Yuber de Jivanshi: noziklik aristokrati

Nafosat haykaltaroshi

21 Fev 2025
foto: spotlight/Givenchy

Yuber de Jivanshi – nafislik, noziklik va abadiy shinamlikning timsoli bo‘lgan nom. Uning ijodi aslzoda vazminlik va benuqson uslubni o‘zida mujassam etgan, iste’dodi va bichimga yangicha yondashuvi esa Yuqori moda haqidagi tasavvurni butunlay o‘zgartirib yuborgan.

Yuber Jeyms Marsel Taffen de Jivanshi 1927-yil 20-fevralda Fransiyaning shimolida joylashgan Bove shahrida zodagon oilada dunyoga kelgan. Uning ona tomondan bobosi mashhur bezakchi va kolleksioner bo‘lib, bu Yuberga bolaligidanoq san’at va go‘zallikka bo‘lgan didni singdirgan. Parijdagi nafis san’atlar maktabini tugatgach, u Jak Fat, Rober Pije va Elza Skiaparelli moda uylarida ishlaydi, o‘z mahoratini oshiradi va ayollar modasi haqidagi shaxsiy qarashlarini rivojlantiradi.

foto: instagram/@theladyofthegoldrings

25 yoshida Jivanshi o‘z moda uyiga asos soladi. Givenchy’ning birinchi kolleksiyasi haqiqiy shov-shuvga sabab bo‘ladi: modellar oddiy oq ko‘ylaklar va balet yubkalarida paydo bo‘lishadi, bu urushdan keyingi modaning hashamatli, murakkab siluetlaridan keskin farq qilardi. U kundalik hayotga “ajratib olinadigan elementlar”ni – kiyimning turli qismlarini birlashtirib, ko‘plab obrazlar yaratish imkoniyatini kiritadi, bu esa Yuqori moda olamida inqilob bo‘ladi.

Odri Xepbern bilan qismatga bitilgan uchrashuv moda va kinoni butunlay o‘zgartirib yuboradi. Ularning hamkorligi shunchaki dizayner va ilhom parisi munosabatidan ko‘ra ko‘proq edi. Bu mukammal uyg‘unlik edi. Jivanshi yaratgan kichik qora ko‘ylak uslub ramzi, Parij nafosatining timsoli va zamondan tashqari ayollik belgisiga aylanadi. Givenchy “Sabrina’ (1954), “Tiffanidagi nonushta” (1961) va “Millionni qanday o‘g‘irlash kerak” (1966) filmlarida Odri uchun mashhur liboslarni yaratadi. U Odrini nafaqat ekranda, balki hayotda ham kiyintiradi, uning nozik nafosatini ta’kidlaydi, bu uning estetikasiga juda mos kelardi.

foto: instagram/@archivesdelamode

Jivanshi har doim bir qadam oldinda edi. U birinchilardan bo‘lib yuqori moda va prêt-à-porter o‘rtasidagi chegaralarni buzishga jur’at etdi va tayyor kiyimlar dunyosiga yo‘l ochdi. Aynan u o‘nlab yillar davomidagi moda tajribalarini oldindan bashorat qilgan mashhur qop-ko‘ylakni taqdim etadi. U novator edi, lekin har doim asosiy tamoyilga sodiq qoladi – kiyim shaxsning davomi bo‘lishi kerak, niqob emas.

Jivanshi toza chiziqlar, soddalik, harakat erkinligi va oliyjanob matolarga e’tibor qaratadi. Uning uslubini “ortiqcha narsalarsiz nafislik” deb ta’riflash mumkin. U modaga qattiq korsetlar o‘rniga to‘g‘ri siluetlar, tabiiy go‘zallikni ta’kidlovchi ustunsimon ko‘ylaklar, obrazning dramatikligini yaratuvchi kapyushonlar va hajmli yoqalar, A-simon ko‘ylaklar va toza chiziqli kokteyl liboslarini kiritadi. Yuber birinchi bo‘lib kechki liboslar uchun paxtadan foydalana boshlaydi va hashamat har doim ham og‘ir va detallar bilan to‘lib-toshmasligi kerakligini isbotlaydi.

foto: instagram/@theladyofthegoldrings

1988-yilda Givenchy uyi LVMH guruhi tomonidan sotib olinadi va 1995-yilda Yuber de Jivanshi ijodiy direktor lavozimini tark etib, boshqaruv jilovini Jon Gallianoga, keyin esa brend DNKsiga o‘zlarining avangard qarashlarini kiritgan Aleksandr Makkuin va Rikardo Tishiga topshiradi. Biroq, Jivanshi ruhi, uning vazmin nafosati va hashamatga bo‘lgan muhabbati bugungi kungacha moda uyining ajralmas qismi bo‘lib qolmoqda.

Yuber shahar tashqarisidagi mulkda yashagan va san’at, dizayn hamda bog‘dorchilikdan zavq olgan, umrining oxirigacha o‘zining aristokratik didiga sodiq qolgan. U 2018-yil 10-martda 91 yoshida vafot etib, o‘zidan o‘lmas meros qoldiradi. Yuber de Jivanshi nomi benuqson did, fransuz nafosati va abadiy go‘zallik ramzi sifatida moda tarixida abadiy qoladi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles