Devorlar nelardan so‘zlaydi?
Meksikalik rassomlarning rang-barang devoriy suratlari

Ko‘chalar. Uylarning devorlari. Ular qanchadan-qancha tarixlarni o‘zida saqlaydi. Agar ular Farid Rueda, Seher One, Saner kabi mashhur meksikalik rassomlarning yorqin devoriy rasmlari bilan bezatilgan bo‘lsa, beixtiyor jo‘shqin ranglar va taassurotlar olamiga sho‘ng‘ib ketasan. Ular seni atsteklar dunyosiga, asriy o‘rmonlardan sirli daryolar oqib o‘tadigan Markaziy Amerikaning olis changalzorlariga, Meksika folklori olamiga, alebrihe haykalchalari dunyosiga olib boradi.
Farid Rueda
“Madaniyat – bu bizning o‘zimiz va biz unga har kuni qo‘shayotgan narsalarimizdir”.
Farid Rueda an’analar hurmat qilinadigan katta va ahil meksikan oilada ulg‘aygan. Boy madaniy muhitda o‘sgan Rueda uni juda erta qadrlashni o‘rgandi. Bayramlarning gavjum ko‘chalaridan tortib mahalliy motivlar va afsonalargacha – bularning barchasi unda vizual ifoda orqali hikoya qilishga muhabbat uyg‘otdi.
Farid Rueda ijodi Diego Rivera va Rufino Tamayo kabi taniqli meksikalik monumental rassomlarning asarlaridan chuqur ta’sirlangan bo‘lib, ularning san’ati ijtimoiy tanqidni milliy o‘ziga xoslikni tasdiqlash bilan uzviy bog‘lagan.
Uning asarlarida hayvonlar markaziy o‘rinni egallab, kuch, matonat va ma’naviyat timsoli sifatida gavdalanadi. Bunday tanlov Meksikadagi hayvonlarning chuqur madaniy va mifologik ahamiyati bilan bog‘liq.
Masalan, mayya an’analarida ko‘pincha himoyachi sifatida e’zozlangan yaguar rassomning devoriy rasmlarida tez-tez uchraydigan personaj bo‘lib, u hokimiyat va homiylik ramzi hisoblanadi. Uning asarlarida bir necha bor uchraydigan monarx kapalaklar ham o‘zgarishlar va ko‘chish hodisasini ifodalab, tabiat va insoniyat uchun aniq metafora bo‘lib xizmat qiladi.
O‘qish davomida Rueda o‘zini turli xil badiiy vosita va texnikalarda sinab ko‘rdi. Biroq aynan ko‘cha san’ati uning haqiqiy stixiyasiga aylandi. Rassom freskalar nafaqat makonni bezashga, balki uni o‘zgartirishga, tomoshabinlarda o‘ziga xoslik, hikoya va umumiylik tuyg‘usini shakllantirishga qodir ekanligini angladi.
Seher One
Meksika ko‘chalariga o‘ziga xos joziba baxsh etuvchi boshqa murallar singari, Seher One asarlari ham katta grafik va aytish mumkinki, tarixiy ahamiyatga ega.
Seher One taxallusi bilan mashhur bo‘lgan David Pinyon Meksika poytaxtidan chiqqan rassom. 15 yoshida graffiti chizishni boshlagan, keyinchalik Meksika Milliy avtonom universitetining (UNAM) san’at va dizayn fakultetini tamomlagan. Shunday qilib, uning qiziqishi monumental rassom va grafik dizayner sifatida juda muvaffaqiyatli karyeraga aylandi.
Pinyon o‘z asarlarida go‘yo obyektlarni qismlarga ajratib, ularni tarkibiy elementlarga parchalashga intiladi. Shu bilan birga, uning rasmlaridagi geometrik shakllar turli xil obrazlar – tulki kabi hayvonlardan tortib, ispanlarga qadar davrdagi xudolargacha bo‘lgan tasvirlar bilan uyg‘unlashib ketadi.
Mexikodan tashqari, Seher One asarlari dunyoning boshqa shaharlari, jumladan, AQShning Denver va Ispaniyaning Saragosa shaharlari devorlarini ham bezab turibdi.
Saner
Yana bitta meksikalik muralchi Edgar Flores, uni hamma Saner taxallusi bilan biladi. Rassom illyustratsiya, ekspressionizm, primitivizm va syurrealizm uslublarini ko‘cha san’ati texnikasi bilan uyg‘unlashtirgan holda, o‘z asarlariga o‘ziga xos shahar ruhini singdiradi.
Edgar Floresning niqobli qahramonlari turli yuzalar: devorlar, matolar, qog‘ozlarda paydo bo‘lishi Meksika folklorining ta’sirini yaqqol namoyon etadi. Mahalliy afsonalardagi jinlar va qahramonlar sirli ohanglar va g‘alati hazil tuyg‘usi bilan zamonaviy dunyoga ko‘chiriladi. Mifologiyaga ko‘ra, nauale niqobidagi bu odamlar insonni hayvonga aylantirish qudratiga ega.
Rassom bu bilan nimanidir yashirishga urinmaydi, aksincha, uyg‘unlikda yashash mumkinligini eslatadi. Bu yevropaliklar kelganida meksikaliklar bilan nima sodir bo‘lganini eslatadi. Ularning murakkab madaniyati endi ikki dunyo qorishmasidan iborat ekanligiga urg‘u beradi. Vaziyatni anglagan holda, Saner tomoshabinlarga murojaat qilib, o‘z hayotida nimanidir o‘zgartirishga harakat qilishga undaydi.
Odamlarni o‘tmishga nazar tashlashga va undan saboq olishga chaqirar ekan, u Meksikadagi siyosiy tizim haqida ham savollarni o‘rtaga tashlaydi. Uning san’at asarlari o‘zi ulg‘aygan tarix va madaniyatga ehtirom namunasidir.
Sanerning asarlari dunyoning nufuzli galereyalaridagi ko‘rgazmalarda namoyish etilgan: Mexiko shahridan tortib Berlin, London va Barselonagacha. Ommaviy pop-artdan ilhom olgan holda, u graffiti, grafik dizayn, rang-tasvir va chizma elementlarini mohirona uyg‘unlashtiradi.