Ijodiy direktor – brendning konseptual orkestri dirijori hisoblanadi
Ijodiy direktorlar moda sanoatining ohangini boshqaradi, shuning uchun ularning ismlarini bilish muhimdir
Ko‘pincha aynan dizaynerlarni brend yuzi deb o‘ylayshadi. Biroq, modalar uyining ijodiy g‘oyalari, brendi, obro‘si va konsepsiyasi ortida kim turganini bilishmaydi. Ijodiy direktor – bu ijodiy sanoatning sahna ortidagi rejissyori bo‘lib, modalar uyining strategiyasini shakllantiradi, dizaynerlarni jamlaydi va rag‘batlantiradi, shuningdek, dizayn konsepsiyasi muayyan g‘oyaga amal qilinishini ta’minlovchi shaxs hisoblanadi.
Darhaqiqat, hamma ham ijodiy direktor lavozimining moda sanoatidagi muhim o‘rni haqida taassurotga ega emas. Mazkur lavozim egasining zimmasiga katta mas’uliyat – brendning dunyodagi mavqei qanchalik to‘g‘ri va organik (tabiiy) tarzda taqdim etilishi yuklatilgan. Ijodiy direktorning moda sanoatidagi roli dizayn nazorati yoki kiyim ishlab chiqarishdan ham muhim.
Ijodiy direktorning asosiy vazifalaridan biri bu modalar uyi konsepsiyasiga, uning falsafasi va boy merosini saqlab qolgan holda, yangicha qarashlarni tatbiq qilishdir. Uning vazifasi nafaqat kolleksiya yaratish, balki brendning dunyodagi mavqeini kommunikatsiya kanallari, ambassadorlar, reklama kampaniyalari va hamkorlik (kollaboratsiya) orqali mustahkamlashdan iborat.
Dizayner mazkur lavozimga tayinlanishi bilan modalar uyi tarixi va imidjining bir qismiga aylanadi va u bilan bir butunlikni hosil qiladi.
Karl Lagerfeld
Chanel brendini Gabrielle Chaneldan tashqari yana kim bilan bog‘lash mumkin? Albatta, Karl Lagerfeld bilan. Chanel modalar uyi o‘ziga xos doimiyligi va barqarorligi bilan ajralib turadi. Shuning uchun Karlning 30 yil davomida ijodiy direktor lavozimida ishlab kelgani ajablanarli emas. Lagerfeld Chanel brendining o‘ziga xosligini saqlab qolgan holda doimiy ravishda o‘tkazib boriladigan yorqin shoulari va ularning g‘ayriodatiy lokatsiyalari (joylari) bilan tomoshabinlarni hayratga solgan. U o‘zining shaxsiy brendidan tashqari yana Fendi ijodiy direktori ham edi.
Maria Grazia Chiuri
Shuni bilamizki, ijodiy direktor lavozimini asosan erkaklar egallab kelgan. Dior modalar uyida ham vaziyat shunday edi, 2015-yilda esa mazkur lavozimga Maria Grazia Chiuri keldi. Marianing ayollarga bag‘ishlangan bahor-yoz 2016 kolleksiyasi uning ijodiy direktor sifatidagi faoliyatining boshlanishida esda qolarli chiqishidan biri bo‘lib qoldi. Brendning “We should all be feminists” va “Dio(R)evolution” shiori ostidagi futbolkalari modalar uyida feministik harakatlarning boshlanishidan darak berar edi. Keyinchalik Linda Nochlinning 1971-yilda yozilgan “Nega ayollar orasida buyuk rassomlar bo’lmagan?” asarini eslatuvchi, shuningdek, “Dunyoni ayollar boshqarsa nima bo‘lar edi?” shiori ostida ma’budalar liboslariga bagishlangan kolleksiyalari taqdim etildi.
Marianing Dior brendi orqali gender tengligi mavzusiga e’tiborni kuchaytirish harakatlari bejiz ketmadi: 2019-yilda Maria Grazia Chiuri Fransiyaning eng muhim mukofotlaridan biri “Faxriy Legion” bilan taqdirlandi.
Olivier Rousteing
Hozir hamma taniydigan Balmain brendini yosh, jasur va qo‘rqmas Olivier Rousteing yaratgan. U atigi 24 yoshida Olivier Balmain modalar uyi rahbari etib tayinlandi. Bu 2011 yilda sodir bo‘ldi. O‘sha davrlarda Rousteing ijtimoiy tarmoqlarning ta’siri haqida bilar edi, shuning uchun brendga tegishli va o‘zining shaxsiy sahifalarini yangi bosqichga olib chiqdi. Hozirgi kunda Balmain brendining sahifasi 12,2 millionta obunachiga, Olivier esa 10 millionta obunachiga ega. Rousteing barcha intervyularida ijodiy direktor – bu nafaqat podium uchun kiyim yaratadigan, balki brend o‘tkazadigan har bir shouning postanovkachi-rassomi, va shuningdek o‘z muxlislari bilan yaqin munosabatlarda bo‘lish yo‘llarini oldindan o‘ylaydigan insonidir. Parij modalar tarixida Olivier Rousteing Yves Saint Laurentdan keyin eng yosh ijodiy direktorlardan biri sifatida esda qoldi.
Phoebe Philo
Ko‘pchilik “old Céline” (eski Céline) fenomeni haqida eshitgan bo‘lsa kerak. Bu fenomen Phoebe Philo (Fibi Faylo) sharafi bilan shakllandi, u brend tarixi, uning moda olamidagi o‘rniga katta hissa qo‘shdi. Phoebening brendan ketishi katta shov-shuvlarga olib keldi. Celine brending asosiy qadriyatlari qulaylik, minimalizm va yuqori sifatdan iborat. Phoebening 2018 yildagi ketishidan muxlislar shunday ranjishdiki, hattoki yangi ijodiy direktor – Hedi Slimaneni (Edi Sliman) qabul qilishmadi. Undan tashqari, ular Instagramda “Old Celine” nomli sahifani ochib Phoebe Philo davrini eslatadigan uslubda yuritishdi. Phoebe Philo o‘zining ututilmas yondashuvi bilan Stella McCartneydan so‘ng Chloè brendida ijodiy direktor bo‘lib ishladi. U yerda ham Phoebe unutilmas iz qoldirdi. Sotuvlar 80% oshdi, brendda boxo-shik stilliga asos solindi. New York Times uni “yangi davr Chaneli” deb nomaladi. Ijodiy direktor lavozimida shundan buyon ishlamaganiga qaramasdan u moda karyerasiga nuqta qo‘ymadi. 2023 yilning kuzida u o‘zining shaxsiy brendiga asos soldi. Barcha OAVda “Eski Celine emas, undanda yaxshisi” degan sarlavhalar chiqib ketdi. Dizayner o‘z muxlislarini hozirgi davrda ham qadriyatlari, ya’ni qulaylik, minimalizm va yuqori sifat bilan xursand kelib kelmoqda.