastian Schweinsteigerlarning turmush qurishganiga sakkiz yil bo‘ldi. Serbiyalik ayol va nemis futbolchisi – hozirda uch o‘g‘ilning ota-onasi. Shu bilan birga, Ana YUNISEF va BMT Bolalar fondi bilan faol hamkorlik qiladi.
Georgina Rodriguez - Christiano Ronaldoning umr yo‘ldoshi
Ispaniyalik raqqosa va yorqin model Portugaliya terma jamoasining amaldagi sardori bilan norasmiy nikohda yashaydi. Media go‘zalining va o‘n yillikning eng yaxshi hujumchisining besh nafar farzandi bor, ulardan uchtasi surrogat onalardan. Juftlik 2016-yilda Christiano Georgina ishlaydigan Gucci do‘koniga kirganida tanishishgan. 2017-yilda esa ular Syurixda "Oltin to‘p"ni topshirish marosimida ochiqchasiga birgalikda kelishgan.
Antonella Roccuzzo - Lionel Messining rafiqasi
Messini hattoki futbolni ko‘rmaydiganlar ham biladi. Ammo argentinalik hujumchining rafiqasini hamma ham bilmaydi. Chunki Antonella uzoq vaqt davomida o‘zini uch o‘g‘lini tarbiyalashga butunlay bag‘ishlagan holda ommaviy shaxs hisoblanmagan. Er-xotin yoshlikdan bir-birini bilishgan, chunki Lionel Antonellaning akasi bilan do‘st bo‘lgan. Juftlikning to‘yi Messi o‘sgan mahallada bo‘lib o‘tgan va to‘y shodiyonasining translyatsiyasi katta ekranlarda butun shaharga namoyish etilgan. Hozir Roccuzzo nafaqat katta sport yulduzining onasi va rafiqasi, balki Enfans bolalar kiyimlari brendining asoschisi hamdir.