Jacquemus: Provanslik yigit soddalikni qanday qilib moda inqilobiga aylantirdi

Shaxsiy tarixdan o‘sib chiqqan va moda haqidagi tasavvurni o‘zgartirgan brend

17 Iyul 2025
foto: Instagram / Jacquemus

Simon Port Jacquemus 19 yoshida o‘z brendini yaratdi, uning ortida na yirik sarmoyadorlar, na badavlat oila bor edi. Fransiyaning Malmor qishlog‘idagi oddiy fermer oilasida tug‘ilgan Simon bolaligidanoq kiyim-kechakka qiziqib, tikishga dastlabki qadamlarini qo‘ygan va o‘zini erkin ifoda etgan. Onasi Valeri bu qiziqishlariga to‘sqinlik qilmadi, aksincha uni ilhomlantirdi. Aynan u o‘g‘lining iste’dodini birinchi bo‘lib payqab, unda o‘zini tutish jasoratini qo‘llab-quvvatladi. Onasining bevaqt vafotidan so‘ng, Simon o‘z kuchini ijodga yo‘naltirdi – bu onasi xotirasiga va muhabbatining davomi edi. Keyinchalik u o‘zining eng yorqin kolleksiyalaridan biri – 2018-yilda Parijdagi Pikasso muzeyi hovlisida namoyish etilgan “La Bomba”ni onasiga bag‘ishladi.

Simonning otasi o‘g‘liga bolalikdan sodda bo‘lishni o‘rgatdi. Soddalik uslub emas, balki majburiy zarurat edi. Simonda murakkab konstruksiyalar yoki qimmatbaho materiallar uchun yetarli mablag‘ yo‘q edi, ammo aynan lo‘ndalik, soddalik va samimiylik Jacquemus DNKsining asosini tashkil etdi. Minimalistik liboslar, erkin shakllar, quyoshli matolar va janubiy joziba – bularning barchasi shaxsiy tarixdan kelib chiqqan edi.

Brendni yaratishdan oldin Simon bir muddat model sifatida ishladi va Comme des Garçons’da amaliyot o‘tadi. U yerda sanoatdagi dastlabki tajribasini orttirdi va Rey Kavakuboning (Comme des Garçons brendi asoschisi) kuchli mustaqil brend yaratish yondashuvidan ilhom oldi. 2015-yilda Jacquemus nufuzli LVMH mukofoti finaliga chiqdi va hakamlar hay’atining maxsus sovrinini – brendni rivojlantirish uchun 150 ming yevro qo‘lga kiritdi. Bu uning karyerasidagi muhim nuqta bo‘ldi – brend sanoat va xalqaro matbuot e’tiborini tortdi, Simonning nomi esa yanada mashhur bo‘la boshladi.

Fransiya janubidagi lavanda dalasida o‘tkazilgan 2019-yil bahor-yoz kolleksiyasi namoyishi burilish nuqtasi bo‘ldi. Binafsha rangdagi vodiy o‘rtasida pushti rang podium yotqizilgan bo‘lib, unda pastel rangdagi kiyimlardagi modellar namoyish etildi. Kolleksiya “Le Coup de Soleil” (“Quyosh zarbasi”) deb nomlandi va u haqiqatan ham sanoat uchun zarba bo‘ldi. Bu shou orqali Simon moda hissiy, go‘zal va radikal tarzda shaxsiy bo‘lishi mumkinligini ko‘rsatdi – ortiqcha shovqinsiz.

O‘shandan beri Jacquemus namoyishlari alohida hodisaga aylandi. U ularni g‘ayrioddiy joylarda o‘tkazadi, ularning har biri kolleksiya g‘oyasini kuchaytiradi. 2020-yilda modellar bug‘doy dalalari orasidagi tor yo‘lakdan (“L’Amour”), 2022-yilda esa Fransiya janubidagi qum tepaliklari bo‘ylab (“Le Papier”) yurdilar, u yerda kiyimlar go‘yo manzara bilan uyg‘unlashib ketgandek edi. Uchish-qo‘nish yo‘lagida, basseynda, qor bosgan tekislikda ham namoyishlar bo‘lib o‘tdi. Taqdimotga bunday yondashuv brendni vizual jihatdan tanib olinadigan qildi va moda namoyishi uchun yangi me’yorni belgiladi. Simon sotish uchun emas, balki ichidagini ulashish uchun ijod qiladi: erkinlik, samimiy his-tuyg‘ular va hayotga bo‘lgan muhabbat. Va bu odamlarni o‘ziga tortadi.

Bundan tashqari, Jacquemus har qanday reklama strategiyasidan kam bo‘lmagan brendning vizual tilini yaratdi. Uning Parij ko‘chalarida aylanib yuradigan o‘ziga xos ulkan sumkalari, sabzavot do‘konlariga o‘xshab bezatilgan pop-aplari, qisqa videolar orqali kolleksiyalar haqidagi e’lonlari va hikoyalari – bularning barchasi brendning noyob hissiy tilini yaratadi. U ongli ravishda o‘z shaxsiyatining davomi sifatida imijini shakllantiradi. Uning Instagram sahifasi savdo vitrinasi emas, balki xotiralar, muhabbat va tuyg‘ularning fotokundaligidir. U tabiiy, samimiy va shuning uchun ham ishonch uyg‘otadi.

Uning eng so‘nggi to‘plamlaridan biri – “LE PAYSAN” (fransuzchadan “Dehqon”) Simonning o‘tmishiga bag‘ishlangan: uning oilasi, bolaligi, qishloq hayotining oddiy quvonchlari. Namoyish Versal oranjereyasida – uning sevimli joyida bo‘lib o‘tdi, u yerda o‘tmish va bugunni ramziy ravishda birlashtirdi. To‘plamni taqdim etishdan oldin u bolalikdagi oilaviy fotosuratlardan sahnalarni qayta yaratgan bir qator rasmlarni e’lon qildi. Shou yakunida Simon ko‘zida yosh bilan ta’zim qildi – zal tik turib qarsaklar chaldi. Keyinchalik u shunday deb yozdi: “Men kelajak uchun yangi narsa yaratish maqsadida o‘tmishga hurmat bajo keltirmoqchi edim. Bu shou - mening ularga minnatdorchiligim”.

Yumshoq shakllar, nafis matolar, go‘yo Provans bozorlarining hidi singib ketgan bezaklar – bu to‘plam ildizlarga bo‘lgan muhabbatning namoyon bo‘lishi edi.

Jacquemus – bu shunchaki brend emas, balki falsafa. U qalbli moda, samimiylik va his-tuyg‘ular haqida. Simon kimdir bo‘lishga intilmaydi, u o‘z dunyosini o‘zi atrofida quradi. Moda ko‘pincha trendlar ortidan quvib, o‘ziga xoslikni yo‘qotayotgan bir davrda, Jacquemus eslatadi: moda – bu avvalo tarix.

Maqolani baham ko'ring

Related articles