Erkinlik nafasi – milliy motivlarda
Moda uylari to‘plamlarida etnik uslub

XX asr jahon moda kutyuryelari uzoq vaqtdan buyon o‘z to‘plamlarida etnik uslubni muvaffaqiyatli qo‘llab kelmoqdalar. Etnik uslub – turli millatlarning madaniy kodiga hurmat ko‘rsatishdir.
Sharq ertaklari uzra
O‘z ijodida etnik uslubdan foydalangan birinchi kutyurye Paul Poiret bo‘lgan. U 1910-1914-yillarda Sharq mavzusi – turkcha yubka-shalvarlar, tunikalar va sallalar, kaftan (chopon) va kimonolarni birinchi bo‘lib o‘z kolleksiyalariga olib kirgan. Uning talqinidagi etnik uslub o‘ta hashamatli, ya’ni nafis kashta, oltin iplar bilan bezatilgan nozik to‘rlar, yaltiroq zarbof matolar, patlar va ko‘plab zargarlik buyumlaridan iborat edi.

Foto: SPOTLIGHT / Rabanne

Foto: SPOTLIGHT / Dior
Yevropaliklar uchun haqiqiy ekzotika sanalgan, sirli Sharq ertaklariga boy bo‘lgan bu uslub ko‘plarni o‘ziga maftun etdi. Shulardan biri modelyer John Galliano bo‘lib, u Poiret hashamatli uslubining ashaddiy muxlisi edi. Galliano faoliyati davomida XX asr boshidagi birinchi kutyuryening asarlaridan ilhomlanib o‘z modellarini yaratdi. O‘sha vaqtdan buyon etnik uslub ko‘plab dizaynerlar uchun ilhom manbai sifatida mustahkam o‘rin egallab kelmoqda.

Foto: SPOTLIGHT / Rabanne

Foto: SPOTLIGHT / Dior
Parvoz zavqi
Jipsi uslubi – lo‘lilarga xos bo‘lgan g‘aroyibotlarning xippi falsafasi yengilligi bilan bir-biriga moslashuvidir. Ushbu uslubda matolar havoda parvoz qilayotgandek yirik taqinchoqlar bilan birlashib, bosh kiyimlar va rang-barang naqshlar bilan uyg‘unlashadi. Jipsi uslubi ko‘plab moda uylarining dizaynerlari va moda isyonchilarini ilhomlantiradi.

Foto: SPOTLIGHT / Ralph Lauren

Foto: SPOTLIGHT / Isabel Marant
Ikat – naqshlar raqsi
Ikat tasviri uzoq vaqtdan buyon yuqori modadan tortib ommaviy bozorgacha bo‘lgan dizaynerlar orasida mashhurlik qozonib kelmoqda. Masalan, Oskar De La Renta o‘zining kolleksiyasi uchun marg‘ilonlik usta Rasuljon Mirzaahmedovdan maxsus to‘qilgan matoni buyurtma qilgan.

Foto: SPOTLIGHT / Oscar De La Renta

Foto: SPOTLIGHT / Oscar De La Renta
Zita va Gita izidan
To‘plamlarni uslublashtirish jarayonida hind motivlari – modelyerlarning yana bir ekzotik qiziqishi sanaladi. Kashtali qisqa nimchalar, sultanka shimlari, drapirovka qilingan matolar – bularning barchasi bizga nafaqat Jasmin haqidagi multfilm va Bollivud filmlaridan, balki Dior va Etro kabi mashhur moda uylarining kolleksiyalari orqali ham tanish.

Foto: SPOTLIGHT / Dior

Foto: SPOTLIGHT / Etro
Kamtarona hashamat
Uzun kaftanlar, abayalar va sallalar – millionlab muxlislar tomonidan ardoqlanadigan Shayx Mozaning jamoatchilik oldiga chiqishi tufayli arab malikasi qiyofasi mashhur bo‘lib ketdi. Kashta va taqinchoqlarga boy, bichimi sodda kiyimlar bir vaqtning o‘zida ham qulay, ham bashang ko‘rinishni ta’minlaydi. Ushbu uslubning ommaviyligi tufayli Parijdagi yuqori moda haftaligida Sharq modasi kuniga alohida e’tibor qaratildi.

Foto: SPOTLIGHT / Amina Benzekri

Foto: SPOTLIGHT / Maison De Couture
Etnik uslub boshqa xalqlarning madaniy o‘zlashtirilishi hisoblanadimi yoki yo‘qmi, degan masala yuzasidan ko‘plab bahslar mavjud. Biroq bir narsa aniq: jahon kutyuryelarining etnik uslubdagi to‘plamlari orqali butun dunyo odamlari boshqa millatlarning madaniyati haqida ma’lumot oladilar, ularning an’anaviy kiyimlari bilan tanishadilar va bu yo‘nalishning ommalashishiga hissa qo‘shadilar.