Ajoyib bosh rol
Kino asarlarida markaziy o‘rin egallagan qimmatbaho taqinchoqlar

Rejissyorlar va ssenariynavislar ko‘pincha zargarlik buyumlarini ramz sifatida qo‘llab, qahramonlarning hayoti va his-tuyg‘ularini ifodalashda alohida rol o‘ynaydigan badiiy usuldan foydalanadilar. Bu zargarlik qahramonlarining ko‘pchiligi aslida mavjud bo‘lgan – ularning paydo bo‘lish tarixi bor va ba’zilari haqida afsonalar ham to‘qilgan.
“Titanik” filmidagi “Ummon qalbi”
Filmda ko‘plab voqealarni keltirib chiqaradigan ko‘k brilliantli mashhur marjon aslida mavjud bo‘lgan. Bu “Xoup” olmosi edi.
Uning kelib chiqish tarixi va taqdiri sirli voqealar bilan o‘ralgan va mish-mishlarga ko‘ra, u asrlar davomida barcha egalariga faqat baxtsizlik keltirgan. Afsonaga ko‘ra, tosh diniy marosimlarda, xudolar haykallarida ishlatilgan va Hindistondan o‘g‘irlab olib chiqilgandan so‘ng la’natlangan.
Olmosning sehrli xususiyatlari va la’natining odamlarga ta’siri hali ham sir bo‘lib qolmoqda, ammo “Ummon qalbi” filmda Roza va Jekning abadiy sevgisi ramzi va Gollivuddagi eng mashhur kino taqinchog‘iga aylandi.

foto: imdb.com
“Muhatasham yuz yil”da Sulton Sulaymon javohirlari
Usmonlilar sulolasi haqidagi ko‘p qismli dramadagi taqinchoqlar o‘zining hashamati bilan tomoshabinlarni qiziqarli syujetdan kam bo‘lmagan darajada o‘ziga jalb qiladi. Va undagi javohirlar shunchaki chiroyli bezaklar emas, balki haqiqiy tarixning muhim qismidir.
Aslida, Sulton Sulaymonning o‘zi zargarlik bilan shug‘ullangan va serialda ham, real hayotda ham zargarlik buyumlarini yasagan. Uning buyumlari muhabbat va atrofdagilarga nisbatan alohida e’tiborining ramzi edi.
Hukmdorning shoh asarlaridan biri Hurramga sovg‘a qilgan zumrad uzukdir. Sultonning suyukli ayoli bu taqinchoqda uning joni borligini ta’kidlagan. Bunday uzuk haqiqatda mavjud bo‘lgan va avloddan avlodga o‘tib, butun davrning ramzi, shuningdek, to‘rt mavsum davomida asosiy taqinchoq bo‘lib kelgan.

foto: dzen
Usmoniylar sulolasining yana bir ramzi lola shaklidagi zargarlik buyumlaridir. Shuning uchun Sulton Sulaymon ko‘pincha bu gul shaklidagi taqinchoqlarni, masalan, singlisi uchun marjon va ziraklar yoki Hurram uchun to‘g‘nag‘ich yasagan.

foto: dzen
“Uzuklar hukmdori”
Hokimiyat uzugi bosh qahramon bo‘lgan film. Butun asar aynan shu uzuk va uning xususiyatlariga asoslangan, syujet rivoji esa uning sehrli kuchlariga bog‘liq. Uzuk kuchga ega bo‘lib, hayotiy quvvatni o‘ziga singdirar va har qanday sehrgarni o‘ziga to‘liq bo‘ysundira olardi. Uzuk hokimiyatga chanqoqlik ramzi bo‘lib xizmat qilgan va bu hatto eng buyuk imperiyalarni ham qanday vayron qilishi mumkinligini ko‘rsatgan.
Taqinchoq film muxlislari orasida mashhur bo‘ldi va uzuk yaratuvchisi Jens Hansen unga alohida Lord of the Rings kolleksiyasini bag‘ishladi.

foto: imdb.com
Shunday qilib, ma’noga to‘la zargarlik buyumlari filmlar va ularning qahramonlarini o‘ziga xos qiladi, ularning hikoyalari esa tomoshabinlar xotirasida abadiy saqlanib qoladi.