“Bahor keldi seni so‘roqlab…”
Sadoqat kuychisi Zulfiyaxonim tavalludining 110 yilligi

Salqin saharlarda, bodom gulida,
Binafsha labida, yerlarda bahor.
Qushlarning parvozi, yellarning nozi,
Baxmal vodiylarda, qirlarda bahor...
“Binafsha labida, yerlarda bahor”... Bahorni kelishi bilan beixtiyor shu misralarni takrorlaymiz. Bu bejiz emas, O‘zbekistonda bahor taniqli shoira, yuqoridagi misralar muallifi Zulfiyaxonim Isroilova tavalludi bilan tantana qilinadi. Shoira nafaqat o‘zbek ayollari timsoli, balki butun sharq ayollari nomidan jahon minbarlarida baralla tinchlik, xalqlar do‘stligini tarannum etgan.
Zulfiyaxonim 1915-yil 1-mart kuni Toshkentda tavallud topgan. Va butun umr uni ardoqlagan elning kamolini, sevgi va sadoqatni, o‘zbek ayollarining qalb kechinmalarini kuylab o‘tdi. Uning lirikasi xilma-xil, bir she’rida inson qalbining so‘roqlari, ko‘ngilning g‘ussaga botgan siymosi gavdalansa, boshqasida ko‘klam, bog‘-u bo‘stonlar aks etgan. Ammo bu xilma-xillik shoira ijodiga ko‘rk qo‘shadi, umrning qaysi davrida yuzlansangiz ham hayotiy so‘roqlaringizga javob topadigan mushohadalarga duch kelasiz.
Zulfiyaxonimning ilk she’ri 1931-yilda “Ishchi” gazetasida e’lon qilingan. Uning dastlabki she’riy to‘plami — “Hayot varaqalari” esa 1932-yilda nashr etilgan. Keyingi yillarda shoira “Temiroy” (1934), “Sheʼrlar”, “Qizlar qoʻshigʻi” (1939) kabi kitoblarini chop ettirib, adabiyot olamida o‘z o‘rnini mustahkamladi
Shoira nomi tilga olinganda uning turmush o‘rtog‘i, taniqli shoir Hamid Olimjon haqida so‘z ochmay iloji yo‘q. Taqdir o‘zbek xalqiga ikki zabardast shoir berib, ne baxtki, ularning ko‘nglini chambarchas bog‘ladi. Ijoddagi xayrixohlik umr yo‘llarida ham davom etdi. Ammo shoira turmush o‘rtog‘idan erta ajradi, 1994-yili Hamid Olimjon vafot etdi. 9 yillik turmushidan so‘ng beva qolgan shoira sevgisiga sadoqat bilan yashab o‘tdi. Uni shu sabab ham “Sadoqat kuychisi” deya e’zozlaydilar, muhabbatga to‘la satrlarini ko‘zda yosh bilan o‘qiydilar.
Shoiraning ijodi ayniqsa “Uni Farhod der edilar” (1943), “Hijron kunlarida” (1944) va “Hulkar” (1947) to‘plamlari bilan yanada yuksak darajaga erishdi. Xususan, Hamid Olimjonning bevaqt vafotidan so‘ng yozilgan, chuqur ruhiy iztirob va ichki kechinmalar bilan yo‘g‘rilgan she’rlari uning ijodida tub burilish yasadi. Shoira bu asarlar orqali nafaqat o‘z dardini, balki Ikkinchi jahon urushi sababli katta yo‘qotishlarga uchragan xalqning alam va iztiroblarini ham tarannum etdi.
Bu ijodiy kamolot keyingi yillarda ham davom etdi. “Visol” (1972) va “Yillar, yillar…” (1975) she’riy to‘plamlari, Oybek xotirasiga bag‘ishlangan “Quyoshli qalam” (1970) dostoni shoira iste’dodining badiiy cho‘qqisiga yetganini yaqqol namoyon etdi.
Zulfiyaxonim tarjima sohasiga ham katta hissa qo‘shgan. U Pushkin, Lermontov, Nekrasov, Voqif, Ukrainka, Dilboziy, Kaputikyan, Ognetsvet, Amrita, Bagryana kabi mashhur shoirlarning asarlarini o‘zbek tiliga tarjima qilgan. Uning she’rlari esa rus, tojik, qozoq, qirg‘iz, turkman, uyg‘ur, ingliz, fransuz, nemis va xitoy tillariga o‘girilgan.
Shoira uzoq yillar “Saodat” jurnalida bosh muharrir vazifasida faoliyat yuritgan. Ushbu jurnal, ayniqsa, mustaqillik yillarida ijtimoiy hayotda faol o‘zbek ayollarining chinakam minbariga aylandi. Bugungi kunda ham faoliyat yuritayotgan jurnal ayollarining ma’naviy kamoloti, yosh-xotin qizlarimizning jamiyatda yangilanib borayotgan o‘rni haqida yozsa, ELLE O‘zbekiston nashri mamlakatning eng ilg‘or ayollari haqida hikoya qiladi, ruhlantiruvchi maslahatlar beradi, go‘zallik va moda olami bilan yaqindan tanishtiradi. Har ikki jurnal ham Zulfiyaxonim orzu qilgan o‘zbek ayoli timsolini tatbiq etish, jamiyatimizda xotin-qizlarning muhim rolini ta’kidlashga qaratilgan keng ko‘lamli ijodiy ishlarni yoritib kelmoqda.