Ana Khouri’ning o‘ziga xos uslubi

Ortiqcha bezaksiz zargarlik buyumlari tarixi

10 Iyun 2025
Instagram/ Anakhouri

Tabiat qo‘ynida, Braziliya quyoshining qizg‘in nurlari ostida, qoraygan yo‘lovchilar serfing taxtasi bilan o‘tib ketayotgan, yangi o‘rilgan o‘t hidini tuyganda san’atga muhabbat o‘z-o‘zidan tug‘iladi. Anna Xuri bilan ham shunday bo‘ldi. Uning zargarlik buyumlari bugun o‘ziga xos jilosi bilan maftun etib, haqiqiy san’at asari kabi taqilmoqda.

Ko‘lga qaragan uy

Anna bolaligidanoq tabiat va madaniyat uyg‘unlashgan muhitda o‘sdi. U Braziliyadagi Londrina yaqinidagi fermada ulg‘aydi. U yerda uni otlar, ko‘l va qizi uchun san’at olamini ochgan huquqshunos, mohir pianinochi onasining bitmas ilhomi o‘rab turardi. Bu ikki unsur – tabiat va ijod uning noyob dunyoqarashiga asos bo‘ldi. Rangdagi, daraxt po‘stlog‘idagi o‘zgarishlarni, daraxtning fasllarga qarab o‘zgarishini kuzatish keyinchalik uning ijodiy uslubiga asos bo‘ldi.

Haykaltaroshlik – dastlabki shakl

San-Pauludagi nufuzli FAAPda tahsil olish uning o‘zini shakl orqali ifodalashga bo‘lgan intilishini yanada mustahkamladi. Dastlab Anna o‘z kelajagini faqat haykaltaroshlikda ko‘rardi. Ammo bir kuni burilish nuqtasi yuz berdi. Uning ko‘rgazmasida ulkan metall haykallar yalang‘och ayollarga kiydirilgan bo‘lib, qattiq metall va nozik inson terisining uyg‘unligini tadqiq etardi. Bir tomoshabin xuddi shunday narsani, lekin kichikroq shaklda – o‘zida taqib yurish uchun yasashni so‘radi. Shunday qilib, haykal bezakka aylandi va rassom funksionallik san’atni yo‘q qilmasligini, aksincha unga yangi, insonlarga yaqin dunyoni ochishini angladi.

Ananing mahorat sari yo‘li tez va rejali bo‘lmadi. U shoshilmadi, sabrli bo‘lishni o‘rgandi, metallning nozik jihatlarini, oltin va qimmatbaho toshlarning o‘zaro ta’sirini o‘zlashtirdi. Har bir buyum haykaltaroshlikdan tayyor bezakka aylanguncha uzoq yo‘lni bosib o‘tdi. Anna Xuri har doim bezak tananing davomi, tabiiy va uzviy bo‘lishi kerakligini ta’kidlardi.

Shaklsiz his-tuyg‘u

Uning brendi an’anaviy zargarlik uylari doirasiga sig‘masdi. Kolleksiyalarsiz, moda mavsumlarisiz, marketing strategiyalarisiz – faqat chuqur falsafa va o‘z qarashlariga sodiqlik bilan ish olib bordi. U o‘z mahsulotlarini ilk bor Parijdagi kvartirasidagi karavotda Net-a-Porter va Barneys vakillariga taqdim etdi. Ammo tan olinganidan keyin ham Anna keng tarqalish va ommaviy onlayn-do‘konlar bilan hamkorlik qilishdan voz kechdi, faqat o‘z ichki dunyosini aks ettiradigan narsalarni yaratish huquqini saqlab qoldi.

Eng muhimi, Xuri zargarlik olamiga haqiqiylik va ichki nur tuyg‘usini olib kirdi. Uning bezaklari hashamat bilan o‘ziga jalb qilishga urinmaydi, balki insonning tabiiyligini nozik ta’kidlaydi. Ularni qizil gilamda ham, kundalik hayotda ham o‘rinli bo‘lgani uchun yaxshi ko‘rishadi. Masalan, Irina Sheyk Met Galada oddiy kulrang sport shimi va oq mayka bilan Ana Xurining ulkan olmos chokerini taqdi, ammo u hashamatli ko‘rinmadi.

Barqaror rivojlanish brend faoliyatining muhim qismi bo‘lib qolmoqda. Xuri doimo o‘z bezaklarining go‘zalligi tabiat va insonlarga axloqiy munosabatdan boshlanishini ta’kidlaydi. Uning ishlarida qo‘llaniladigan oltin yuqori adolatli savdo standartlariga muvofiq qazib olinadi, toshlar esa atrof-muhitga ta’sirini kamaytiradigan tarzda tanlanadi.

Hamma narsa boshlangan yer

So‘nggi Raw to‘plami Annaning Amazonkadagi oltin konlarida shaxsan bo‘lganidan so‘ng yaratildi. U qo‘llarini tuproqqa botirdi va to‘satdan bu aloqaning naqadar muhimligini angladi: yerning tuzilishi, uning og‘irligi, uning tarixi bilan. Bu his-tuyg‘udan ilhomlangan Raw kolleksiyasi butunlay o‘zgacha: g‘adir-budur, notekis, yangicha plastikaga ega bo‘lib chiqdi.

Bugungi kunda Ana Khouri brendi teranlik, osoyishtalik va haqiqiylikni izlayotganlar uchun zargarlik buyumlarini taqdim etmoqda. Haqiqiy nur ichkaridan kelishini tushunadiganlar uchun.

Agar bir kun kelib ulardan birini taqishga qaror qilsangiz, bilingki, u sizni allaqachon Nyu-Yorkning 68-ko‘chasidagi kichik atelyeda yoki tanlab olingan The Row do‘konlarida kutmoqda.

 

Maqolani baham ko'ring

Related articles