Boho uslubi, «Miss Amerika» va Nyu-York Moda haftaligidagi glamurning yangi talqini
Bu mavsumda Nyu-York moda haftaligi qanday tus oldi

Sentyabr oyi kelishi bilan moda olami yangi mavsum boshlanishini intiqlik bilan kuta boshlaydi. Anʼanaga ko‘ra, "katta to‘rtlik" orasidan birinchi bo‘lib Nyu-Yorkda moda haftaligi start oldi. U qanday kayfiyatda boshlanib, qay tarzda o‘tishini 70-yillarning oxirida o‘sha davrning va erkinlikning ramziga aylangan afsonaviy "Studio 54" klubini hayotga qaytargan Valentino Beauty kechasi belgilab berdi.
Biroq, Nyu-York moda haftaligi burilish nuqtasida turibdi. Bu mavsumda namoyish taqvimlarining ikkitasidan faqat biri qoldi, brendlarning baʼzilari esa to‘plamlarini bu taqvim doirasidan tashqarida taqdim etishni maʼqul ko‘rishmoqda. O‘zgarishlarning haqiqiy ko‘lami fevral oyida aniq bo‘ladi, hozircha jadval qisqartirilganining guvohiga aylanyapmiz, bu bo‘lsa sanoatdagi inqirozdan dalolat qiladi.
Aynan bunday sharoitda ilk kunlarning asosiy to‘plamlari alohida ahamiyat kasb etadi va biz ular haqida batafsil maʼlumot beramiz:
Michael Kors
Millionlarning sevimli brendi bo‘lgan Michael Kors boho uslubini zamonaviy shahar nafosati nuqtayi nazaridan talqin etdi. To‘plam uchun och jigarrang tusga yaqin bo‘lgan tuya rangi, fil suyagi, bo‘g‘iq pushti, kulrang va qora ranglar palitrasi tanlangan bo‘lib, liboslarning bu ranglari insonga xotirjamlik, qalbga iliqlik beradi. Aniq siluetlar o‘rniga dizayner yumshoq shakllarni afzal ko‘rgan, bu keng shimlar va ko‘ylaklar, hilpirab turuvchi liboslarda namoyon bo‘ldi. Uzun etaklar va ko‘p qavatli matolar to‘plamga nafis hashamat va yengillik baxsh etdi. Aksessuarlarga ham alohida e’tibor qaratildi: odatiy sumkalar o‘rnini uzun zanjirlar va kamarga taqiluvchi hamyonlar egalladi. Bu esa odatiy obrazlarni yana-da yorqin ko‘rsatdi. Kors sayohatlar va yovvoyi tabiatdan ilhomlangani shoyi chakmonlar, yumshoq baxmalsimon charmdan ishlangan ko‘ylaklar va qulay kostyumlarda o‘z aksini topdi. To‘plamda Marokashdagi quyosh botishi va Bali manzaralariga nozik ishoralar megapolis ritmi bilan uyg‘unlashib ketgan.
Norma Kamali
Norma Kamali 70-yillar estetikasini zamonaviy quvvat va dabdaba bilan uyg‘unlashtirdi. To‘plamda qomatni quchoqlab turuvchi kombinezonlar, burmali ko‘ylaklar va chuqur o‘yindili cho‘milish kiyimlari mavjud. Metall tusli laykra, pistonlar va yaltiroq matolar kishini disko muhitiga cho‘mdirsa, yengil yopinchiq va plashlar bois inson o‘zini teatr sahnasida yurgandek sezadi. Ko‘zni quvontiruvchi rang palitrasidan tillarang, kumushrang, pushti, fuksiya, qizil va qora ranglar o‘rin olgan. Bu yorqinlik Kamali tasavvuridagi o‘ziga ishongan va maftunkor ayolning jasur tabiatini ko‘rsatib beradi. Liboslar ayolni aniq bir chegaralar bilan cheklamaydi, o‘zini erkin namoyon qilish imkonini beradi va Nyu-Yorkning haqiqiy ruhini aks ettiradi.
Alexis Bittar
Alexis Bittar brendi teatrlashtirilgan ijtimoiy shou ko‘rsatib, tomoshabinlarni xayolan 90-yillarga sayohat qildirdi. Dizayner uchun mashhur filmlar ilhom manbai bo‘lib xizmat qildi. Bular: Devid Linchning sirli "Ko‘k baxmal"idan tortib "Joniga qasd qilgan bokira qizlar"ning nozik qayg‘usi va Kubrikning "Ko‘zlarni katta yumib" maskaradigacha bo‘lgan kinokartinalardir. Hikoyaning markazida — “Miss USA 1991” tanlovi bo‘lib, mazkur musobaqa beg‘uborlik va jamiyat bosimi o‘rtasidagi kurashning ramziga aylantirilgan. Bunda moda tadbiri tashkilotchisi patriarxal hokimiyatni, tanlov ishtirokchilari esa erishib bo‘lmaydigan standartlarga moslashishga majbur bo‘lgan qizlarni ifodalaydi. Tomoshabinlar bo‘lsa kuzatadigan, baholaydigan va oxir-oqibat befarq qoladigan mehmonlar rolini o‘ynaydi. Har bir ishtirokchi hozirda transgenderlar huquqlari xavf ostida bo‘lgan shtat vakili sifatida tanlangan. Liboslar qarama-qarshiliklar asosida yaratilgan, bunda yumshoq shakllar aniqlari bilan, nozik fakturalar esa ko‘zga tashlanadigan aksentlar bilan uyg‘unlashadi. 1990-yillar boshidagi minimalizm 1980-yillar oxiridagi yorqin energiya bilan uyg‘unlashib ketgan to‘plamda aksessuarlar asosiy urg‘u sifatida xizmat qiladi: mayin siren va moviy lyutsit, shaffof plastikdan art-obyekt sifatida ishlangan elementlar oltin detallar bilan to‘ldirilgan.
Area
Nikolas Aberning brend uchun yaratgan debyut to‘plami dalil yondashuvi bilan ajralib turdi. U Area brendi DNK sini saqlab qolgan holda, kundalik qiyofaga mos obrazlarni taqdim etdi, shu bilan birga konsepsiyaga xos fantastik yechimlardan voz kechmadi. Kunduzgi kiyimlar safiga atlas matosida tikilgan yelkasi ochiq xudilar, braga urg‘u beruvchi shaffof toplar va smoking detallariga ega shimlar kiritildi. Abern brendning o‘ziga xos uslubi hisoblangan denimga ham e’tibor qaratib, uni kutilmagan talqinlarda namoyish etdi, bular: kristallar bilan bezatilgan jinsilar-u, denim shimlardan yaratilgan oqshom liboslari. To‘plamning ikkinchi qismi ham hayratlantirish borasida birinchisidan qolishmadi: kristal bog‘ichli ko‘ylak, ulkan kumushrang pistonlar va rang-barang popuklar hamda tasmalardan yig‘ilgan liboslar - Nyu-York brendining podiumdagi g‘aroyib telbaligiga aylandi.
Theory
Brend kundalik uslub tushunchasiga yangi ma’no berib, uni ortiqcha qiyinchiliksiz erishish mumkin bo‘lgan nafosat shaklida talqin etdi. Bu kichik detallarda mujassam bo‘lgan o‘ziga xos sokin hashamatdir. Siluetlar ancha yumshoq, ranglar bo‘lsa vaqtda toblangandek xiraroq tusga ega. Liboslar ham qulay, ham jozibasini yo‘qotmagan. Jaketlar ortiqcha konstruktiv elementlardan xoli: yelkalar ancha yengillashgan, harakatni cheklamasligi uchun astarlar ham olib tashlangan. Kostyumlarni trikotaj bilan uyg‘unlashtirish taklif etilgan, bu esa rasmiyatchilik chegaralaridan chiqib, obrazga zamonaviy ko‘rinish beradi. Matolar ham puxtalik bilan tanlangan, poplin, paxta va zig‘ir matosidan ishlangan chinos shimlar yozgi garderobning asosini tashkil etadi. Shakllar sodda bo‘lsa-da, ehtirosli hissiyotlarga yengil ishora qiladi. To‘plamda 1990-yillar modasidan to‘g‘ridan-to‘g‘ri iqtibos keltirilmaydi, balki uning yengil nafasi seziladi, bu esa liboslarda retro-ko‘rinishdan biror darak yo‘q, degani. Zig‘ir matosidan tikilgan ansambllar va to‘rli aksentlar pishiqlik xususiyatini yo‘qotmagan holda yengil, nozik va zamonaviy ko‘rinish beradi. Ko‘ylaklar va alohida buyumlar esa garderobga shu darajada mos tushadiki, ularni to‘plamdagi liboslar bilan osongina uyg‘unlashtirish mumkin.
Fforme
Kornuoll va Yangi Zelandiya okean sohillaridan ilhomlanib yaratilgan yangi to‘plam quyosh, suv va yer unsurlariga e’tibor qaratadi. Kiyimlarda shahardan tabiat qo‘yniga qochish g‘oyasi sof shakllar va taktil jihatdan yoqimli bo‘lgan matolar orqali ifodalangan. Rang palitrasi yashil bronza, slanes, qum va suyak ranglaridan iborat. Rezinadan haykaltaroshlik asari misol ishlangan elementlar serfing kiyimlarini eslatsa, ko‘zgu kabi jilokor liboslar qomat bo‘ylab suv misoli oqayotganga o‘xshaydi. Matolar ustida esa turli tajribalar o‘tkazilgan: g‘ijimlangan, silliqlangan va metall bilan qoplangandek ishlov berilgan matolari bois yorug‘lik liboslar yuzasida ajoyib tarzda aks etadi. Asosiy liboslar qatoridan yaltiroq ip gazlamasidan tikilgan kostyum, orqasi ochiq ko‘ylak, mikro-plisseli top va zig‘ir matosidan ishlangan to‘g‘ri bichimli shimlar o‘rin olgan. Qora charm aksent sifatida tanlanib, kamarlar va burmalar detaliga aylangan. Yengil shoyi va ip gazlamasi ishchi kiyimini qayta talqin qilib, unga o‘ziga xos ko‘rinish va nafislik baxsh etgan. Alba Navarroning ishlatilgan torlardan yasalgan zebu-ziynatlari obrazlarni to‘ldiruvchi yoqa va ziraklarga aylangan.
Azzopardi Studio
Nyu-York moda haftaligi rasmiy taqvimining debyutanti 1970-yillar gamurini zamonaviy dadillik nuqtayi nazaridan qayta talqin qildi. "Step into Hotel Azzopardi" to‘plami sizni vaqt billur qandillar shu’lasi ostida to‘xtab qolgan xayoliy mehmonxona sari yetaklaydi. Bu yerda uniseks kostyumlar harir oqshom liboslari bilan almashadi, keng soyabonli shlyapalar esa butun to‘plam yo‘nalishini belgilab beradi. Noyob liboslar qo‘lda tikilgan nafis kashtalar bilan bezatilgan va brend mahoratini namoyon etuvchi detallar bilan boyitilgan. Bu yerda har bir obraz nafaqat uslubning ifodasiga, balki shaxsiy tarix hikoyachisiga aylanadi.
Meruert Tolegen
Shakllarni buzuvchi uslub va romantik ayollik jozibasi o‘rtasidagi ajib uyg‘unlik brend yangi to‘plamining o‘ziga xos uslubi. Unda fil suyagi ranglari va to‘q qora rang ustuvorlik qiladi, bu keskinlik va muloyimlik o‘rtasidagi tafovutga urg‘u beradi. Tanaga yopishmagan va mayinlik ila yo‘g‘rilgan shakl-shamoyillar o‘ziga xos yengillik va nafislikni saqlab qolgan. Burmalar va urg‘uli korsetlar bois to‘plam Viktorian davri estetikasini zamonaviy talqinda taqdim etadi. Har bir obraz tugal ko‘rinadi, barcha liboslar to‘plam so‘zlab bermoqchi bo‘lgan hikoyaning bir qismiga aylanadi. Ayollik jozibasi aniq romantikada emas, balki shakllarning me’moriy aniqligi va hissiy chuqurligida namoyon bo‘ladi. To‘plam Meruert Tolegen falsafasini aks ettirib, vazminlik va ehtirosni bir butunlikda mujassamlashtiradi.