Kelin uchun eng maqbul tufli: klassikadan 2025-yil trendlarigacha
To‘yga qaysi poyabzal mos keladi va uni tanlashda nimalarga eʼtibor qaratish lozim?

Kelin qiyofasi odatda libosga qarab yaratiladi, lekin mazkur obrazda poyabzal ham muhim rol o‘ynashini unutmaslik kerak. Kelin hayotidagi eng hayajonli kun qanday o‘tishini, ya’ni u o‘zini yaxshi his qiladimi, harakatlanish qulay bo‘ladimi, bularning barini to‘g‘ri tanlangan tufli belgilab beradi. So‘nggi vaqtlarda ortiqcha “yaltiroqlik” orqa planga o‘tib, “qulaylik” birinchi o‘ringa chiqdi: aynan qulaylik va bayramni ortiqcha cheklovlarsiz o‘tkazish imkoniyati 20 sm balandlikdagi poshnaga ega bo‘lgan, Swarovski toshlari bilan bezatilgan tuflilardan ko‘ra ko‘proq qadrlanmoqda Har bir kelinga o‘ziga ideal mos tushadigan tuflini topishda yordam berish uchun biz mazkur maqolada turli xil nikoh tuflilarini jamladik.

fotо: instagram \ @manoloblahnik
Qulaylik - zamonaviylikning asosiy qoidasi hisoblanadi. Tobora ko‘proq brendlar barqaror poshnali, ingichka past poshnali yoki umuman poshnasiz nikoh tuflilarni taklif etmoqda. Yumshoq charm taglik, sozlanadigan tasma va anatomik qolipli modellar ommalashmoqda. Hatto lyuks brendlar ham bu yo‘nalishda ish boshladi: Jimmy Choo satin va kristalli baletka tuflilarni taqdim etdi, Manolo Blahnik esa mashhur Hangisi modelini nafaqat baland, balki past poshnali variantda ham ishlab chiqarmoqda. Aslida, poyabzal uzun ko‘ylak ostidan u darajada ko‘zga tashlanmaydi - demak kelin bemalol chiroyli va qulay tuflini tanlay oladi.

fotо: instagram \ @manoloblahnik
So‘nggi yillarning trendi — ilgari majburiy bo‘lgan oq rangdan qochish. 2025-yilda urg‘u qaymoqrang, nyud va fil suyagi rangi kabi mayin ranglarga ko‘chmoqda.
Masalan, Gianvito Rossi yoki Aquazzur‘ning nyud ranglari oyoqlarni uzunroq ko‘rsatib, turli xil matolardan tikilgan ko‘ylaklar bilan yaxshi mos tushadi.

fotо: instagram \ @gianvitorossi
Yana bir dolzarb yo‘nalish — metallik. Jimmy Choo va Amina Muaddi oltin va kumushrang modellarni taklif qilmoqda. Bu tuflilar aksessuarlar bilan birgalikda yaxlit obraz yaratadi.

fotо: instagram \ @aminamuaddi

fotо: instagram \ @machandmach
Yorqin tuflilar ham trendda: Christian Louboutin‘da qizil modellarni, Mach & Mach‘da esa kristallar bilan bezatilgan kutilmagan ranglardagi tuflilarni topish mumkin. Bunday variantlar qiyofaga yorqinlik bag‘ishlab, kelinning individualligini ko‘rsatib beradi.

fotо: instagram \ @machandmach
Ortiqcha detallarsiz minimalistik modellar, shuningdek dizayni nafis bo‘la turib, biror yorqin shtrix berilgan, masalan bant, to‘qa yoki kristallar o‘rnatilgan tuflilar hozir urfda. Vinil hamda to‘rdan ishlangan shaffof detallarga bo‘lgan trend to‘y modasini ham zabt etdi - bunday elementlarni Gianvito Rossi to‘plamlarida uchratish mumkin. Matolardan satin, shoyi va jilosiz charm dolzarblashgan.

fotо: instagram \ @gianvitorossi

fotо: instagram \ @jimmychoo

fotо: instagram \ @manoloblahnik
Hozirgi kunda ko‘plab kelinlar ikki juft poyabzal tanlashyapti: rasmiy marosim uchun klassik tufli va ziyofat uchun yengilroq variant. Masalan, asosiy marosimdan so‘ng baland poshnali tuflini myuli, baletka yoki dizaynerlik krossovkasiga alishtirish mumkin. Nikohning rasmiy qismida kelin klassik siluetda namoyon bo‘ladi, o‘yin-kulgi chog‘ida esa maza qilib raqsga tushish va o‘zini qulay his qilish imkoniyati paydo bo‘ladi. Ayrim brendlar bu trendni qo‘llab-quvvatlamoqda, masalan, Golden Goose‘dan kelin qiyofasiga mos keladigan krossovkalarni topish mumkin.

foto: instagram \ @goldengoose