Biz – bu nima iste’mol qilayotganimizdir
To‘g‘ri ovqatlanish - salomatlik garovi
Sog‘lom teri tananing umumiy holati, uning to‘g‘ri ishlashining ko‘rinishidir. Bu jarayonda esa to‘g‘ri ovqatlanish muhim ahamiyatga ega. Bu qanday ishlaydi? Hammasi juda oddiy. Teri teshiklar orqali toksinlarni chiqarganligi sabab, noto‘g‘ri ovqatlanish terida toshmalar va qizarishlar keltirib chiqarishi mumkin.
Yallig‘lanish, quruqlik, terining xiralashishi, erta ajinlar tushishi, bularning hammasi tanani bezovta qiladigan zararli mahsulotlarni muntazam ravishda iste’mol qilish natijasidir. Keling, teriga yomon ta’sir qiluvchi ovqatlanishning asosiy muammolarini ko‘rib chiqamiz va ular bilan qanday kurashish kerakligini bilib olamiz.
Salqigan ko‘zlar va terining kulrang tusga kirishi
Shirinliklarni haddan ziyod yeyish teridagi noxush holatlarga olib keladi. Shakarni mukkasidan ketib iste’mol qilish salqigan ko‘zlarga, terida husnbuzarlar va yallig‘lanishlar paydo bo‘lishiga, terining yupqalashishiga va kulrang tus olishiga olib keladi.
Shakarni ko‘p iste’mol qilish glikatsiyaga olib keladi, bu jarayon esa terida kollagenni qattiq va egiluvchan qiladi, bu terining elastikligini kamaytiradi, ayniqsa ko‘z ostida. Shu bilan birga, shakar insulin va kortizolni oshiradi. Bu esa terining yallig‘lanishiga va teri rangining xiralashishiga olib keladi. Natijada terida, ayniqsa ko‘z ostida elastiklik yo‘qoladi.
Tavsiyalar: shakarni iste’mol qilish miqdorini cheklang. Qoshlaringiz holatiga e’tibor bering. Ingichkalashgan qoshlar buyrak usti bezlari charchashining belgisi ham bo‘lishi mumkin. Ovqatlanish jarayonini yaxshilashingiz, teringiz salomatligini tiklashga va yallig‘lanish darajasini pasaytirishga yordam beradi.
Husnbuzarlar va shishgan qovoqlar
Sutli mahsulotlarni iste’mol qila olmasligingiz ham darhol yuzingizda aks etadi. Uning yana boshqa belgilari bu – shishgan qovoqlar, solqigan ko‘zlar, iyakdagi husnbuzarlardir.
Yosh o‘tgan sari, tana laktozani hazm qilish uchun zarur bo‘lgan fermentlarni yo‘qota boshlaydi. Bu esa gormonal muvozanatning buzilishiga va yallig‘lanishga olib keladi. Sutli mahsulotlar jinsiy gormonlar muvozanatini buzishi, teshiklarni to‘sib qo‘yishi va ayniqsa iyak sohasida husnbuzarlar paydo bo‘lishiga olib keladi.
Tavsiyalar: laktozasiz sutga o‘ting yoki sutli mahsulotlar iste’mol qilishni uch haftaga kamaytiring. Shunda teridagi o‘zgarishlarni sezasiz.
Shish va yuzdagi dog‘lar
Bug‘doy, javdar va arpa tarkibidagi glyuten mahsulotlari tanasi qabul qilmaydigan odamlarda yallig‘lanishni keltirib chiqarishi mumkin. Bu esa yuzning shishiga va iyak atrofida dog‘larning paydo bo‘lishiga olib keladi.
Tavsiyalar: Ovqatlanish ratsionidan glyutenni chiqarib tashlang, Shishni kamaytirish va terining yorqin tus olishi uchun ko‘proq suv iching va oqsillarga boy mahsulotlarni iste’mol qiling.
Terining qizarishi va quruqligi
Spirtli ichimliklarni ko‘p ichish terining holatida sezilarli o‘zgarishlarga olib kelishi mumkin. Asosiy alomatlari: yonoqlar, burun va qoshlar orasida qizarishlar paydo bo‘ladi. Spirtli ichimliklarni haddan ziyod iste’mol qilishning boshqa belgilari bu – ko‘z qovoqlarining osilishi, teshiklarning kengayishi, ko‘rinadigan kapilyarlari bilan terining suvsizlanishi, burun va lab atrofidagi terida burmalar paydo bo‘lishida namoyon bo‘ladi.
Spirtli ichimliklar terini suvsizlantiradi. Bu esa yuzda ajinlar paydo bo‘lishiga olib keladi. Bu ayniqsa, burun va lab atrofidagi sohada yaqqol ko‘zga tashlanadi. Spirtli ichimliklarda shakar miqdori ko‘p bo‘lganligi uchun terining elastikligini ta’minlaydigan kollagenni parchalaydi. Umuman olganda, barcha spirtli ichimliklar yallig‘lanish bilan kurashish uchun zarur bo‘lgan fermentlarni yo‘q qiladi va terining yuzasida qon oqishini keltirib chiqaradi. Bu esa kapilyarlarning kengayishiga va yuzning qizarishiga olib keladi.
Tavsiyalar: ichakni tiklash uchun vaqt bering. Buning uchun esa, spirtli ichimliklarni iste’mol qilishdan bir muddat cheklaning. Keyinchalik esa shakar miqdori past bo‘lgan ichimliklarni tanlang yoki spirtli ichimliklardan butunlay voz keching.
Teringizning holati sizning ovqatlanishingiz va sog‘lig‘ingizning umumiy holati haqida ko‘p narsalar aytishi mumkin. Menyuingizga ozuqaviy moddalarga boy mahsulotlarni kiriting va ovqatlanishga oid yomon odatlarni tark eting. Bu esa teringizning tashqi ko‘rinishini yaxshilaydi. Go‘zallik ichki tomondan, ovqatlanish haqida g‘amxo‘rligingiz esa yorqin va sog‘lom teriga qo‘yilgan ilk qadam ekanligini esda tuting.