Giorgio Armani: 50 yillik ijod yo‘li
Italiyadan sevgi bilan!
Moda dunyosining afsonasi Giorgio Armani 11-iyul kuni 90 yoshni qarshi oldi. Bugungi kunda u nafaqat o‘z modalar uyi to‘plamlarini yaratishda ishtirok etadi, balki kosmetika yo‘nalishlarini ishlab chiqishda, restoran va mehmonxonalar ochilishida ishtirok etuvchi yagona faol maestro (katta nufuzga ega dizayner) hisoblanadi. Giorgio yarim asr mobaynida imperiya yaratishga muvaffaq bo‘ldi.
1974-yilda Armani o‘z brendini yaratish g‘oyasini amalga oshirdi. Mato sotib olish uchun o‘z mashinasini sotishga to‘g‘ri keldi. Dizayner faqatgina tanlangan yetkazib beruvchilar bilan ishlash orqali boshlang‘ich sarmoyani kamaytirishga qaror qildi.
Giorgio Armani 50 yil oldin Borgonuovo 21 nomli debyut (birinchi chiqish) erkaklar to‘plamini taqdim etdi. To‘plamdagi o‘sha davrga xos bo‘lmagan norasmiy uslubdagi kostyumlar dizaynerning shon-shuhrati oshishiga sababchi bo‘ldi.
Armani 70-yillarda urf bo‘lgan toraytirilgan pidjaklar (ust kiyim), kiyimning yelka qismiga qo‘yiladigan yelkachalar va shimlardagi chiziqlardan voz kechib, muskulli siluetni (erkaklar ko‘rinishini) yaratishda yumshoq matolardan foydalandi. Shunday qilib, uning to‘plamlarida baxmal, kashemir va yungli krep kabi matolarni uchratish mumkin edi.
Buning ketidan, Giorgio ayollar to‘plamini ham ishga tushirdi. Dizayner erkaklar uchun chiqariladigan mahsulotlarni ayollar kiyimlaridagidek yumshatishga harakat qilgan bo‘lsa, ayollar to‘plamida esa aksincha, hajmli kostyumlar, erkaklarga xos qo‘polroq ko‘rinishlar kiritgan.
Giorgio Armani 1980-yil bahor-yoz to‘plamida brend uslubining asosiy elementlari: neytral (och) ranglar, minimalizm, nafislik va tekis bichimlar ekanligini ko‘rsatgan.
Armanining bir yil o‘tib ayollar uchun taqdim etilgan “Le Smoking” kostyumi, insonlarning smoking (erkaklar kostyumi)ga bo‘lgan munosabatini tubdan o‘zgartirdi. U ayollarga erkaklarnikidek keng shim va uzun pidjakdan iborat bo‘lgan kostyumni taklif etdi. Armani brendining yangi yo‘nalishi ayollar ozodligining ramziga aylandi.
Ishbilarmonlik uslubining rivojlanishi yuz berdi. Biznes olamida nafislik, minimalizm va power suits zamonaviy dizayni muvaffaqiyat va maqomning ramziga aylandi. Giorgio birinchi atirini ham yo‘lga qo‘ydi. Brend juftlashgan hidlar konsepsiyasini qo‘lga kiritishga urindi.
“Nima bo‘lganda ham, umumiy qabul qilingan g‘oyalarga qaramay, o‘zingiz chiqargan hukmlarga amal qiling. Mening bichish bo‘yicha tajribalarim yuzaga kelgan qurilmalarga zid edi. Ammo men qulaylik va jozibadorlik uyg‘unlashgan liboslarni yaratishga intildim. Oxiri, mening g‘oyalarim modaga aylandi.”
Tashkil topganiga besh yil o‘tgach, italyan kompaniyasi jahon bozoriga chiqdi va Giorgio Armani uyi xalqaro podiumda yetakchi moda uylaridan biriga aylandi. Biroq, dizaynerga Giorgio Armani va Armani Collezioni kabi ikki yo‘nalishda ishlash torlik qildi. U uchinchi – Emporio Armani yo‘nalishini yaratdi. Bu yo‘nalish esa tajriba o‘tkazishga tayyor yosh avlod vakillariga mo‘ljallangan edi. Undan keyin Armani Jeans yo‘nalishi paydo bo‘ldi. O‘shanda Giorgio Armani moda olamida to‘ntarishni yuzaga keltidri. Milan markazida ilk bor moda bilan bog‘liq reklama taxtasi joylashtirildi.
Bleyzerlar qiroli uchun bu yagona to‘ntarish emas. Bundan tashqari, u moda namoyishini jonli efirda ko‘rsatgan birinchi dizayner bo‘ldi. Tana vazni me‘yordan kam bo‘lgan modellar bilan hamkorlik qilishni to‘xtatdi.
“Baxtning siri ish bilan shaxsiy hayotni bir muvozanatda ushlashdadir. Men o‘zimni butunlay ishga bag‘ishladim. Ammo menda hamma narsani boshqatdan boshlash imkoni bo‘lganida men boshqacha yo‘l tutardim”.
Giorgio minimalizm va nafislik borasida o‘zining bosh qarashlariga sodiq qolsa-da, zamonaviy talablarni ham chetda qoldirmayapti. 1991-yilda Armani moda uyi Armani Exchange yo‘nalishini yo‘lga qo‘ydi. Bu yo‘nalishni yaratishida unga pop madaniyatiga kirib kelgan ko‘cha raqsbop musiqasi ilhom parisi bo‘ldi. Armani Exchange kundalik hayot uchun kiyim va aksessuarlar ishlab chiqara boshladi. Armani uchun xos bo‘lmagan kampeynlar (reklama kompaniyalari) paydo bo‘ldi.
Ko‘plab brend liniyalari va tarmoqlari bilan bir qatorda, Armani xayriya va ijtimoiy tashabbuslarni faol qo‘llab-quvvatlaydi. Giorgio barqaror rivojlanish va yosh dizaynerlarni qo‘llab-quvvatlash tarafdori.
«Uslub o‘z-o‘zini ifodalashdan iborat. Shuning uchun garderobni tanlashda haddan tashqari ko‘p kuch sarflamaslik kerak. Asosiysi o‘zingizga nisbatan samimiy bo‘ling».
Privé kutyur yo‘nalishi 2005-yilda paydo bo‘lgan. Debyut brendning 30 yilligi va dizaynerning 70 yilligiga bag‘ishlanadi. To‘plam 31 ta obrazni o‘z ichiga olgan. Ularning barchasi Kanndan «Oskar»gacha bo‘lgan qizil yo‘lakchalar uchun mo‘ljallangan edi. Armanini 1978-yilda «Enni Xoll» filmidagi roli uchun «Eng yaxshi aktrisa» unvoniga sazovor bo‘lgan Diane Keaton kiygandi. Jessika Tendi, Jodi Foster, Emma Tompson – mashhur haykalchalar egalari ham Armani Privé liboslarida edi.
Armani modadagi minimalizm konsepsiyasini ommalashtirishni davom ettirmoqda. Brend toza yo‘nalishlar, neytral ranglar va vazmin uslubga e’tiborini ko‘proq qaratadi. Ipak ularning obrazlarini yaratish uchun ideal matoga aylangan.
50 yillik ijod yo‘lida maestro matolarning teksturalarini, kostyum va ko‘ylaklarning qiyofalarini, modellarni o‘zgartirdi, ammo vaqt o‘tishi bilan qo‘shilgan stilni o‘zgartirmadi. Zamonaviy moda sanoati ko‘pincha Giorgio Armani kolleksiyalarini zerikarli deb ataydi. Ammo haqiqiy imperiya merosida an’analar va innovatsiyalar, nafislik va zamonaviylik, hashamat va funksionallik uyg‘unligi mavjud.
Italiyaning Giorgio Armani modalar uyi Milan modalar haftaligini o‘tkazadi. Ayollar kolleksiyasining bahor-yoz ko‘rgazmasi 2025-yil 17-oktyabr kuni Nyu-Yorkdagi Madison xiyobonida yangi binoning ochilishi munosabati bilan bo‘lib o‘tadi. Me’moriy inshootlarga bo‘lgan ishtiyoq ham dizayner saltanatining bir qismidir.