Ikki olam o‘rtasida:

o‘zbek modelining Los-Anjelesda bosib o‘tgan yo‘li

Moda olamida nafaqat go‘zalligi bilan ilhomlantiruvchi, balki so‘zlab berishga arzigulik tarixi bor chehralar paydo bo‘lmoqda. U o‘zida turli madaniyatlarni mujassamlashtiradi. Bu tajribani u kuch va ilhom manbaiga aylantiradi. Jurnalning sentyabr oyi digital muqovasi qahramoni Asal Yusupova biz bilan bo‘lgan suhbatda ilk qadamdan to xalqaro e’tirofgacha bosib o‘tgan yo‘lining tarixi, ildizlari va o‘ziga xoslik qadrlanadigan sohada o‘zligini qanday saqlab qolish haqida so‘zlab berdi.

Prabal Gurang

Hikoyangizni bir boshdan aytib bersangiz: qayerda tug‘ilgansiz va bolaligingiz qanday o‘tgan?

Men Virjiniya shtatidagi Vinchester shaharchasida tug‘ilganman, ammo oilamizning asl tarixi Toshkentdagi C-1 dahasidan boshlanadi. Ota-onam 1991-yilda, Sovet Ittifoqi parchalanishi bilanoq, akam bilan AQSHga ko‘chib ketishgan. Amerikada o‘sgan bo‘lsam-da, ota-onam har yozni O‘zbekistonda o‘tkazishimizni muhim deb hisoblashardi. Bu safarlar bolaligimning ajralmas qismiga aylandi. Ular menga o‘z ildizlarim va madaniyatim bilan bog‘liqlikni, uzoq qarindoshlarim bilan yaqinlikni his etish imkonini berdi. Bu ikki olamning eng yaxshi qirralarini jamlaganimdan faxrlanaman va bu boylik uchun minnatdorman.

Malene Birger

O‘zbekiston haqidagi qaysi xotiralar sizni hamon ilhomlantiradi?

Voy, ular juda ko‘p! Masalan, Toshkentda men birinchi marta raqsni kashf etganman. Esimda, ilk bor Alisher Navoiy nomidagi teatrda balet tomoshasiga borib, nafaqat harakatlarga, balki kostyumlarga ham oshiq bo‘lganman. Sahnadagi o‘sha qizday bo‘lishni orzu qilardim va bir necha yildan so‘ng orzum ro‘yobga chiqdi. Meni faqat balet emas, balki turli raqs yo‘nalishlari ham shakllantirdi. Sahna menga o‘ziga ishonchni, o‘zini tuta bilishni va e’tibor markazida bo‘lishdan qo‘rqmaslikni o‘rgatdi. Liboslar meni xuddi chiqishlar kabi hayratga solardi. O‘sha paytlar men nozik kashta, yaltiroq munchoqlar, harir matolar va bejirim bosh kiyimlar asiriga aylanganman. O‘zbekistonga xos bo‘lgan bu yorqin detallar meni hanuz ilhomlantirib keladi.

Eh, mevalarni-ku, aytmasa ham bo‘ladi – O‘zbekistonning mevalaridek shirin mevalar boshqa hech qayerda yo‘q. Buvimning sehrli bog‘lari bo‘lardi – u gullar va mevali daraxtlarga g‘arq bo‘lgan edi. Men ham bir kun kelib Iqbol buvimnikidek chiroyli bog‘ga ega bo‘lishni orzu qilaman.

Almjanova Ikbol

Ildizlaringiz moda sanoatida o‘z o‘rningizni topishingizga yordam berayotganini his qilasizmi?

Hozirgi kunda, albatta! Biroq men faoliyatimni boshlaganimda soha butkul boshqacha edi. Bugungi kunda "o‘zgacha bo‘lish" ilgarigiga nisbatan ancha e’zozlanadi va qadrlanadi.

Prada

Los-Anjelesda yashaydigan o‘zbek qizi bo‘lish siz uchun nimani anglatadi?  Bu madaniy uyg‘unlik hayotingizni boyitadimi yoki aksincha, qiyinlashtiradimi?

O‘zbekiston – dunyoning shunday bo‘lagiki, u haqida Amerikada deyarli gapirilmaydi. Kundalik hayotda va suratga olish maydonlarida uchratadigan odamlarimning aksariyati uning qayerda joylashganini ham bilishmaydi, ba’zilari esa O‘zbekiston haqida men so‘raganimda ilk bor eshitgan bo‘lishadi. Shu sababdan meni ko‘pincha gavayilikka, yarim yapon-yarim ispan qiziga yoki eronlik, koreyalikka o‘xshatishadi. Lekin hech qachon Markaziy Osiyodan chiqqan qiz deb o‘ylashmaydi. Ammo modellikda bu menga qaysidir ma’noda qo‘l keldi: “etnik jihatdan kelib chiqishi noaniq”deb qabul qilishsa, turli qiyofa va rollarga moslashish osonroq bo‘ladi.  Biroq o‘zbek qizi bo‘lganimdan faxrlanaman. Shu bois imkon topdim deguncha, odamlarga madaniyatim haqida so‘zlab berishga harakat qilaman.

Prabal Gurang

Modellik faoliyatingiz qanday boshlangan?

Modellik faoliyatimni 16 yoshimda Nyu-Yorkda boshlaganman. Agentliklar bilan uchrashish maqsadida onam bilan birga ataylab u yerga borganmiz va aynan o‘sha safardan keyin hammasi boshlangan. Onam doimo mening eng katta tayanchim bo‘lganlar.

Michael Kors

Ilk kastinglarda qanday qiyinchiliklar bilan to‘qnash kelgansiz? Ularni qanday yengib o‘tgansiz?

Kasting sinovlariga endi qatnay boshlaganimda, bu soha butunlay boshqacha edi. Hamma narsa ancha vahimali tuyulardi. Biz hozir kuzatayotgan inklyuzivlik va shaffoflik degan tushunchalar u paytda yo‘q edi. Rad javobi keskin berilar, biror izoh keltirilmasdi, o‘smirlik davrida “meni deb bo‘ldi” degan xulosaga kelar, o‘ta olmaganim sababini tashqaridan izlashim qiyin bo‘lardi. Menga yordam bergan narsa — boshidanoq o‘zimda chidamlilikni tarbiyalab olganim va cho‘qqida hamma uchun joy borligini unutmaganim edi.

Chanel

Los-Anjeles sanoatdagi raqobati bilan mashhur. O‘zingizni qanday qilib ko‘rsata oldingiz?

Men uchun hammasi bu ishni qanchalik sevishim va naqadar tirishqoqligimga borib taqalardi. Doimo tayyorgarlikni ko‘rib qo‘yishga, xushmuomala bo‘lishga intilardim, samimiy tanishuvlar o‘rnatardim va hatto kichik loyihalarga ham “ha” deyishdan cho‘chimasdim. Chunki bularning barchasi o‘sishimga yordam beradigan va shubhasiz keyingi qadam sari yetaklaydigan tajriba edi.

Chloè

Faoliyatingizda burilish yasagan lahzani yoki tasvirga olish jarayonini eslay olasizmi? 

Faoliyatim faqat burilishlardan iborat, desam ham bo‘ladi. O‘n yildan ziyod vaqt davomida modellik qilarkanman, har bir bosqichda meni qandaydir yangi burilish kutib turardi. So‘nggi yillarda pardoz, teri va soch parvarishi bo‘yicha yirik xalqaro brendlar bilan hamkorlik qilib, beauty-sanoatda o‘z o‘rnimni topa oldim. Hamon bu ishni yaxshi ko‘raman, lekin vaqti kelib lyuks go‘zallik olamiga qiziqishim ortib ketdi. Fara Homidi bilan hamkorligim faoliyatimda yana burilish yasadi. Bu oddiy emas, ramziy burilish lahzasi bo‘ldi, zero Faraning tuprog‘i ham ona yurtimdan olingan. Aynan shu inson meni Essential Face Compact taqdimotiga taklif qildi. Fara – ham yuqori moda olamida, ham go‘zallik sanoatida o‘z mavqeiga ega shaxs hisoblanadi. O‘sha paytdan boshlab men uchun yangi yo‘l ochildi. Bu yo‘l meni oxir-oqibat Chanel bilan hamkorlikka olib keldi.  

Chanel

Sizga ilhom baxsh etadigan namuna yoki moda afsonasi bormi?

Menimcha, ko‘p jihatdan atrofimdagi ayollardan ilhomlanaman. Ayniqsa, onamdan - ular moda borasida doim trendlardan oldin yurar, zamonga bo‘ysunmas va g‘oyat nazokatli bo‘lib qolaverar edilar.   

Muslima Yusupova

Jahon moda sanoatiga o‘zbek madaniyatidan nimalarni olib kirishni xohlardingiz?

O‘zbek madaniyatidan jahon moda sanoatiga olib kirmoqchi bo‘lgan narsalarimning eng muhimi - bu bizning matolarimiz va hunarmandchilik an’analarimizdir. Atlas va adrasning ranglari, nozik kashtachilik namunalari - bularning barchasi menga ona yurtimni eslatadi. Ularda tarix, meros va muhabbat mujassam. Ishonchim komilki, moda o‘ziga xos va haqiqiy bo‘lgandagina ta’sir jihatidan kuchli bo‘ladi. O‘zbekistonda esa dunyo hali kashf etishi kerak bo‘lgan ko‘plab go‘zalliklar mavjud.

Prada

O‘zbekistonda modaning va modellik biznesining kelajagini qanday tasavvur qilasiz?

Menimcha, O‘zbekistonda moda va modellik sanoati hozirda rivojlanishning hayratlanarli bir bosqichini boshdan kechirmoqda. Meni eng ko‘p ilhomlantirgan narsa - bu dizaynerlarning an’analarni zamonaviylik bilan uyg‘unlashtirayotgani, ikat, so‘zanani, shuningdek atlas va adras kabi milliy naqshlarni butunlay yangicha uslubda jahon sahnasiga olib chiqayotganidir. Moda haftaliklari o‘tkazilishi va xalqaro aloqalarning rivojlanishi yosh iste’dodlar uchun ulkan imkoniyatlar yaratmoqda deb hisoblayman. Shu tariqa yoshlar e’tiborga tushmoqdalar. Bu menga chinakam umid bag‘ishlaydi.

Chanel

Menga ilhom baxsh etadigan moda afsonasi haqida gapiradigan bo‘lsak, o‘tgan yilning may oyida Tashkent Fashion Week doirasida J.Kim namoyishida qatnashish baxtiga muyassar bo‘ldim va uning ijodiga oshiq bo‘ldim. Dizaynerning madaniy merosni nihoyatda zamonaviylashtirib, xalqaro darajaga olib chiqqan holda qayta talqin etishi menga juda yoqadi. Uning asarlari o‘z ildizlariga hurmat ko‘rsatgan holda mutlaqo yangi narsalar yaratish mumkinligini isbotlaydi.  Nazarimda, hozirgi kunda o‘zbek modasi va moda sanoati aynan shu yo‘nalishda rivojlanmoqda.

Credits:

Model: @asaliayusupova

Photographer: @taylorcolgate

Retouch: @alika.retouch

Lighting Tech: @lukeanaclerio 

Producer: @honeymustardranch

Photo Assistants: @photo.by.Mariel and @maddiehecox 

Video: @shanelotz 

Stylist: @Tabithasanchez 

Styling assistant: @abbydepass

Beauty: @olga_pirmatova

Hair: @earth.to.Karen  

iPhone Images: @objectsbycoco

Furniture: @raum.la

Location: Asalia's Home

Fashion Director: Natasha Kasatkina

Maqolani baham ko'ring

Related articles