Galyano Maison Margiela’da o‘z mavqeini qanday tikladi?
Shonli qaytish

Jon Galyano – moda dastlab yuksak cho‘qqiga ko‘tarib, keyin esa pastga uloqtirgan shaxs. 2011-yildagi shov-shuvli mojaroda u badarg‘a qilindi va uning davri tugagandek ko‘rindi. Biroq 2014-yilda moda olami hayratlanarli xabar oldi: Galyano Maison Margiela’ni boshqaradi. O‘shanda ko‘pchilik uning dekonstruktivizm va antimoda bilan mashhur brend mohiyatiga mos kelishiga shubha qildi. Bugun hech qanday shubha yo‘q: Galyano shunchaki qaytib kelmadi – u yana bir bor zamonamizning eng buyuk dizaynerlaridan biri ekanligini isbotladi.
Janjaldan zafar sari
Galyanoning qaytishi bir zumda sodir bo‘lmadi. Marten Marjela asos solgan Maison Margiela – Galyano ilgari boshqargan Dior’dan tubdan farqli. Hashamat o‘rniga – intellektuallik, dabdaba o‘rniga – dekonstruksiya. Biroq, dizayner o‘zining teatrona instinktlari va brend falsafasi o‘rtasidagi muvozanatni topishga erishdi.
2015-yilda Maison Margiela uchun Galyanoning birinchi yuqori moda namoyishi ko‘rsatdiki, bizning oldimizda qayta tug‘ilgan usta turibdi. Obrazlar g‘ayritabiiy, murakkab va hunarmandchilik mahorati bilan sug‘orilgan edi, ammo shu bilan birga dizaynerning o‘ziga xos dramatizmi sezilib turardi. U brend mohiyatini yangi pog‘onaga ko‘tardi, uning anonimligi va sirliligini saqlab qolgan holda, ko‘p qatlamli hikoyani qo‘shdi.

foto: instagram/gallianoarchive
Margiela’ni qayta kashf etish: yangi sahifa
Galyanoning Maison Margiela’da erishgan asosiy muvaffaqiyati – brendni o‘zgartirib, uning doirasida qolishidir. U Artisanal – Yuqori Moda Uyi kolleksiyasi g‘oyasini rivojlantirib, uni tajriba laboratoriyasiga aylantirdi. Har bir obraz – shakl, to‘qima va texnika bilan nafis ishlangan natija. Galyano buzish va yaratish g‘oyasi bilan o‘ynab, kiyimni jonli san’at sifatida namoyish etadi.
Shuningdek, u Maison Margiela’ning asosiy unsurlari - niqoblar, buyumlarni qayta tiklash, jo‘rttaga qilingan beparvolikni qayta ko‘rib chiqdi va ularni zamonaviy dunyoga moslashtirdi. Uning yuqori moda kolleksiyalari haqiqiy teatr tomoshasiga aylandi, tayyor kiyimlar esa tijoriy jihatdan muvaffaqiyatli, ammo g‘oyaviy jihatdan murakkab bo‘ldi.

foto: instagram/gallianoarchive
Fikrlashga undaydigan yuqori moda
Eng muhimi, Galyano Margiela’ga kiyim orqali hikoya qilish falsafasini olib kirdi. Uning kolleksiyalari shunchaki buyumlar emas, balki bichim, mato va modellarning harakatlari orqali so‘ylangan qissalardir. U erkaklik va ayollik, mavhumlik va o‘ziga xoslik mavzularini tadqiq etishni davom ettirmoqda, bu esa Maison Margiela’ni zamonamizning eng ongli moda uylaridan biriga aylantirdi.
Uning ko‘rgazmalarida nafaqat qaytib kelgan, balki yangi teranlik kasb etgan ijodiy dahoning erkinligi va qudrati namoyon bo‘ladi. Endi u shunchaki qo‘zg‘atuvchi emas – u nafaqat kiyim-kechak, balki sanoatning o‘ziga yangicha qarashni yaratuvchi moda faylasufidir.

foto: instagram/gallianoarchive
Galyano nafaqat daholik maqomini qaytarib oldi, balki rivojlanishga qodir ekanligini isbotladi. Uning Maison Margiela’dagi ishi hunarmandchilik mahorati, yuqori moda va chuqur g‘oyaviy ma’noning uyg‘unlashtirish natijasidir. U endi tashqi e’tirofga bog‘liq emas, aynan shu sababli uning ijodi bugun har qachongidan ham kuchliroq.