Dengizga borish istagini uyg‘otuvchi rassomlar asarlari
Dengiz janrida ijod qilayotgan zamonaviy ayol rassomlar va ularning lol qoldiruvchi asarlari
Dengiz manzarasi – musavvirlikning mutlaqo o‘ziga xos turidir. Tasavvur qilish qobiliyatiga ega bo‘lmay turib, harakatlanayotgan dengizni tasvirlab bo‘lmaydi. Tirik unsurlarning harakatini mo‘yqalam idrok etolmaydi: chaqmoq, kuchli shamol, to‘lqinlar chayqalishi – bu hodisalarni suratga tushirish osonroq. Agar rassom ularning jonliligini bo‘yoqlar bilan tayyorlangan matoda ifodalay olsa, bu uning professionalligining isbotidir.
Dengiz – borliqning jonli timsoli va bitmas-tuganmas ilhom manbaidir. Dengiz unsurining holati tabiatni tasvirlashda murakkablik tug‘diradi, lekin shu bilan birga, fantaziya va improvizatsiyaning cheksiz imkoniyatlarini taqdim etadi.
Katie Wyatt
Hozirgi kunda ba’zi zamonaviy rassomlar ham dengiz tabiatidan ilhomlanib, aql bovar qilmaydigan mahorat bilan ajoyib dengiz manzaralarini yaratyaptilar. Ulardan biri Katie Wyatt.
San’at olamiga sunami kabi kirib kelgan avstraliyalik rassom Katie Wyatt rang va rasm uyg‘unligida sehrli kompozitsiyalarni yaratadi. U asosan manzara va natyurmort janrlarida ijod qiladi va Avstraliyaning keng landshaftlaridan ilhom oladi. Uning mastixin bilan impasto usulida chizilgan rasmlari (bo‘yoqlar tayyorlangan matoga qalin va zich qilib surtilganda) ochiq maydonlarning energiyasi va go‘zalligini ifodalaydi. Rassom o‘z tajribasi va xotiralariga tayangan holda sevimli janrlarida asarlar yaratadi.
Katiening okean bilan chuqur bog‘liqligi uning asarlarida dengiz manzaralarining ustunligini keltirib chiqardi. Bolaligida u Janubiy Avstraliya bo‘ylab karvonda sayohat qilishni juda yaxshi ko‘radigan uchta opa-singlisi va ota-onasi bilan o‘sish baxtiga muyassar bo‘lgan. Undan tez-tez fotosuratlardan foydalanadimi yoki aniq joylarni chizadimi, deb so‘rashadi, lekin uning asarlari asosan aniqlikka ega emas va ma’lum darajada vizual kundalikka o‘xshaydi. U plyajda bo‘lgan paytidagi xotirasi va his-tuyg‘ulariga asoslanib rasm chizadi.
Dastlab Katie portret chizish bilan shug‘ullangan, ammo mamlakat bo‘ylab sayohat qilganidan so‘ng, u Avstraliya manzarasining o‘z versiyasini qayta yaratish g‘oyasidan ilhomlangan.
Rassom akril bo‘yoqlarining so‘nggi imkoniyatlarigacha foydalanib, butun hikoya yozilgunga qadar ularni matoga tomizib va qatlamlab asarlar yaratadi.
Tekstura yordamida u shakl va chiziqlarni o‘rganadi, quyuq va saxiylik bilan bo‘yash orqali shakllarga rivojlanish imkonini beradi. Yorug‘lik teksturali tugatish orqali yaratilgan haykaltaroshlik effektlarini aks ettiradi va ta’kidlaydi. Laklashning oxirgi bosqichi sirtni tekislaydi va ish rangining to‘yinganligini oshiradi.
Jenny Berry
Jenny Berry dengiz tabiati tasviri janrida ish olib boradi. Jenny Berryning koʻpgina ishlari ashaddiy dayver kabi dengiz tubiga shoʻngʻib, o‘zi suratga olgan rasmlardan ilhomlanib yaratilgan. Uning okeanga va suv osti olamiga boʻlgan muhabbati barcha ishlarida aks etgan. Nodir dengiz muhitiga maftun boʻlib, u suvning shaffofligini hamda jur’atli xira qatlamlarni ifodalash uchun akril boʻyoqlardan foydalanadi. Uning ishlari riflar hayoti manzaralari tasvirlangan ulkan rasmlardan tortib, juda erkin uslubda hayotiy yondashuvga qaratilgan mayda ishlargacha oʻzgaradi.
Jenny umr boʻyi dengiz jonivorlarini chizgan va 2018-yilga kelib, u oʻz hayotini ijodga qaratishga qaror qildi. Shundan buyon u koʻpgina ishlarini butun Avstraliya va xorijiy kolleksionerlariga sotib, oʻz san’ati bilan boʻlishishni yaxshi koʻrgani uchun muntazam ravishda koʻrgazmaga qoʻygan. Uning grafika dizayni boʻyicha olgan oliy maʼlumoti, Jennyga palitradagi qoʻshimcha va uygʻun tuslardan foydalanib, murakkab kompozitsiyalarni yaratishga imkon beradi.
Jenny insonlarning uylari xotirjamlik va goʻzallik hissi bilan toʻlishiga sababchi boʻla oladigan asarlarni yaratishga harakat qiladi. Uning ishlari insonlarga okeanni, ta’tillarni, yozni, cho‘milishni, qayiqda suzishni, baliq ovini, shuningdek, ushbu mashg‘ulotlar va xotiralar olib keladigan baxtli onlarni yodga soladi. Dengiz tublarida berkingan goʻzallik va sokinlikni tasvirlashga intilgan holda, rassom omma e’tiborini okeanlarimizni va marjon riflarimizni saqlashga jalb qilmoqda.
Zaria Forman
O‘zining zo‘r, tabiiy (naturalistik) rasmlari bilan tanilgan Zariya Forman chekka joylardagi tabiat tasvirlaridan va ekologik tarafi sust bo‘lgan joylardan ilhom oladi. Uning ishlarida suv ko‘proq e’tibor qaratish kerak bo‘lgan jihatlardan hisoblanadi. Yorqin ko‘rinishdagi aysberglar, bo‘ronli Arktika suvlari va tosh qoyalariga urilib kelayotgan tropik to‘lqinlar suvning bor go‘zalligi va ulug‘vorligini aks ettiradi.
Uning oddiy qalamlar bilan chizgan dengiz manzaralari o‘zining ajoyib go‘zalligi bilan insonni hayratga soladi.
Forman Maldiv orollari, Antarktida, Grenlandiya bo‘ylab ko‘p sayohat qilib, suratlari uchun materiallar yig‘di va iqlim o‘zgarishi muammosiga o’zgalarning diqqat-e’tiborini qaratdi.
Bu muzliklar va qor bilan qoplangan qirg‘oqlarga urilayotgan sovuq to‘lqinlar hamdir. Muzlikni shu qadar ideal va ishonarli tarzda tasvirlay oladigan boshqa rassomni topish juda qiyin. Shuning uchun tanqidchilar uni aysberg malikasi deb ataydilar.
Rasm chizishga bo‘lgan qiziqish unda erta bolaligidan, ota-onasi bilan ko‘p sayohat qilgan vaqtida, chekka-chekka tabiat manzaralarini ko‘rganida uyg‘ondi.
2012-yilning avgust oyida, Forman Grenlandiyaning shimoli-g‘arbiy sohillari bo‘ylab suzib o‘tib, 1869-yildagi amerikalik rassom William Bradfordning sayohatini takrorlaydi va tez o‘zgaruvchan Arktika landshaftini hujjatlashtirgan “Yorug‘lik ketidan quvib” nomli ekspeditsiyasini boshqaradi.
Zaria Forman fotosuratlarda aysbergning ulug‘vorligini ko‘rsatish uchun dunyoning eng chekka hududlariga sayohat qildi.
U shu qadar katta hajmdagi suratlarni ishonarli va rang-barang tarzda yaratdiki, inson beixtiyor bu rasmlarga tegib ketsa, ular xuddi muzlab qoladigandek xususiyatga ega edi.