Balzam yoki konditsiyoner: Mukammal parvarish sirlari
Sochlar sog’lig’i va go‘zzaligi uchun eng yaxshi vositani qanday tanlashimiz mumkin
Sochlar go‘zalligi bir nechta omillarga bog‘liq. To‘g‘ri ovqatlanish ham, to‘g‘ri tanlangan sochlar parvarishi ham juda muhim. Soch parvarishi bo‘yicha mutaxassislar shampun, balzam, konditsioner va niqob kabi vositalarning to‘liq to‘plamini olishni tavsiya qiladi. Ularning fikricha, ushbu vositalar birgalikda ishlatilsa, samarali natijani beradi. Shampun va niqoblarning vazifasi haqida ko‘pchilik yetarli ma’lumotga ega. Ammo balzam va konditsionerlar o‘rtasidagi farqni hamma ham bilmaydi. Ba’zilar umuman bu mahsulotlarning farqiga bormaydi. ELLE O‘zbekiston ikki xil mahsulot orasidagi farq haqida gapirib beradi
Chuqur tiklanish
Sochlar balzami bu – soch tolalarini ichkaridan tiklashga va oziqlantirishga qaratilgan kosmetik mahsulot.
Balzam soch tolalariga ich-ichidan kirib borib, sochlarni namlantiradi, oziqlantiradi va mustahkamlaydi. U nafaqat sochlarni tiklashga, balki soch terisini ham yaxshilashga ham yordam beradi.
Shuning uchun uni sochga surgandan keyin, 2-3 daqiqa ushlab turishning o‘zi kifoya. Balzamdan foydalanishning yana bir afzalligi shundaki, u sochni ultrabinafsha nurlaridan himoya qiladi.
Ko‘pincha balzamlar tarkibiga yog‘lar (argan, jojoba, kokos, palma yog‘i), oqsillar (ipak, keratin), B va E vitaminlari, o‘simlik ekstraktlari kabilar kiradi. Yog‘lar namlantiradi, oziqlantiradi, tiklanishni ta’minlaydi. Protein (oqsil)lar sochlarni mustahkamlab, baquvvat qiladi. O‘simlik ekstraktlari sochlarni namlantiradi va tashqi zararli ta’sirlardan himoya qiladi. Vitaminlar esa sochlarni oziqlantiradi, soch o‘sishini tezlashtiradi va sochlar to‘kilishining oldini oladi.
Tez ta’sir ko‘rsatish
Soch konditsioneri – sochning tashqi holatini yaxshilash, tarashni osonlashtirish va sochlarga jilo beradigan parvarish vositasidir.
Konditsioner soch ichidagi foydali komponentlarni qoldiradi. Shuningdek, u asosan yuza qismda ishlagani sababli, uni balzamdan keyin ishlatish kerak. Konditsionerni sochlarda atigi bir daqiqa ushlab turish yetarli.
Silikonlar, yog‘lar (shi yog‘i, avokado, jojoba) proteinlar (ipak, bug‘doy), B va E vitaminlari konditsionerning mihim tarkibiy qismlaridan hisoblanadi. Silikonlar jilo va silliqlikni beruvchi himoya qobig‘ini hosil qiladi. Qolganlari esa balzam nima vazifani bajarsa, shuni bajaradi.
Qanday qilib to‘g‘ri ishlatish lozim
Balzamni soch ildizlaridan tashqari butun uzunligi bo‘ylab tarqatiladi. Sochning turiga qarab bir necha daqiqaga qoldiriladi. Keyin yaxshilab yuvib tashlanadi.
Konditsioner ham balzam kabi surtiladi. Taxminan bir daqiqa ushlab turib, keyin suv bilan yaxshilab yuvib tashlanadi.
Ikkala vositani ham muntazam parvarish qilish uchun birgalikda ishlatilish mumkin: avval shampun, keyin balzam, keyin konditsioner. Ana shunda sochlar sog‘lom va chiroyli ko‘rinishga ega bo‘ladi.
Tanlov bo‘yicha tavsiyalar
Mavjud tafovutga qaramay, ma’lum bir farqni aniqlash qiyin. Ayniqsa, vosita tarkibidagi formulalar deyarli bir xil bo‘lganda. Agar sizga sochlaringizni chuqur tiklash kerak bo‘lsa, namlantirish va oziqlantirish uchun sochingizni bo‘yagandan so‘ng balzam ishlating, yengilroq parvarish uchun esa konditsionerni ishlatishingiz lozim.
Albatta soch turingizni ham hisobga oling. Chunki formulalar biroz bo‘lsa ham farqlanadi. Sochlaringizga muntazam oziqlantirish, namlantirish kerakmi yoki ular shikastlangan va quruqmi? Sochingizga mos balzamni tanlab, uni haftada 2-3 marta ishlating.
Soch tolalari kamroq shikastlanganlar uchun konditsioner ishlatish samaraliroq. Konditsionerni har safar shampundan keyin ishlatishingiz mumkin. Bu parvarishning yakuniy bosqichidir.