Beshik – an’anaviy belanchak
Sharq bolalarining ilk uyi haqida hikoya
Markaziy Osiyo mamlakatlarining aksariyatida azaldan chaqaloqning «birinchi uyi» beshik deb atalgan. Bu an’anaviy uy-ro‘zg‘or buyumi hozirgi kunga qadar ham yasab kelinmoqda. Beshikning har bir qismi va naqshi muqaddas ma’noga ega.
Beshik tut, terak yoki tol daraxtidan tayyorlanadi. U yarim oy shaklidagi asosga va yuqori tomondan yoysimon arkalarga ega. Yarim dumaloq asosi tufayli beshikni yengil harakatlar bilan tebratish mumkin. Shuni ta’kidlash kerakki, beshikning tuzilishi shu darajada mukammal ishlanganki, unda unda bir dona ham mixdan foydalanilmaydi. Chizmalar va muhandislik hisob-kitoblari hech kim tomonidan yozib borilmaydi. Beshik yasash bo‘yicha bilimlar ustadan shogirdga avloddan-avlodga o‘tadi. Bunday ustalar beshiksozlar deb ataladi.
Agar beshik sovg‘a sifatida taqdim etilsa, o‘rtadagi yog‘och (dasta) yorqin tabiiy ranglar bilan bo‘yaladi. Ko‘pincha bu ko‘zni quvnatuvchi sariq, qizil va yashil ranglar bo‘ladi. Har bir naqsh chaqaloqning ko‘rish reaksiyasini rivojlantirish uchun mo‘ljallangan.
Oddiy beshiklar uchun esa rang-barang bezaklar ishlatilmagan – yog‘och faqat lak bilan qoplangan.
Yassi asos – ravoqning o‘rtasida maxsus teshik mavjud bo‘lib, unga gigiyenik idish joylashtiriladi. Shunday qilib, beshikda yotgan chaqaloq quruq va toza holda qoladi. Beshik ustiga chiroyli to‘r yopiladi, sovuq kunlarda esa issiq ko‘rpa tashlanadi. Xavfsizlikni ta’minlash va chaqaloqning qo‘llarini ko‘tarib o‘zini uyg‘otib yubormasligining oldini olish uchun, uni yo‘rgaklab beshikka mahkamlab qo‘yishadi.
An’analarga ko‘ra, beshik chaqaloqning «ilk uyi» sifatida yaratilgan bo‘lib, u tashqi dunyoga — iliqlikda, mahkam o‘ralgan holda va onasining mehrga to‘la “alla” sadosi ostida moslashishi uchun yaratilgan. Alla – xalq og‘zaki ijodi namunasi. Og‘izdan og‘izga, avloddan-avlodga ertaklar kabi uzatiladi. Ularda bolaga bo‘lgan mehr-muhabbat, unga chiroyli va baxtli hayot tilash, shuningdek, onaning Yaratgandan uni doimo muhofaza qilishi uchun iltimoslari kuylanadi.