Giorgio Armani – kostyum maestrosi
Dizaynerning 90 yilligi munosabati bilan uning hayoti
va karyerasidagi yorqin daqiqalarni eslaymiz
Giorgio Armani katta yubileyini nishonlamoqda. Moda sanoatiga katta hissa qo‘shgan va muvaffaqiyatli karyerasi boy tarixga ega dizayner brend imperiyasini kengaytirishda davom etmoqda
Tarixga bir nazar
Italiyalik dizayner yoshligida tibbiyot yo‘nalishida tahsil olib yurgan kezlarida o‘z o‘qishini tashlab, Milan univermaglaridan birida olib-sotar bo‘lib ishlay boshlaydi. Keyinchalik Giorgio dizayner Nino Cerruti yoniga ishga kiradi va erkaklar kiyimi yo‘nalishining dizaynini ishlab chiqish bilan shug‘ullanadi. Armani 70-yil boshlarida frilans (oʻz-oʻzini ish bilan taʼminlovchi) sifatida faoliyat yurita boshladi. Uning mijozlari orasida Ermenegildo Zegna, Loewe va Ungaro kabi kompaniyalar bor edi.
Armani faqatgina boshqa modalar uyi uchun ishlabgina qolmay, o‘z shaxsiy brendi ostida ham erkaklar kiyimini yarata boshlaydi. Va nihoyat, 1973-yilda Sergio Galeotti bilan Milandagi birinchi do‘konini ochadi. Keng uslubdagi kostyum bilan tekis bichimli shimlar Giorgioning o‘ziga xos uslub belgisiga aylandi. Uning kostyumlari yumshoqroq uslubda bo‘lib, o‘ta jiddiy va “qattiqqo‘l” ko‘rinishdan yiroq edi. Kostyumlar oddiyligi va yengil tuzilishi sababli “unstructured” (strukturasiz) deb ham nom olgan.
foto: Giorgio Armani/Spotlight
1976-yil Armani va Galeotti dunyoga mashhur Barneys univermagi bilan shartnoma tuzib, AQSHni zabt eta boshlaydi. Ketidan Bloomingdale’s va Saks kabi yirik savdo maydonlari qo‘shiladi. Richard Gerening “Amerikalik jigolo” filmining chiqishi brendga jahon miqyosida mashhurlik olib keldi. Keyinchalik Armani brendining kinematografiya yo‘nalishidagi jadvalini “Tegilmaydiganlar” (“The Untouchables”), “Gattaca”, “Shaft”, “Wall Street bo‘risi” kabi filmlar to‘ldirdi.
Shon-shuhratga erishish
1981-yil brend bozorga Emporio Armani, Armani Jeans va bolalar uchun Armani Junior yo‘nalishlarini chiqarish orqali yanada kengaydi. Keyinroq Giorgio Armani Time jurnalining muqovasida chiqqan tarixdagi ikkinchi (birinchisi Christian Dior) dizaynerga aylandi. Shu asnoda bir qator mukofot va sovrinlar ketma-ketligi boshlandi. 1983-yilda Armani Amerika moda dizaynerlari kengashi tomonidan "Eng yaxshi xalqaro dizayner" sovriniga ega bo‘ldi. Keyinroq esa Giorgio “Made in Italy” (Italiyada ishlab chiqarilgan) yorlig‘i targ‘iboti uchun va faxriy “Italiya Respublikasi oldidagi xizmatlari uchun”, shuningdek, Fransiyaning Faxriy legion ritsarlari unvonlariga sazovor bo‘ldi.
Yangi imkoniyatlar va istiqbollarni kashf etish
2000-yil Armani brendning 25 yilligi munosabati bilan turli yillarga oid ko‘rinishlar yig‘indisi asosida Guggenheim muzeyida ko‘rgazma o‘tkazdi. Shu yilning o‘zida dizayner Emporio Armani Caffè kafesi, Nobu yapon oshxonasi va tungi klublarni ochish orqali brendni yanada kengaytiradi. Giorgio Armani faqatgina shular bilan chegaralanib qolmadi va 2010-yil dunyodagi eng baland minora Burj Khalifada birinchi mehmonxonasini ochdi. Bugungi kunda Armani restoranlarini dunyoning 20 dan ortiq mamlakatlarida: Milandan Tokiogacha, Myunxendan Dohagacha uchratish mumkin. Parijdagi Armani restorani Mishel yulduziga sazovor bo‘ldi. Bundan tashqari, kompaniya Armani/Beauty kosmetikasi, o‘z parfyumeriyasi, Armani/Casa interyer buyumlari, Armani/Dolci shirinliklari, Armani/Fiori floristikasi (gulchilik), Milandagi Armani/Silos ko‘gazmalar maydoni, Armani Privé kutyur yo‘nalishi va Armani/Values xayriya fondini yuritadi. Giorgio Armani nafaqat brend, balki hayot tarziga aylanmoqda.
Bugungi kunda ham Giorgio Armani o‘z ijodiga sodiq bo‘lgan dizaynerlarning “kattasi” sifatida, ko‘rgazmalarining yakunida podiumga chiqib, munosib olqishlardan bahramand bo‘lishda davom etmoqda.