Bvlgari 2025-yil kuz-qish: aksessuarlarni transformatsiya qilish san’ati

Rim zargarlik uyining boy merosiga chuqur ehtirom

24 Mar 2025
FOTO: BVLGARI MATBUOT XIZMATI

Bvlgari uyi 2025-yil kuz-qish mavsumi to‘plamida nafislik va hunarmandchilik chegaralarini kengaytirishni davom ettirmoqda. Bvlgari charm-attorlik va aksessuarlar bo‘yicha ijodiy direktori Meri Katranzu uyning estetik motivlarini mustahkamlaydi, firma seriyalarini zamonaviy ko‘p qirrali shakllarning rang-barang to‘plami bilan boyitadi hamda zargarlik sirlari va charm bilan ishlash mahorati uyg‘unlashgan murakkab texnikalarni tadqiq qiladi.

Serpenti Cuore 1968: to‘plamning yuragi

Ilon yili sharafiga Bvlgari 1968-yilgi mashhur Serpenti Harlequin soatidan ilhomlangan Serpenti Cuore 1968 sumkasini taqdim etdi. Uning yurak shaklini takrorlovchi silueti cheksiz yangilanish va joziba ramzi bo‘lgan ilon ko‘rinishidagi metall dasta bilan bezatilgan. Deyarli 5000 ta kristall bilan qoplangan Neige Pavé Crystals versiyasi ushbu aksessuarga ko‘zni qamashtiruvchi jilo beradi, dastani yaratishda qo‘llanilgan “yo‘qotilgan mum” texnikasi esa Bvlgari ustalarining tengsiz mahoratini tasdiqlaydi.

FOTO: BVLGARI MATBUOT XIZMATI

Serpentine: jozibadan kundalik nafosatga

Serpentine liniyasi kengayib, endi kechki va kundalik aksessuarlarni o‘z ichiga oladi. Serpentine Duette hashamatli modeli oddiy atlasdan tikilgan va qo‘shaloq metall ilon dastasi bilan to‘ldirilgan, Calla naqshli ixcham Serpentine Duo esa kechki liboslarni ajoyib tarzda to‘ldiradi.

FOTO: BVLGARI MATBUOT XIZMATI

Calla Motif: zargarlik ilhom parisi

Meri Katranzu ijodida debyut qilgan kalla guli motivi rivojlanishni davom ettirmoqda. Kuz-qish mavsumida u Serpenti Forever va Serpenti Duo ramziy modellarini bezovchi Calla Crystals yorqin naqshi shaklida taqdim etilgan. Neige Pavé versiyasida Ginko klatch oltin-platina kristallar bilan bezatilgan, Smeraldo Prezioso Green Alligatorning eksklyuziv versiyasi esa individual buyurtma asosida tayyorlanadi.

FOTO: BVLGARI MATBUOT XIZMATI

Divas’ Dream Marquise: qimmatbaho nafislik

Markiz toshlarini qirqishdan ilhomlangan Divas’ Dream Marquise sumkasi nafis oval shakli va zargarlik bezaklari bilan ajralib turadi. Ushbu modelning har bir detali Bvlgari’ning eksklyuziv mahoratini o‘zida mujassam etgan.

FOTO: BVLGARI MATBUOT XIZMATI

Bvlgari Tubogas: aksessuarlar olamida zargarlik san’ati

Bvlgari Tubogas klatchi zargarlik va charm san’ati olami o‘rtasidagi bog‘lovchi bo‘g‘inga aylandi. Uning mashhur Tubogas texnikasini takrorlovchi metall dastasi Parentesi geometrik naqshi bilan to‘ldirilgan va sirkonlar bilan bezatilgan bo‘lib, bu aksessuarni haqiqiy taqinchoqqa aylantiradi.

FOTO: BVLGARI MATBUOT XIZMATI

Serpenti Forever: uzluksiz o‘zgarish

Serpenti Forever belgili liniyasi yangi Serpenti Pallini modeli bilan to‘ldirildi. Uning dastasi 55 ta metall elementdan iborat bo‘lib, ularga oltin suvi yuritilgan jez munchoqlar qadalgan. Bu yerda Bvlgari zargarlik merosi va charm buyumlari mahorati mukammallikning cho‘qqisiga yetgan.

FOTO: BVLGARI MATBUOT XIZMATI

Ushbu mavsumda Bvlgari o‘zgarish va abadiy nafosat san’atiga sodiqligini yana bir bor namoyon etmoqda. 2025-yilning kuz-qish to‘plami Rim zargarlik uyining tengsiz mahorati, innovatsion yondashuvi va boy merosiga chuqur ehtiromning ifodasi hisoblanadi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin