Ayol boʻlish sanʼati
Oʻzimizda ayollikni qanday kashf etishimiz mumkin?
Ayollik – bu shunchaki jozibali tashqi ko‘rinishdan ko‘ra ko‘proq narsadir. Ayollik bizning dunyoni va atrofimizdagi isonlarni idrok etishimizda, o‘zimizni hamda ehtiyojlarimizni his qila olish qobiliyatimizda namoyon bo‘ladi. Shu bilan birga, sevgi, gʻamxoʻrlik va ishonchni qanday ifoda etishimizda ham.
Analitik psixologiyaning asoschilaridan biri Karl Gustav Yungning aytishicha, har bir insonda ayollik (animus) va erkaklik (anima) ibtidosi mavjud. Birinchisi ijodkorlik, ichki sezgi, hissiyot va tuygʻular uchun javob beradi. Ikkinchisi esa tashqi olamda namoyon bo‘lish, qat’iyatlilik, barqarorlik, maqsad va istaklarga erishish bilan ifodalanadi. Ikkаla ibtido hayotning zarur jabhalarida o‘ziga xos tarzda aks etib, o‘zaro uyg‘unlikka erishganda mukammal sanaladi.
Muhimi oʻz holatimizni toʻgʻri muvozanatlay olishni va energiyalardan biri bilan noto‘g‘ri tomonga ketmaslikni o‘rganishimiz kerak. Bunday ayol uchun o‘zining eng yaxshi tomonlarini, tabiat ato etgan salohiyatini namoyon etish va ichki quvvat manbaidan kuch olish osonroq kechadi. Ayollikni chuqur anglash va o‘z tabiatini qabul qilish bilan kashf etish mumkin.
Oʻzingiz bilan tanishuv
Bir qarashda oddiy tuyulsa-da, ammo bu juda samarali amaliyot. Bunda qaytadan oʻzimizni va tabiatimizni oʻrganishni boshlaymiz. Javoblarni qogʻozga yoki alohida bloknotga yozib qoʻygan ma’qul. Barchasini “Men qandayman?” degan savoldan boshlash mumkin. Oʻzingizni tashqaridan qanday qabul qilsangiz, shunday holatda tasvirlang: qanday sifatlaringiz, qadriyatlaringiz, maqsadlaringiz, orzularingiz bor? Keyin esa, siz uchun ayollik nima ekanligini, u qanday sifatlarga ega boʻlishi kerakligini va hayotda u sifatlar qanday ifodalanishini yozing. Undan soʻng ushbu sifatlarni kundalik hayotingizda sekin-asta qoʻllashni yoʻlga qoʻying.
Koʻproq hissiyotlar
Ayol kishi dunyoni analiz qilish orqali emas, balki hissiyotlar orqali idrok qiladi. Kun davomida siz bilan roʻy berayotgan barcha narsani his qilishga harakat qiling: mazali taom, yoqimli iforlar, iliq munosabatlar. Ayol har doim samimiy hissiyotlar, yengillik va shodlik ulashuvchidir. Ichki ovozingiz va hislaringizga quloq soling. Toʻgʻri yoki lozim deb bilganingiz uchun emas, qalbingiz xohishi bilan ish tuting. Qolaversa, har kuni oʻzingizga bir oz boʻlsa-da, vaqt ajratib, ruhan yuksalishni oʻrganing. Sizga huzur va hissiyotlar bagʻishlaydigan narsalar bilan shugʻullaning. Bu qiziqarli kitob mutolaa qilish, issiq vanna qabul qilish, yolgʻiz oʻzingiz bilan boʻladigan kechki sayr va koʻpgina boshqa narsalar boʻlishi mumkin.
Ayolga quvvatni ayol bera oladi
Har bir ayol vaqti-vaqti bilan boshqa bir ayolga muhtojlik sezadi. Koʻproq vaqtingizni dugonalaringiz va yaqinlaringiz bilan o‘tkazing. Atrofingizni sizni ilhomlantiradigan va zavqlantiradigan insonlar bilan toʻldiring. Uchrashuvlar koʻtarinki ruhda boʻlishi muhimdir. Bunday energiya almashinuvi o‘ziga xos tarzda insonni to‘ldirib, uzoq vaqt davomida yoqimli his qoldiradi. Yoqimli taassurotlar bilan toʻlaqonli ravishda toʻyingan ayol yana oilasini parvarish qilish va oʻzini shaxs sifatida rivojlantirish uchun kuch-quvvatga toʻladi.