Vyetnamkalar: endi faqat plyaj uchun emas
Shahar ko‘chalarida trenddagi poyabzallar
Suzishga borganda yoki mahallamiz ko‘chalarida vyetnamkalar (plyaj uchun mo‘ljallangan shippaklar)ni kiyib, yugurib yurgan paytlarimizni hammamiz eslaymiz. Endilikda bu oyoq kiyimlar jahon moda podiumlarini to‘ldirib bormoqda.
Proenza Schouler, Chanel va Miu Miu brendlari turli xil dizayndagi mahsulotlarni, jumladan, tasmali oq charmdan tortib, rang-barang ipli va baxmal qora ranglisigacha tavsiya qilishmoqda. Tagligi yupqa bo‘lgan va oyoqni mahkam bog‘lab turuvchi tasmali modellar, shuningdek, oddiy, lekin poshnali vyetnamkalar bugun juda mashhur.
Bella Hadid baland platformadagi poyabzallarni toplar va yubkalar bilan bir-biriga moslashtirib kiyishni yaxshi ko‘radi. Jennifer Lourens esa Kann qizil gilam yo‘lakchasiga qizil rangdagi bashang ko‘ylagi bilan yaltiroq qora rangli vyetnamkalarni kiyib chiqib, yangi obrazi bilan barchani lol qoldirdi.
Inflyuyenserlar qulay poyabzalni xush ko‘radilar. Ular ana shunday qulay oyoq kiyimni jinsi shim, ipak ko‘ylaklar, trikotaj mahsulotlari va shimli to‘plamlar bilan uyg‘unlashtirib kiyadilar. Bir so‘z bilan aytganda, bu poyabzalni garderoblaridagi har bir kiyim bilan birlashtiradilar.
Moda olamidagi o‘zgarishlarga qaramasdan, vyetnamkalarning mashhurlik cho‘qqisi eng yuqori nuqtaga yetdi. Aslida ushbu poyabzalning yaratilish tarixi ko‘p asrlar oldinga borib taqaladi. Ilk bor, qadimgi Misrda paydo bo‘lgan bu oyoq kiyimlar eng qadimgi poyabzal turlaridan hisoblanadi. Odatda, tasmani boshqa barmoqlarga almashtirish imkoni bo‘lsa-da, ammo uning 2024-yildagi klassik ko‘rinishi mashhur -Y shakli va tekis taglikdan iborat bo‘lmoqda.