Fotorangtasvir – plyonkaga chizilgan rasm

Maksim Vardanyan va Daima Raxmanbekovaning ijodiy hayotida yangi yo`nalish

Fotorangtasvir — fotosurat va tasviriy san’at elementlarini butun bir san’at asarida birlashtiruvchi o’ziga xos ijod turidir. Er-xotin rassomlarning «Komolon» deb nomlangan shaxsiy foto ko’rgazmasida  bizni hayratda qoldirgan narsa ham aynan shu bo`ldi.

Bir-biriga shu daraja o`xshash bo`lmagan rassomlar Daima Raxmanbekova va Maksim Vardanyan juftining ijodiy shakllanishlari murakkabliklarga ega, chunki ularning har biri tasviriy san`atda o’ziga xos o`rin egallaydi. Er-xotin ikkalasi ham Toshkentda tug’ilishgan. Ular 34 yildan beri turmush qurib ikkita qizni tarbiyalab kelishmoqda. Rassom jufttligi o’nlab qo’shma va shaxsiy ko’rgazmalarda qatnashib kelishgan. Maksim va Daimaning sanʼatdagi yoʻllari Oʻzbekistondan boshlangan bo`lib, keyinchalik Rossiya va Evropadan oʻtgan. Fransiyada yashab ijod qilib kelgan sanʼatkorlar 20 yildan keyin o`z vatanlariga qaytishgan. Toshkentga qaytgach, poytaxtning eng qadimgi mahallalaridan biri – «Komolon»da uy sotib olgan juftlik, sharqona go`zallik muhitida ijodlarini davom ettirib kelishmoqda. 

Maksim Vardanyan va Daima Rahmanbekova. Rasmlar HLMRDV Gallery PR xizmati tomonidan taqdim etildi.

Maksim Vardanyan va Daima Rahmanbekova. Rasmlar HLMRDV Gallery PR xizmati tomonidan taqdim etildi.

Rassomlar ijodidiy hayotida Kenzo va Ventilo moda uylari hamda fotograf Paolo Roversi  ijodiy uyushmasi bilan hamkorlik, Fransiya, Belgiya, AQSH, Buyuk Britaniya va Yaponiyadagi galereyalardagi ko’rgazmalar katta ahamiyatga ega. Bundan tashqari, ularning asarlari butun dunyo bo’ylab shaxsiy to’plamlarda, shu jumladan Jon Galliano, Paolo Roversi, Kenzo Takada, Armand Ventilo kabi shaxsiy to`plamlarda saqlanib kelinmoqda.

Bo’yoq va tuvallarni plyonka va ob`ektivga almashtirgan Daima Raxmanbekova va Maksim Vardanyan, yangi ifoda vositalariga bir hil ko`z bilan qarayotgan ekanliklariga urg`u berishdi.Fotosuratlarda hali ham rasm chizish texnikasini ko`rishimiz mumkin. Ammo ulardagi fotografik uslub ustunlik qilmoqda. Shuning uchun ham paydo bo`lgan bu natijani – fotorangtasvirdeb atash toʻgʻriroq boʻlardi.

Nima uchun Komolon?

Ko’rgazmaga Toshkentning eng qadimiy mahallalaridan biri bo`lmish «Komolon» nomi berildi. Bu mahallani poytaxtning yuragi desa ham bo`ladi. Bu makon – loyiha mualliflarining beqiyos sevgisi, ularning ish joyi, o’z ijodi va qahramonlarining yashash joyidir. Eng muhimi esa – ilhom manbai bo`lishidir. Daima Raxmanbekova bu yangi yo’nalishning o’z hayotida paydo bo’lish tarixi haqida batafsilroq gapirib berdi:

«Bizning ustaxonamiz Komolon mahallasidagi eski oʻzbek uyida joylashgan. Atrofimizda shunga oʻxshash uylar koʻp boʻlib, ularda katta oʻzbek oilalari, ko`pincha 3-4 avlod davomida yashab kelishadi. Yaqin qarindoshlarimizning uyi ham bu mahallada», deydi u.

«2020 yilning karantin paytida, 13 yoshli jiyanimiz Manzura, maktabda berilgan onlayn topshiriqlarni bajarish uchun yordam so`rab tez-tez uyimizga kelib turardi. U to’satdan kichkina qizchadan yetuk qizga aylandi va har safar bizni o`z go’zalligi va navqironligi bilan quvontirirardi. Uni hech bo’lmaganda fotosuratga tushirishni xohladim», dedi rassom.

«Yillar davomida biz to’plagan qadimgi choponlar, do`ppi va zargarlik buyumlarining katta to’plami aynan shu paytda ishga yaradi. Bularning barchasi kiyib ko’rildi, yuzlar bo’yaldi, sahna ko`rinishlari ixtiro qilindi… Uyimiz teatrning orqa sahnasini eslatardi. O’sha paytda bunga jiddiy ko`z bilan qaramagan edik. Biz faqatgina barchamiz uchun qiyin bo`lgan damlarni biroz bo`lsa ham quvonchli onlarga aylantirishga harakat qilar edik.

Ko’rgazmada suratlari namoyish etilgan barcha bolalar – bizning qo`shnilarimiz. Ilgari ular uyimizga, faqatgina ijodimizni qiziqish bilan kuzatgani kelishardi. Keyinchalik esa o`zlari ham bizning modellarimizga aylanishdi.»

Qiyinchiliklar haqida gapiradigan bo’lsak, to’rt qo’l bilan ishlashni o’rganish juda marakkablik tug`dirdi. Axir biz – har birimiz, mustaqil va o`z ijod yo`liga ega ikki sanʼatkormiz.

Har bir fotosuratning yaratilishida juda ko’p mehnat talab qiladi: dekor, kostyumlar, makiyaj, yorug’lik, kasting va keyingina suratga olish jarayonining o’zi. Biz hamma narsani samarali bajarish kerakligini anglab yetdik. Har birimiz ishning bir parchasini oʻz zimmasiga oldi. Bolalar esa, ayni paytdagi masʼuliyatni his qilgandek, ritmimizga mos kelib, ijod jarayonining faol ishtirokchilariga aylanishdi. Biz deyarli ikki yildan beri tayyorgarlik ko’rayotgan ko’rgazmada 40 ta fotosurat va videofilm namoyish etildi».

«Komolon» foto ko’rgazmasi sharq sirlari va uning ekzotikasi bilan to`ldirilgan. U oʻzbek diyoriga, urf-odatlariga chin maʼnoda hurmat tuygʻusining ifodasidir. Albatta borib buni o`zingiz his qilib ko`ring. Ko’rgazma 31 iyulgacha davom etadi.

Maksim Vardanyan va Daima Raxmanbekova taqdim etgan fotosuratlar



Maqolani baham ko'ring

Related articles