Inflyuyenser kasbi

Blogerlar, mashhurlar va fikr yetakchilari

29 Iyul 2024
foto: Leonnie Hanne/Spotlight

Bolaligimizda inflyuyenser degan kasbning o‘zi  yo‘q edi. Bu universitetda o‘qitiladigan an’anaviy kasb emas, ammo bugungi kunda juda mashhur faoliyat turlaridan biri. Bolalarimizning orzusidagi kasbi avvalgidek kosmonavt yoki o‘t  o‘chiruvchi ham emas, o‘qituvchi yoki shifokor bo‘lish ham emas. Ularning orzusidagi kasb bloger yoki tiktoker bo‘lish.  Keling, ana shu yangi zamonaviy kasb haqida, uning hayotdagi yorqin misolini tahlil qilamiz.

Inflyuyenser ingliz tilidan olingan so‘z bo‘lib, “influence” – “ta’sir etmoq” degan ma’noni bildiradi. Shundan kelib chiqadigan bo‘lsak, demak, inflyuyenserning asosiy ish faoliyati odamlarga, o‘zining auditoriyasiga ta’sir o‘tkazishdir. Inflyuyenserlar bu – blogerlar, mashhurlar, yetakchilar bo‘lishi mumkin. Ammo media olamiga tegishli insonlar emas. Misol uchun, Kate Middleton ijtimoiy tarmoqlarni yuritmaydi, blogerlik faoliyatini ham olib bormaydi, biroq o‘zining fikri orqali   minglab insonlarga yetakchilik qiladi.

Biznesda inflyuyenserlarning mashhurligi va ta’siri ortib borishi natijasida inflyuyens-marketing paydo bo‘ldi. Bu biron bir brendni, mahsulotni yoki xizmat turini ana shunday fikr yetakchisi orqali reklama qilish demakdir. Endi odamlarni an’anaviy reklamani tvda ko‘rsatish orqali jalb qila olmaysiz. Ular o‘zlarining  qiziqishlari, qadriyatlariga mos keladigan yoki shunchaki yoqtirib har kuni hayotini kuzatadigan ana shu soha vakillarining gaplariga quloq solishadi, tavsiyalarini inobatga olishadi.

Auditoriya hajmidagi farq

Megainflyuyenserlar: 1 milliondan ortiq obunachisiga ega, ko‘pincha bular mashhurlar (xonandalar, aktyor, aktrisalar, sportchilar, reality-shou yulduzlari)

Makroinflyuyenserlar: 40 mingdan 1 milliongacha bo‘lgan obunachisiga ega. Bular muvaffaqiyatli ekspertlar yoki turli sohalarda o‘z fikriga ega yetakchilar.

Mikroinflyuyenserlar: bir mingdan 40 minggacha obunachisiga ega insonlar. Auditoriyasining obunachilar soni oshishi uchun tekinga yoki barterga ishlashi mumkin.

Nanoinflyuyenserlar: 1 minggacha obunachisi bor. Kichik qamrovlar bo‘lgani uchun, obunachilari ularga ko‘proq ishonishadi, integratsiyani reklama emas, balki do‘stona maslahatdek qabul qilishadi.

Inflyuyenserlar quyidagi media-maydonlarda faoliyat olib borishadi:

YouTube – auditoriya soni jihatdan eng katta maydonlardan biri. YouTube blogerlarining eng mashhuri bu – sayohatni , hayot tarzini ko‘rsatuvchilar, tahlilchilar, shou, podkast olib boruvchilari, geymerlar, prankerlar va strimerlardir.

Instagram – faol yetakchilar bo‘yicha birinchi o‘rinda turadi. Asosiy auditoriyaning yoshi 16 dan 45 yoshgacha. Insta-blogerlar sayohat, hayot tarzi, oshxona, sport kabi guruhlarga bo‘linadi. Shuningdek, turli xil mavzu va yo‘nalishlarni birlashtirishi mumkin. 

Tiktok – eng yosh ijtimoiy tarmoq, ammo uning auditoriyasini nafaqat bolalar va o‘spirinlar, balki instagramda faol bo‘ladigan yoshdagilar ham tashkil etishi mumkin.

Inflyuyenserlar aynan nima bilan shug‘ullanishadi?

  • O‘zlari ishlatgan mahsulotning qo‘llash tajribasi bilan bo‘lishish va bu borada tavsiyalar berish orqali  o‘sha  mahsulot yoki brendga qiziqishni oshirishadi.
  • Auditoriya uchun foydali bo‘lgan xaridlarga rag‘batlantirishadi. Masalan: ona-blogerlar internet do‘konlaridan xarid qilgan biron bir mahsulotlarini ko‘rsatib, bu xarid onalar  hayoti uchun qanchalar yengillik olib kirishi mumkinligi haqida bo‘lishishadi. 
  • Mahsulotni qanday qo‘llash haqida tushuntirish olib  borishadi. Masalan, o‘z sahifasida go‘zallik mavzusini yurituvchi blogerlar pardoz qilishda kosmetik mahsulotni qanday qo‘llash kerakligini ko‘rsatishadi. Xuddi shu tarzda tahlilchi blogerlar ham ishlaydi. Bunday yondashuv ayniqsa texnika do‘konlari uchun juda zarur. Odamlar avvalgidek divanda o‘tirib, televizor ko‘rishmaydi. Ular sevimli blogerlarini ko‘rib, ularning fikriga tayanib xaridlarni amalga oshirishadi.
  • Xuddi shu inflyuyenserlar brendning yuzi va mavqeini ko‘taradigan  ambassadorlar ham bo‘lishi mumkin.
  • Inflyuyenserlar mahsulot va xizmatlar bilan ishlashdan tashqari, kontent ham yaratadilar. Ular boshqa blogerlar orasida ajralib turish va taniqli bo‘lish uchun o‘z uslublarini ishlab chiqadilar.

Taniqli dunyo inflyuyenserlariga misollar

Jennifer Lopez – o‘zining mashhurligi bilan Lotin Amerikasi xalqining tanilish darajasini oshirgan  qo‘shiqchi va aktrisa hisoblanadi. Kam ta’minlangan puerto-rikolik oiladan chiqqan Jennifer Lopez, shuningdek, J.Lo (Jey Lo) nomi bilan ham tanilgan. U o‘zining mashaqqatli mehnati tufayli butun dunyo bo‘ylab mashhurlikka erisha oldi.

foto: Jennifer Lopez/Schiaparelli/Spotlight

Kylie Jenner – tarixda eng yosh milliarder ayol. 21 yoshida Kim Kardashianning kichik singlisi Mark Zuckerbergdan ham o‘tib, Forbes ro‘yxatida 30-o‘ringa kirdi va  rekordni yangiladi. Hammasi ijtimoiy tarmoqlar va shaxsiy kosmetika brendi tufayli amalga oshdi. Bu megainflyuyenser kichkinaligidan oilasi bilan “Kardashian oilasi” reality-shousida suratga tushib, mashhurlikka erishdi. Lekin u haqiqiy mashhurlik cho‘qqisiga ijtimoiy tarmoqlardagi asosiy auditoriyasi bo‘lgan o‘spirin qizlar yordamida erishdi. Agar ko‘pchilik blogerlar mahsulotlarni reklama qilishsa, Kayli haqida bemalol aytish mumkinki, uning o‘zi unga millionlar keltiradigan o‘z mahsulotidir.

foto: Kylie Jenner/Margiela/Spotlight

Olivia Palermo – aktrisa, model va eng talabgir fashion-blogerlardan biri. Eng tanilgan inflyuyenserlardan biri bo‘lgani uchun, Olivia  ijtimoiy tarmoqlarda  ELLE, In Style, Harper’s Bazaar kabi ko‘plab dunyoga taniqli xalqaro jurnallarning bosh muqovasiga chiqqan.  Bundan tashqari u o‘z turmush o‘rtog‘i Johannes Huebl bilan ijtimoiy tarmoqlarda eng mustahkam juftlik sifatida ko‘pchilikka o‘rnak bo‘lib kelmoqda.

foto: Olivia Palermo/Spotlight

Karen Wazen – kelib chiqishi livanlik bo‘lib, eng mashhur Instagram blogerlaridan biri hisoblanadi. Ko‘pchilik unga taqlid qiladi. O‘zining blogini  sayohat hayot tarzini ko‘rsatish bilan boshlagan bu uch farzandning onasi hozirda trendga chiqmoqda. Ko‘plab xalqaro kompaniyalar bilan hamkorlik qiladi. Instagramdan tashqari Karen YouTube platformasida ham o‘z kanalini olib boradi.  2019-2020 yillarda esa u Forbes jurnalining  “Yaqin sharq brendlari ortidagi ayollar”  ro‘yxatiga tushdi.

foto: Karen Wazen/Spotlight

Leonie Hanne – o‘zining yoqimli tabassumi va uslubi bilan butun dunyoni zabt etgan nemis lifestyle va fashion-inflyuyenseri.  Unga millonlab qizlar taqlid qilishga harakat qilishadi. Uni barcha dunyo moda haftaliklariga taklif etishadi, moda jurnallari uchun suratga olishadi. Uning shaxsiy hayotida ro‘y berayotgan munosabatlarning rivojlanish  tafsilotlarini butun dunyo kuzatadi. Leonie moda ixlosmandlari va chiroyli sayohatlarni sevuvchilar uchun namuna bo‘lib, uning sayohatlardan yoritib kelayotgan lavhalari  ko‘plab Instagram foydalanuvchilarining  orzusiga aylangan. 

foto: Leonie Hanne/Spotlight

 

Maqolani baham ko'ring

Related articles