Bahorgi pardoz: sinab ko‘rishga arzigulik trendlar

Bu mavsumda nimalar dolzarb?

17 Apr 2025
fotо: instagram \ @nikki_makeup

Bahor kelishi bilan pardoz o‘zgaradi va tabiiylik birinchi o‘ringa chiqadi. Murakkab va yorqin ko‘rinishlar ortga chekinib, soddalik hamda tarovatga yo‘l ochadi, 90-yillarga bo‘lgan yengil sog‘inch bilan. ELLE O‘zbekiston uchun maxsus vizajist Zahar Grinov bahorgi pardoz yo‘nalishlarini ochib beradi hamda zamonaviy obraz yaratish bo‘yicha maslahatlar bilan o‘rtoqlashadi.

“Pardozsiz pardoz”

Namlangan, porloq teriga urg‘u beruvchi tabiiy pardoz yo‘nalishi bizga Osiyodan kirib kelgan va yildan-yilga ommalashib bormoqda. K-pop ijrochilari va koreys kosmetika brendlari bizni qalin qatlamli tonal vositalar, aniq qosh chiziqlari va yorqin ranglarga murojaat qilmasdan o‘zlarining tabiiy go‘zalliklarini qanday ta’kidlash mumkinligiga ilhomlantirmoqda. “Pardozsiz pardoz”ning jozibasi uning g‘oyat yengil va soddaligida – eng muhimi, uni jurnal muqovasidagidek ko‘rinishda mustaqil ravishda takrorlash osonligidadir.

fotо: spotlight \ zimmerman

Rumyana – bizning bor-u yo‘g‘imiz

Rumyana har doimgidek pardozning eng muhim elementi bo‘lib qolmoqda va bu mavsumda u haqli ravishda urg‘uga aylanmoqda. Uni yanada ko‘proq miqdorda qo‘llashdan qo‘rqmang! Yangi va tabiiy ko‘rinish yaratish uchun yumshoq, mayin ranglarni tanlang – pushti yoki shaftoli rangli rumyana yuzga sog‘lom qizillik va tabiiy yorqinlik beradi. Bu mavsumda rumyanani nafaqat yanoqlarga, balki qovoqlarga ham qo‘llash mumkin, bu esa pardozga yengillik va uyg‘unlik baxsh etadi. Bu usul nigohga yorqinlik va ifodalilik beradi, shuningdek, yonoqlarni ta’kidlab, yuzga hajm hamda tarovat qo‘shadi.

fotо: instagram \ @patrickta

Rangli tush

Rangli tush – bahorning haqiqiy xiti! Nega endi faqat qora rang bilan cheklanish kerak? Tushning yorqin tuslari nafaqat ko‘z rangini ta’kidlaydi, balki ayniqsa rangli ko‘z qalami bilan birgalikda sizning qiyofangizning yorqin urg‘usiga aylanadi. Hiylalardan biri – kipriklarni vizual ravishda uzaytirish va pardozni yanada tabiiyroq ko‘rsatish uchun qora tush ustiga rangli kiprik bo‘yoq surtish. Ko‘pchilik rangli kiprik tushning barcha afzalliklarini yetarlicha baholamadi va bu haqiqatan ham qo‘ldan boy berilgan imkoniyat! Masalan, bordo rangi har qanday rangdagi ko‘zlarni mukammal ta’kidlab, nigohga sirlilik va teranlik baxsh etadi.

fotо: Spotlight \ KNWLS

Monotenlar

Agar ko‘zlarga urg‘u berish sizning sevimli uslubingiz bo‘lsa, yorqin yoki tabiiy ranglardagi bir rangdagi ko‘z tenlari bu mavsumda albatta bo‘lishi kerak. Alvido, ko‘p rangli paletkalar! Hozirda bir nechta monotenlar urfda bo‘lib, ular bilan bir xil rangda pardoz yaratish mumkin. Yorqin va to‘yingan ranglardan tortib, kundalik obrazlar uchun juda mos keladigan muloyim tabiiy ranglargacha bo‘lgan oraliqda ranglarni tanlashda erkinlikni his eting. Bir rangdagi ten sizga tajriba o‘tkazish va aynan sizga mos keladigan uslubni topish imkonini beradi.

foto: instagram \ @nikki_makeup

Dadil ko‘z chiziqlari

Ko‘z chiziqlari eskilik sarqiti emas va ular urfdan qolmaydi! Ko‘z qalami bilan pardozni yaxshi ko‘radiganlar xavotir olmasa ham bo‘ladi – ko‘z chiziqlari hali ham klassika. Bahorda o‘ta murakkab shakllarni unutib, oddiy va tartibli chiziqlarni afzal ko‘ring. Ranglar bilan esa bemalol tajriba o‘tkazish mumkin – yorqin, to‘yingan ko‘z chiziqlari sizning qiyofangizga yangilik va o‘ynoqilik qo‘shadi. Dadil bo‘lishdan qo‘rqmang!

fotо: instagram \ @nikki_makeup

90-yillar uslubidagi lablar

90-yillar uslubi yana urfda va bu pardoz sumkangizni yangilash uchun ajoyib imkoniyat. Issiq jigarrang va sarg‘ish tusdagi tabiiy lab qalamlari zaxirasini to‘ldirish vaqti keldi. Ushbu yo‘nalish bizni Pamela Anderson kabi mashhur yulduzlar davriga qaytaradi va markazga silliq tarqaladigan o‘sha aniq lab konturini qayta yaratishga imkon beradi. Bunday yondashuv har qanday shakldagi lablar uchun juda mos keladi. Agar lablaringiz yupqa bo‘lsa, konturdan biroz chiqib ketishdan qo‘rqmang, bu vizual hajm yaratadi. Asosiysi, sun’iy lab ta’sirini hosil qilmaslik uchun haddan oshmaslik kerak.

fotо: instagram \ @nikki_makeup

Maqolani baham ko'ring

Related articles