Chanel 2025-yil bahor-yoz kolleksiyasini namoyish etdi
Bu Virjiniya Viar ishtirok etmagan birinchi taqdimot
Virjiniya Viar ketganidan keyin Chanel’ning birinchi namoyishi to‘rt yil davomida qayta tiklangan Gran-Paleda bo‘lib o‘tdi. Uyning saroyga mehri bo‘lakcha, chunki 2005-yildan beri uning shoulari aynan shu yerda o‘tkazilgan.
Dizayn jamoasi tivitdan tikilgan jaket, nimcha, yubka va shortikli kostyumlarni namoyish etdi. Kombinezonlar, ko‘ylaklar va sarafanlar ham shu gazlamadan tayyorlangan. Buyumlarga patli, shokilali, aksentli va chetlari ishlov berilmagan bezakli yoqalar tikildi.
Yarim shaffof matodan tikilgan romantik bluzkalar va uzunchoq oq ko‘ylaklar obrazlarni to‘ldirgan. Bog‘langan qora duxoba lentalar yopinchiqlarni mahkamlovchi belbog‘ vazifasini bajargan.
Bejirim qush kataklari set dizaynining asosiy elementiga aylandi. Ularni egniga ilgan Rayli Kio Prinsning «When Doves Cry» qo‘shig‘ini ijro etdi. Shou elementi 1991-yilgi Chanel reklamasiga ishora bo‘ldi, o‘shanda Vanessa Paradi gumbaz ostida arg‘imchoq uchgan.