Bridjit Bardo
Ozodlik, go‘zallik va hayvonlar huquqlari uchun kurash ikonasi
U erkaklarni aqldan ozdirar, dizaynerlarni ilhomlantirardi va mavjud bo‘lgan barcha qoidalarni buzardi. Isyonkor va go‘zal. Bridjit Bardo nafaqat kino olamini portlatgan, balki erkinlik va jasorat timsoli bo‘lgan ayoldir. «Agar bu haqiqat meni aks ettirmasa, men haqimda nima deyishgani bilan ishim yo‘q» – shunday so‘zlar bilan u o‘z dunyosini yaratib, stereotiplar doirasidan chiqdi. Ammo timsol siymosining ortida nafaqat isyonkor va vasvasaga soldigan, balki chin dildan ishongan narsasi uchun kurashishga tayyor ayol borligini kamdan kam odam bilardi.
Dastlabki yillar va shiddatli parvoz
Bridjit Anne-Marie Bardo 1934-yil 28-sentyabrda Parijda burjua oilasida tug‘ilgan. Ota-onasi unga an’anaviy qadriyatlarni singdirgan. Bridjit yoshligidan balet bilan shug‘ullangan va raqqosa bo‘lishni orzu qilgan.Biroq uning orzu-umidlari ro‘yobga chiqmadi, chunki hayot yosh go‘zal qizaloqqa bundan-da qiziqarliroq taqdir tayyorlab qo‘ygandi. 15 yoshida Bardo Elle moda jurnalining muqovasida paydo bo‘ldi, bu darhol kino ijodkorlarining e’tiborini tortdi.
Natija o’zini ko’p kuttirmadi va 1952-yilda Bridjit Bardo bir nechta e’tiborga sazovor bo‘lmagan filmlarda rol o‘ynab, kinoda debyut qildi. Biroq, 1956-yilda Roje Vadimning «Xudo ayolni yaratdi» mumtoz kartina chiqishi bilan yosh parijlik ayolning hayoti butunlay o‘zgardi. Ushbu film nafaqat shov-shuvga aylandi, balki ayol jinsiy hayoti haqidagi tasavvurda inqilob qildi, Bardo esa go’zallik va erkinlikning timsoliga aylandi.
«Men oltin qafasdagi qushga o‘xshardim. Shon-shuhrat menga juda tez keldi va men unga qanday dosh berishni bilmasdim,» – deb eslaydi Bardo o‘sha yillar haqida. Bridjit doimo o‘zining mashhurligiga qarshilik ko‘rsatib, yulduzlar hayoti stereotiplarini emas, erkinlik va mustaqillikni afzal ko‘rgan. Uning erksevar qalbini har xil cheklovlar chulg‘ab olgandi.
Merosga aylangan uslub
Bridjit Bardoning tabiiy go‘zalligi va soddaligi o‘sha davrga bir nafaslik musaffo havo olib kirdi. Gollivud jimjimiadorligi va ideallashtirilgan ayol obrazidan farqli o’laroq, Bardo modaga tabiiy ko’rinishni kiritdi: minimal pardoz, to’zg’igan sochlar va erkin kiyim uslubi.
Kann kinofestivalida u kiygan afsonaviy bikini ayollar inqilobining ramziga aylandi. Bridjit hanuzgacha dizaynerlarni ilhomlantiradigan boho-shik uslubining badiiy obraziga aylandi.
«Men hech qachon ideal bo‘lishni xohlamaganman. Men har doim o‘zligimcha bo‘lishni xohlaganman,» – dedi u bir kuni. Aynan shu samimiylik butun dunyo bo’ylab millionlab odamlarni maftun etdi va jalb qilishda davom etmoqda.
Gollivudga qarshi isyon
Butun dunyoga mashhur bo‘lishiga qaramay, Bridjit hech qachon Gollivudga intilmagan. Uning rollari ko‘pincha jozibali go‘zallarning stereotiplaridan iborat bo‘lib, bu aktrisaning o‘zi uchun ziddiyatli edi va u har doim kattaroq narsani orzu qilardi. Bardo ziddiyatga bordi va o‘zligini saqlab qolgan holda Amerika kinosi qoidalariga ko‘ra o‘ynashdan bosh tortdi. U Oskarni qo’lga kiritish poygasida ishtirok etmadi va jozibali standartlarga bo‘ysunmadi.
«Menga hech qachon Gollivud yoqmagan. Men u yerda sun’iylik, yolg’on va shon-shuhrat poygasini ko‘rdim. Men esa har doim oddiy Bridjit bo‘lishga intilardim.»
Kinodan ketish va hayvonlar huquqlari uchun kurash
1970-yillarning boshlarida, o‘z faoliyatining eng yuqori cho‘qqisida, Bridjit kutilmaganda kino sanoatini tark etdi. Uning ketishi muxlislar uchun haqiqiy zarba bo‘ldi, ammo aktrisaning o‘zi kinoda qo‘lidan kelgan hamma narsani qilganini his qildi. Buning o‘rniga u o‘zini yangi ishga – hayvonlar huquqlarini himoya qilishga bag‘ishladi.
«Men kinoga yoshligim va go‘zalligimni bag‘ishladim, lekin hayotimni yanada muhimroq narsaga sarflamoqchiman,» – dedi Bardo. 1986-yilda u hayvonlarga nisbatan shafqatsiz muomalaga qarshi kurashish bilan shug‘ullanadigan Bridjit Bardo jamg‘armasiga asos solgan. U tyulenlarni ovlash, mo‘ynadan foydalanish va kosmetikani hayvonlarda sinab ko‘rishni qoraladi.
BB initsiallari
Bridjit Bardoning 1996-yilda nashr etilgan «BB initsiallari» avtobiografiyasi uning yo‘lini ko‘rsatuvchi muhim dalillardan biri bo‘ldi. Kitobda Bardo Parijdagi bolaligidan tortib, kinodagi ulkan muvaffaqiyati va hayvonlarni himoya qilish uchun shon-shuhrat dunyosini tark etishga qaror qilganigacha bo‘lgan hayotining ko‘tarilishlari va tanazzullari haqida ochiqchasiga hikoya qiladi. Kitob sahifalarida u shaxsiy kechinmalari bilan o‘rtoqlashadi va kino olamida ayol sifatida duch kelgan qiyinchiliklar haqida gapiradi. Shuningdek, aktrisa nima uchun Gollivud hashamatidan voz kechib, o‘z hayotini uning haqiqiy ishtiyoqiga aylangan vazifaga bag‘ishlaganini tushuntiradi. Bu kitob nafaqat kino yulduzi, balki o’z e’tiqodini shon-shuhratdan ustun qo’ygan kurashchining hayotiga samimiy nazar tashlaydi.
Kamera nishoni ostidagi shaxsiy hayot
Bridjit Bardo nafaqat filmlari, balki shaxsiy hayoti tufayli ham doimo e’tibor markazida bo‘lgan. Uning rejissyor Roje Vadim va milliarder Gyunter Saks kabi taniqli erkaklar bilan ishqiy munosabatlari matbuotda faol muhokama qilingan. Biroq, muhabbatda, hayotda bo‘lgani kabi, u hech qachon jamiyat talablariga javob berishga intilmagan.
«Men o‘zim xohlagancha yashayman va buning uchun kechirim so‘ramoqchi emasman,» – dedi u bir kuni o‘zining mustaqil tabiatini ta’riflar ekan.
Meros
Bugungi kunda Bridjit allaqachon kino olamini tark etgan bo‘lsa-da, u moda, madaniyat va faollar olamida taniqli shaxs bo‘lib qolmoqda. Uning go‘zallik va kino sanoatiga ta’siri susaymayapti, hayvonlar huquqlari uchun kurash esa faollarning yangi avlodini ilhomlantirishda davom etmoqda. Bardo ayolning haqiqiy kuchi uning tashqi qiyofasida emas, balki o‘z atrofidagi dunyoni o‘zgartirish qobiliyatida ekanligini isbotladi.
«Hech narsadan afsuslanmayman. Mening butun hayotim o‘zim uchun, ozodlik uchun, o‘zini o‘zi himoya qila olmaydiganlar uchun kurashdan iborat edi. Va bu shunga arziydi,» – deya u o‘z tarjimai holiga yakun yasadi.