Hayot maromiga hamohang tarzda
Turmush tarzingizga mos garderobni qanday tanlash mumkin?
Har birimizning orzuimiz – kiyim javonini ochganimizda, uzoq o‘ylanmasdan tezda kerakli obrazni topishdir. Shuning uchun garderobimizdagi narsalar bir-biriga uyg‘un bo‘lishi, shaxsiyatimizni ta’kidlashi va hayot tarzimizga mos kelishi juda muhim. Bunday garderobni yaratish puxta o‘ylangan yondashuvni talab qiladi va bu jarayon bir necha bosqichlardan iborat.
Turmush tarzini tahlil qilish
Avvalo, kundalik hayotda nima bilan shug‘ullanishingizni tushunish muhimdir. Agar ofisda ishlasangiz yoki o‘qisangiz, sizga ko‘proq rasmiy va klassik kiyimlar zarur bo‘ladi. Frilanserlar yoki ijodkorlar uchun kajual (kundalik) uslubidagi kiyimlar qulayroq bo‘lishi mumkin.
Keyingi navbatda bo‘sh vaqtingizni qanday o‘tkazishingizni tahlil qiling — do‘stlar bilan uchrashasizmi, sport bilan shug‘ullanasizmi yoki uyda dam olishni ma’qul ko‘rasizmi? Shuningdek, qanday tadbirlarga qatnashasiz: rasmiy yig‘ilishlardan tortib norasmiy ziyofatlargacha – bularni ham aniqlab oling. Chunki tadbirlarning turiga qarab, kiyim javoningizning qaysi qismini qaysi faoliyatga ajratishingiz kerakligini tushunib olasiz.
Asosiy narsalarni tanlash
Garderobning asosini tayanch elementlar tashkil etadi. Bir-biri bilan oson uyg‘unlashadigan va ko‘plab kiyimlarning asosini tashkil qiladigan buyumlarni tanlab oling. Misol uchun, rasmiy uslub uchun kostyumlar, ko‘ylaklar, klassik shim va yubkalar xarid qilish maqsadga muvofiq. Kundalik kiyimlar uchun esa qulay jinsi, futbolka va sviterlar mos keladi.
Stilistlarning ta’kidlashicha, asosiy garderobning rang palitrasini qora, oq, kulrang, ko‘k va qaymoq rang kabi neytral tuslar tashkil etishi kerak. Bunday yondashuv kiyimlar sonini kamaytirish bilan birga, turli xil ko‘rinishlar yaratish imkoniyatini ko‘paytiradi.
Aksessuarlar va boshqa detallar
Sumkalar, kamarlar, poyabzallar, taqinchoqlar – bularning barchasi sizning o‘ziga xosligingizni ta’kidlash va qiyofaga nafislik qo‘shishga yordam beradi. Mavsumiy aksentlarni ham unutmaslik kerak. Masalan, qishda sharflar, yozda esa quyoshdan himoyalovchi ko‘zoynaklar bilan qiyofamizni boyitishimiz mumkin. Asosiy kiyimlarni qiziqarli aksessuarlar bilan osongina bezab, yorqin detallar qo‘shish mumkin. Aksessuarlarni tanlashda asosiy qoida – me’yorni bilish va muvozanatga rioya qilish hisoblanadi.
Universal garderobda ham uslub, ham qulaylik mujassam. Shuning uchun turmush tarzi va kundalik faoliyatingizga mos ravishda xarid qilish muhimdir. Shunday qilib, siz o‘z uslubingizga zamonaviy detallarni qo‘shishingiz va ayni paytda mavsumdan qat’i nazar dolzarb bo‘lib qoladigan kiyimlardan foydalanishingiz mumkin.