Chehralari tanish bo’lishi shart qahramon ayollar

Ayollarni tor korsetlar, dabdabali yubkalar va noqulay tuflilardan ozod qilib, moda inqilobini amalga oshirgan dizayner ayollar

10 Apr 2025
foto: elle.com

Moda va zamon bir-biriga monand bo‘ladi. Aynan moda zamon va uning shakllanishida asos bo‘lgan tashqi sharoitlarning aksini ko‘rsatadi. Biroq XX asr boshlarida “o‘yin qoidalari” o‘zgara boshladi va moda nafaqat voqelikni aks ettiruvchi vosita, balki qurolga ham aylandi.

Dizaynerlar qo‘lidagi qurol sifatida, ularning liboslari norozilik shakliga; ayolning ko‘rinishi qanday bo‘lishi kerakligi haqidagi noxolis fikrlarga qarshilik va erkinlik tiliga aylandi.

Koko Shanel

Modadagi hissasi: ayollik haqidagi barcha stereotiplarni sindirdi

O‘zining sevimli ot sportidan ta’sirlanib, u birinchi bo‘lib erkaklar shimida yorug‘likka chiqa boshladi va o‘z misolida erkaklar kostyumida ham ayol bo‘lib qolish mumkinligini ko‘rsatdi. Shuningdek, Shanel birinchi bo‘lib ayollar kiyimiga erkaklar shimini va erkakcha uslubni olib kirdi, bu o‘sha davr jamiyatida o‘ta beadablik hisoblanardi. Dizayner siluetlarda ko‘krak va bel chizig‘ini yo‘qotib, kundalik ayollar kiyimini qulay va erkin qildi.

foto: elle.com

Koko Shanel bugungi kungacha matonat, isyonkor ruh timsoli bo‘lib qolmoqda va o‘sha paytda hali mavjud bo‘lmagan feminizmning shakllanishida o‘ziga xos yo‘l ochuvchi hisoblanadi.

Go‘yo hayotning o‘zi unga boshqa iloj qoldirmagandek, yetim qolib, bolaligini internatda o‘tkazdi va tikishni ham shu yerda o‘rgandi. Ammo og‘ir taqdiri, ota-onasiz qolgani va kambag‘alligiga qaramay, u kabareda hech kimga tanilmagan qo‘shiqchidan jamiyatning yuqori qatlamlarida moda qonunlarini belgilaydigan shaxsga aylandi. Koko o‘zining ayollik haqidagi tasavvuri bilan ularning dunyosini ostin-ustun qildi va zamonaviy modada inqilob yasadi.

Elza Skiaparelli

Modadagi hissasi: kiyim orqali o‘zini ifodalashning syurrealistik va o‘ziga xos shakli

Elza Skiaparellining dadil qarashlari, Salvador Dali bilan do‘stligi va o‘ziga xos ruhiyati dunyoga noodatiy shakllar va buyumlardan kiyim sifatida foydalanish imkonini berdi. Uning afsonaviy asarlari orasida poyabzal shaklidagi shlyapa, qisqichbaqa ko‘ylak va tirnoqli qo‘lqoplar bor. Shuningdek, Skiaparelli kyulotlarni yaratdi va birinchi bo‘lib kiyimlarda chaqmoqlardan foydalangan.

foto: INSTAGRAM/SCHIAPARELLI

Asosiy raqibi Koko Shaneldan farqli o‘laroq, Elza italiyalik zodagonlar oilasida dunyoga kelgan. Bolaligidan san’atga mehr qo‘ygan bo‘lsa-da, isyonkor ruhi uni ota-onasi uyidan chiqib ketishga majbur qildi va 1922-yilda Parijga olib keldi. U yerda yangi tug‘ilgan qizchasi bilan yolg‘iz holda yangi hayot boshladi.

Barchasi oq bant shaklida to‘qilgan sviterdan boshlandi. Uni Elzaning chizgisi asosida tanishi to‘qigan edi. Skiaparellining o‘zi hayratda qolganidek, aynan shu sviter uni oxir-oqibat Schiaparelli nomli shaxsiy moda uyini ochishga undadi. Bu moda uyi bugungi kungacha o‘z asoschisining syurrealistik estetikasini aks ettirmoqda.

Madlen Vionne

Modadagi hissasi: qiyshiq bichim va antik uslubdagi ko‘ylak siluetlarini ishlab chiqdi. Bu ko‘ylaklar tanani qisib turmas, balki uni nozik o‘rab turardi

Italiya me’morchiligi va san’atidan ilhomlangan holda, u xuddi haykaltaroshday, ayol tanasining tabiiy go‘zalligi va nafisligini aks ettiruvchi jonli, ravon liboslarni matodan yasagan. Uning texnikasi shu qadar o‘ziga xos ediki, ba’zida ko‘ylaklarda faqat bitta chok bo‘lib, barcha egri chiziqlarni u drapirovka va tugunlar orqali mohirona yaratgan.

foto: elle.ua

Madlen Vionne nomi o‘sha davrdagi moda inqilobchilari orasida nohaq unutilmoqda. Vaholanki, u hamkasbi Koko Chanel singari ayollar kiyimini “erkinlashtirish”da peshqadam bo‘lgan, ayollarni tor liboslar bilan cheklovchi ijtimoiy qoliplarga qarshi chiqqan va qashshoqlikdan to Nyu-Yorkdagi shaxsiy moda uyigacha bo‘lgan mashaqqatli yo‘lni bosib o‘tgan edi. Madlen nafaqat ayollar tanasining tabiiy go‘zalligini, balki ularning huquqlarini ham himoya qilib, o‘z xodimlarini bepul ovqat, haq to‘lanadigan homiladorlik ta’tillari va tibbiy xizmatlar bilan ta’minlagan.

Kler Makkardell

Modadagi hissasi: american look va casual uslubining yaratuvchisi

O‘sha davrdagi ko‘plab dizaynerlardan farqli o‘laroq, Kler fransuz yuqori modasi ortidan quvmagan, shuning uchun uning nomi unchalik mashhur emas, afsuski. Aynan u denim va A-siluet ko‘ylaklarini modaga kiritib, kundalik kiyimlarda qulaylik va ommaboplikka e’tibor qaratdi. Kler Makkardell ayollar o‘zlarini go‘zal va nafis his qilishlari, ayni paytda faol turmush tarzini saqlab qolishlari uchun universal dizayn yaratdi va tabiiy matolardan foydalandi. Uning kiyimlari ko‘p vazifali bo‘lib, o‘sha paytda Amerikada yetishmayotgan ayollar garderobining o‘ziga xos “asosi”ga aylandi.

foto: elle.com

Kler Makkardell bolaligidanoq liboslarga ishqiboz bo‘lgan va ulg‘ayganida kim bo‘lishini aniq bilgan. U Nyu-Yorkdagi amaliy san’at maktabida ta’lim oldi va 1926-yilda Parijga yo‘l oldi. U yerda mashhur Madlen Vionne ijodidan ilhom oldi. Uzoq yillik faoliyati davomida Klerning o‘zi ham ilhom manbaiga aylandi va Tory Burch, Calvin Klein va Donna Karan kabi ko‘plab zamonaviy dizaynerlar uchun yo‘nalish belgilab berdi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles