Dengiz sayohatlari
Tropik orollardan muzli kengliklargacha bo‘lgan qiziqarli kruiz yo‘nalishlari
Kruiz laynerida sayohat qilish cheksiz dengiz kengliklaridan bahramand bo‘lib, dunyoni o‘rganish imkonini beradi. "Qalqib yuruvchi shahar" sayyohlarga keng ko‘lamli xizmat va ko‘ngilochar maskanlarni taklif etadi. Kayutalar va restoranlardan tashqari, bortda ochiq basseynlar, akvaparklar, o‘yin zonalari, kinoteatrlar, do‘konlar va ko‘plab boshqa narsalar mavjud. Dengiz sayohatlari bir necha kundan bir necha oygacha davom etishi mumkin. ELLE O‘zbekiston tahririyati sayohatlar ro‘yxatiga qo‘shishga munosib bo‘lgan eng qiziqarli yo‘nalishlarni sizga taqdim etish uchun ularni bir yerga jamladi.
O‘rta yer dengizi
Eng mashhur dengiz yo‘nalishlaridan biri O‘rta yer dengizi bo‘ylab sayohat qilishdir. G‘arbiy yoki sharqiy qirg‘oq bo‘ylab sayohat yo‘nalishini tanlash mumkin. Tur xiliga qarab, kruiz Italiya, Gretsiya, Turkiya, Ispaniya va Fransiya kabi mamlakatlarga tashrifni o‘z ichiga olishi mumkin. O‘rta yer dengizi kruizlari sayr qilish uchun mo‘ljallangan port shaharlari, boy madaniy dasturi va mazali taomlari bilan mashhur.
Janubi-Sharqiy Osiyo
Janubi-Sharqiy Osiyo bo‘ylab sayohat Singapur, Malayziya, Indoneziya, Tailand, Vetnam, Xitoy va Yaponiya kabi yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi. Har bir mamlakat uchun alohida dastur mavjud bo‘lib, bu davlatlar noyob tarixiy ibodatxonalar va saroy majmualariga tashrif buyurish imkoni bilan ajralib turadi. Bundan tashqari, Osiyo mintaqasi bo‘ylab sayohatning eng jozibali tomoni shundaki, bu yerda siz mahalliy yovvoyi tabiatni aql bovar qilmaydigan manzaralar bilan o‘rganish imkoniyatiga ega bo‘lasiz.
Avstraliya va Okeaniya
Ushbu mintaqadagi kruizlarning afzalligi Avstraliya, Yangi Zelandiya va Tinch okeanining janubiy orollari bilan tanishish imkoniyatidir. Ushbu yo‘nalish doirasida tabiyat go‘zalliklari, betakror flora va faunadan bahramand bo‘lish, shuningdek, mahalliy xalqlar – aborigenlar madaniyatiga kirib borish mumkin. Sayohat davomida ulkan To‘siq Rifi, ko‘plab sharsharalar, hududning daxlsiz tabiati va yovvoyi plyajlarini ko‘rish mumkin.
Karib dengizi
Karib dengizi bo‘ylab yo‘nalishlar hududning g‘arbiy, janubiy va sharqiy orol qismidan o‘tadi. Bunga Yamayka, Bagama, Puerto-Riko, Virginiya orollari, Kuba va Kosta-Maya kabi orollarga tashrif buyurish kiradi. Sayohatchilar bitta hududga tashrif buyurishni yoki barcha orollarni ko‘rib, to‘liq sayohat qilishni tanlashlari mumkin. Oppoq plyajlar, tiniq suvlar va mahalliy aholining qiziqarli hikoyalari tropik dam olish ishqibozlari uchun ajoyib tanlov bo‘ladi.
Alyaska
Alyaska bo‘ylab sayohatlar muzliklar, tog‘ tizmalari va massivlardagi hayratlanarli manzaralarni taklif qiladi. Yo‘nalish doirasida Gleyser-Bey, Syuard va Juno kabi milliy bog‘larga tashrif buyurish mumkin. Dasturda, shuningdek, yovvoyi dengiz hayvonlari: ayiqlar, kitlar, pingvinlar, tyulenlarni kuzatish imkoni ham mavjud. Ba’zi hollarda shimol yog‘dusini ham uchratish mumkin.