Ayol qo‘li bilan yaratilgan goʻzallik

O‘zbekiston ayollar hunarmandchiligi

foto: Serafim Dim

O‘zbek madaniyati an’anaviy hunarmandchilikning keng qamroviga egadir. Hunarmandchilik, odatda, bir oila yoki hududda avloddan avlodga o‘tib keladi. Nafaqat o‘ziga xos ijod texnikasi va uslubi, balki ustalarning o‘zlari ham alohida ajralib turuvchi xususiyatlarga egadir. An’anaga ko‘ra, faqat ayollar shug‘ullanadigan amaliy san’at turlari mavjud. Hunarmand ayollar ko‘p asrlar davomida amaliy bezak san’ati bilan shug‘ullanib, unga oilaviy qadriyatlar, xalq rivoyatlari va qalbining bir bo‘lagini singdirgan.

Butun oila tomonidan tikilgan baxt

«So‘zana» kashtasi an’anaga ko‘ra, oilaning barcha ayollari tomonidan bo‘laklab tikiladigan matoli pannodagi nafis tikish turidir. Qiz bola turmushga chiqish vaqti kelganda esa bu bo‘laklar yaxlit kompozitsiyaga birlashtiriladi. Kashtaning har bir elementi muqaddas ma’noga ega bo‘lib, ularda yosh kelin-kuyovga yo‘llangan eng yaxshi tilaklar mujassamdir. «So‘zana» kashtasi tugallanmagan bo‘lishi kerak deb ishoniladi – bu uzoq umrning ramzi hisoblanadi. O‘zbekistonning har bir hududida o‘zining an’anaviy kashta tikish maktabi mavjud. Har bir maktab o‘ziga xos ranglar palitrasi, naqshlari va o‘lchamlari bilan farqlanadi.

 

Har bir qaviqning boyligi

Eng hashamatli kashta – zardo‘zlik kashtasidir. Bayram to‘nlari, do‘ppi va teatr pardalari ana shunday serhasham bezaklar bilan bezatilgan. Bunday kashta tikish uchun ishlatiladigan oltin iplar oddiy iplarga qaraganda pishiqroq va qattiqroq bo‘ladi, bu esa murakkab bajarish texnikasini talab qiladi. Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra, zardo‘zlik ilk o‘rta asrlardayoq mavjud bo‘lgan. U Samarqand, Toshkent, Nurota, Shahrisabz, Jizzax va Farg‘ona kabi shaharlarda rivojlangan. Ammo Buxoroda zardo‘zlik hunarmandchiligi Buxoro amiri hukmronligi davrida alohida ko‘lam va shuhrat qozongan. O‘sha paytlarda hukmdorning har bir libosi zarhal iplar bilan mohirona bezatilib, barcha chet ellik mehmonlarning e’tiborini tortgan. Ilgari bu turdagi amaliy bezak san’ati oltin bilan qoplangan iplarni baxmal mato orqali o‘tkazish qiyin bo‘lganligi sababli erkaklar hunari hisoblangan. Biroq keyinchalik, oltin taqlid qilingan iplar ishlatila boshlagach va ular yumshoqroq bo‘lgach, bu hunar ayollarga o‘tgan. Hozir Buxoro fabrikasi zardo‘zlik buyumlariga katta buyurtmalar bilan shug‘ullanmoqda, lekin qo‘l mehnati bilan ishlaydigan xususiy ustalar ham bor.

Ayol to‘qigan gulzor

Gilamdo‘zlik O‘zbekistonda eng ommabop hunarmandchilik turlaridan biridir. Yorqin va rang-barang gilamlar sayyohlar uchun magnit kabi Buxoro va Samarqandning aksariyat diqqatga sazovor joylarini bezab turibdi. Nafis naqshlar hunarmand ayollar tomonidan qo‘lda yaratiladi, bu esa buyumga yanada katta qiymat bag‘ishlaydi. Bunday gilamlar nafaqat polda ishlatiladi, balki dekorativ panno kabi devorlarga ham osib qo‘yiladi.

Abrning kamalak ranglari

Butun dunyoga mashhur matodagi naqsh, ikat, O‘zbekistonda «abr» deb ataladi. Har bir naqsh maxsus dastgohlarda qo‘lda to‘qiladi va bo‘yaladi. Bu mo‘jizakor matoning vatani Marg‘ilon hisoblanadi. Bu hunar sulolalar bo‘ylab yashaydi va O‘zbekistonning nafis madaniyatini butun dunyoga tarannum etadi.

Sopol o‘yinchoqlar

Dunyoga mashhur o‘zbek kulolchiligidan tashqari, mamlakatimiz amaliy san’atida «hushtak» sopol haykalchalari va hushtak o‘yinchoqlari alohida o‘rin egallaydi. Odatda, ular qushlar, hayvonlar va ajdarho kabi afsonaviy qahramonlar shaklida yasaladi. Xalq rivoyatlariga ko‘ra, bu hushtaklardan Navro‘z arafasidagi marosimlarda yomg‘ir chaqirish uchun foydalanilgan. Bu o‘yinchoqlarni yasash bilan ayollar shug‘ullanadi. Eng mashhur ustalar Hamro Rahimova va uning shogirdi Kubaro Boboeva bo‘lgan.

 

foto: Serafim Dim

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin