Kutyurdan mehmonxonalar

Dunyodagi eng zamonaviy mehmonxonalar

Foto: Instagram / bvlgarihotels

Tasavvur qiling, siz shunchaki mehmonxonaga joylashib qolmay, sevimli moda uyingiz dunyosiga kirib qolgandeksiz. Bu yerda har bir tafsilot – nafis mebeldan tortib xonadagi muattar iforalargacha – mashhur brendning uslubi va falsafasini aks ettiradi. ELLE O‘zbekiston tahririyati sizni mashhur moda uylari va taniqli kutyurlarning go‘zal ko‘rfazlarga ochiluvchi maftunkor manzarali mehmonxonalari bilan tanishishga taklif etadi.

Bulgari Resort, Bali, Indoneziya

2006-yilda Italiyaning Bulgari Hotels & Resorts kompaniyasi Indoneziyada ikkinchi mehmonxonasini ochdi. Dam olish maskani Bali orolidagi Uluvatu tumanining baland qiyaligida joylashgan. Mehmonxonadan Hind okeanining keng ko‘rinishi ochilib, xususiylashtirilgan plyajga chiqish imkoniyati mavjud. Joy an’anaviy Bali unsurlari bilan italyancha elementlarni uyg‘unlashtirgan.

Kurort tropik bog‘lar orasida, suv ustida yoki shaxsiy hovuzli turli xil villalar va hashamatli xonalarni taklif etadi. Mehmonxona hududida spa-salonlar, fitnes markazlari, restoranlar va Bulgari do‘koni faoliyat yuritadi. Xizmatlar va ko‘ngilochar tadbirlar qatoriga qo‘shni orollarga bir kunlik sayohatlar, vulqon ustidan vertolyotda uchish, mahalliy bozorlar va boshqa diqqatga sazovor joylarga tashrif buyurish kiradi.

Bulgari Hotels & Resorts kompaniyasi Dubayda ham besh yulduzli mehmonxona ochdi. U o‘z plyajiga ega bo‘lgan Jumeirah Bay sun’iy orolida joylashgan. Uning me’morchiligi dengiz oti shaklida bo‘lib, ichki bezagida ikki uslub uyg‘unlashgan: an’anaviy italyancha va Yaqin Sharq jozibasi.

Palazzo Versace, Dubay, BAA

2016-yilda Italiyaning Versace modalar uyi Dubaydagi Jaddaf Waterfront sohili bo‘yida yangi dizaynerlik mehmonxonasini taqdim etdi. Palazzo Versace barokko uslubidagi unsurlar bilan bezatilgan italyan saroyini eslatadi. Xonalar brendning noyob gazlamalari va mebellari yordamida jihozlangan. Mehmonxona dizaynining har bir jihati mehmonga Versace uslubidagi hashamatli turmush tarzini his qilish imkonini beradi.

Ichki bezaklar marmar pollar, mozaikalar, boy to‘qimalar va yorqin ranglarni o‘z ichiga oladi. Mehmonxonaning asosiy vestibuli Versache’ning o‘ziga xos naqshlarida ishlangan. Mehmonxona hududida restoranlar, barlar, bog‘lar, hovuzlar, spa va fitnes markazlari joylashgan. Shuningdek, bu yerda plyajdagi osoyishtalik va yolg‘izlikdan yoki turli xil suv sporti hamda ko‘ngilochar o‘yinlardan bahramand bo‘lish mumkin.

 

Tortuga Bay, Dominikan Respublikasi

Dominikan Respublikasining Punta Kana shahrida joylashgan Tortuga Bay mehmonxonasi 2005-yilda ochilgan. Ushbu hashamatli butik-mehmonxona Puntacana Resort & Club majmuasining bir qismi bo‘lib, mashhur dizayner Oskar de la Renta tomonidan loyihalashtirilgan. Har bir tafsilot oddiylik va nafislikning mukammal uyg‘unligini aks ettirib, nozik hashamat, qulaylikni o‘zida mujassam etadi.

Mehmonxona Karib dengizi qirg‘og‘iga qaragan baland tropik palmalar orasidagi villalarga ega. Kurortdan oppoq qumli xususiy plyajga chiqish imkoniyati bor. Shuningdek, bu yerda katta golf maydoni, mini-parklar, spa-salonlar, fitnes markazlari, restoranlar va barlar mavjud.

 

Round Hill Hotel and Villas, Montego-Bey, Yamayka

Round Hill Hotel and Villas Yamaykaning shimoli-g‘arbiy qirg‘og‘idagi Montego-Bey manzarali tumanida joylashgan. Mehmonxona 1953-yilda ochilgan bo‘lib, mamlakatdagi eng mashhur va nufuzli kurortlardan biri hisoblanadi. Mehmonxona tropik bog‘lar va oppoq plyajlar bilan o‘ralgan xususiy yarim orolda joylashgan. Amerikalik dizayner Ralf Loren asosiy bino va dengizga qaragan xonalar dizaynini yaratgan. Bezakda oddiylik va ma’lum darajada qat’iyat, nafis va zamonbilmas, xuddi dizaynerning o‘ziga xos uslubidek ustunlik qiladi.

Mehmonxonada palmalar va tropik daraxtlar bilan o‘ralgan, okeanga qaragan katta ochiq hovuz mavjud. Kurort hududida restoranlar, barlar, spa-salonlar va fitnes markazlari faoliyat yuritadi. Bundan tashqari, Round Hill’da snorkeling, kayaking va vindserfing kabi turli xil mashg‘ulotlarga ega xususiy plyaj bor.

 

Fendi Private Suites, Rim, Italiya

Fendi Private Suites Rimning qoq markazidagi tarixiy Palazzo Fendi devorlarida yashiringan. Bu noyob mehmonxona atigi bir nechta hashamatli xonalarni taklif etadi, ularning har biri go‘yo yuqori moda va dizayn san’ati uyg‘unligida yaratilgandek: zamonaviy interyerlar Fendi mebellari va aksessuarlari bilan bezatilgan.

Mehmonlar uchun noyob imtiyozlar mavjud – Abadiy shaharning maftunkor manzarasiga ega tomdagi xususiylashtirilgan ayvondan tortib to binoning o‘zida joylashgan nafis Zuma restoraniga kirishgacha. Bu yerda to‘xtash – nozik italyan nafosati olamiga sho‘ng‘ish demak.

 

Maqolani baham ko'ring

Related articles