Ko‘z soyalari: tanlov yoki tajriba
Mukammal qiyofamizni yaratamiz
Makiyaj – o‘zilikni ifodalash erkinligi. U har birimizga yaqin bo‘lgan ranglar va shakllarni tanlash imkonini beradi. Ko‘z rangi va soyalar o‘rtasidagi kontrast masalasida qat’iy qoidalarga amal qilish shart emas. Masalan, moviy ko‘zlar uchun moviy soyalardan foydalanishni istasangiz, bu mutlaqo joiz. Ko‘z konturini ta’kidlash muhim. Nigohni yanada ifodali qilish uchun kiprik ildizlarini tush bilan bir necha qavat qilib quyuq bo‘yang.
Ko‘z rangiga qanday urg‘u berishni tushunish juda muhim. Bu bilim sizning o‘ziga xosligingizni ko‘rsatadigan uyg‘un qiyofani yaratishga yordam beradi. Soyalarni tanlash istalgan natijaga qarab kontrast sxemasiga yoki bir xil ranglar uyg‘unligiga asoslanishi mumkin. Ushbu materialda ELLE O‘zbekiston batafsil tavsiyalar va sirlarni o‘z o‘quvchilari bilan baham ko‘radi.
Pushti-olxo‘ri
Bu ranglar yashil ko‘zlarni ayniqsa yorqin namoyon etadi, shuningdek jigarrang ko‘zlarning yashil tusini ham yaxshi ajratib ko‘rsatadi. Biroq, ushbu rang gammasidan foydalanganda tez-tez paydo bo‘ladigan “yig‘lagan” ko‘zlar ko‘rinishidan qochish muhim. Buning oldini olish uchun:
- Soyalar surishdan oldin qizarishlarni bartaraf etish uchun ko‘z tomchilaridan foydalanish mumkin
- Qora qalam bilan kipriklar orasidagi bo‘shliqni yaxshilab to‘ldirish
- Ko‘z oqsillari va qovoqdagi pigment o‘rtasidagi chegarani ta’kidlab, kontrast hosil qiladigan qora tush tanlang.
Bu ranglarni haddan tashqari keng yoyib yubormaslik lozim. Ko‘z qovog‘ining burmalarida neytral kulrang-och jigarrang tusdan foydalanish maqsadga muvofiq bo‘lib, bu uyg‘un va muvozanatli ko‘rinish yaratishga yordam beradi.
Yashil
Yashil soyalar jigarrang ko‘zlarda ajoyib ko‘rinadi, shuningdek, kulrang ko‘zlarni ham yoqimli tarzda jilolantiradi. Bu ranglarni kulrang qalam bilan uyg‘unlashtirish yoki qora soyalar bilan to‘qlashtirib ishlatish mumkin. Iliq yashil tuslar uchun esa jigarrang tush va qalamdan foydalanish maqsadga muvofiq.
Ko‘k-havorang
Bu ranglar ishlashda eng murakkablaridan biri hisoblanadi, chunki ko‘k va moviy soyalar ko‘pincha yoyilib ketishga moyil bo‘ladi va ular alohida ehtiyotkorlikni talab qiladi. Biroq, to‘g‘ri qo‘llanilganda, bunday soyalar jigarrang ko‘zlarni jonlantirishi va yashil ko‘zlarga melanxolik teranlik baxsh etishi mumkin.
Bu ranglar sovuq gammaga mansub bo‘lganligi sababli, boshqa pardoz mahsulotlari – yanoqlar uchun qizil va labbo‘yoq uchun sovuq pushti, siyohrang yoki olxo‘ri ranglarini tanlash maqsadga muvofiqdir.
To‘q sariq-jigarrang
Ushbu rang gammasi eng universal bo‘lib, turli xil obrazlarni yaratish uchun juda mos keladi. Bej va jigarrang tuslar yuz chiziqlarini to‘g‘rilashga, osilib turgan qovoqlarni ko‘tarishga, ko‘zlarni vizual jihatdan kattalashtirishga va burun ko‘prigini toraytirishga yordam beradi. Bundan tashqari, ular moviy ko‘zlar bilan kontrast hosil qilib, ko‘zlarni yanada yorqinroq ko‘rsatadi. Soyalarning to‘g‘ri tonini tanlash juda muhim, shunda ranglar bir-biriga ravon o‘tib, uyg‘unlikni hosil qiladi.