LOBODA: yangi davr, shaxsiy qoidalar va o‘zi bo‘lish erkinligi
18-oktabr kuni Svetlana LOBODA tug‘ilgan kunini nishonlaydi. ELLE Uzbekistan uchun tayyorlangan maxsus materialda xonanda o‘z odatlari, go‘zallik va modaga munosabati, oilasi hamda ichki erkinligi haqida so‘zlaydi. Shuningdek, faoliyatida keng ko‘lamli ICON shousi bilan boshlanayotgan yangi sahifa haqida ham fikr yuritadi.
Sahnadagi faoliyati davomida LOBODA o‘z musiqiy olamini yaratdi. Unda tajribalar, dadil qarorlar va yorqin o‘zgarishlar uchun doimo joy bo‘lgan. Uning chiqishlari allaqachon an’anaviy konsert chegaralaridan chiqib, musiqa, moda va tasviriy san’at bir butunga aylanadigan keng ko‘lamli sahna asarlariga aylandi.
Bugun san’atkor ijodiy yo‘lining navbatdagi bosqichini boshlab beradigan ICON nomli yangi shouni taqdim etishga tayyorlanmoqda. Ammo sahna obrazlari, gastrollar va minglab tomoshabinlar ortida Svetlana hayotining boshqa tomoni ham bor: oila, kundalik kichik odatlar, oddiy narsalarga mehr va ichki muvozanatni saqlash istagi.
Xonandaning tug‘ilgan kunida ELLE Uzbekistan uni bugun nimalar ilhomlantirayotganini anglashga yordam beradigan besh shaxsiy mavzu orqali LOBODA bilan yaqindan tanishishni taklif etadi.
Go‘zallik o‘ziga g‘amxo‘rlik qilishdan boshlanadi
Doimiy parvozlar, repetitsiyalar va chiqishlar kuchni tiklashga alohida e’tibor berishni talab qiladi. Kundalik hayotda Svetlana oddiy, ammo sinalgan odatlarni afzal ko‘radi. Ular hatto eng tig‘iz ish jadvalidan keyin ham odatiy ritmga qaytishga yordam beradi.
«Uzoq parvozlar va ko‘p soatlik repetitsiyalardan keyin kuchimni tiklashdagi asosiy odatim juda oddiy va tushunarli narsalardan iborat: limonli bir stakan suv, badantarbiya va tanani tetiklashtiradigan kontrast dush. Parvarishga kelsak, men uchun teriga dam berish muhim. Shuning uchun kosmetichkamda doimo faqat sifatli namlantiruvchi vositalar bor, ortiqcha hech narsa yo‘q. Asosiysi — terining nafas olishiga imkon berish».
Uning go‘zallikka yondashuvida kundalik parvarishni murakkablashtirishga intilish yo‘q. Aksincha, hayotning katta qismi harakatda o‘tganida, kuchni tiklash uchun o‘ziga ozgina vaqt ajratish imkoniyati ayniqsa qadrli bo‘ladi.

Moda — fe’l-atvorning davomi
LOBODAning sahna garderobini ta’sirchan siluetlar, ifodali detallar va katta chiqishlar uchun yaratilgan obrazlarsiz tasavvur qilish qiyin. Biroq sahnadan tashqarida uning tanlovi ancha erkin.
«Ayollik hissi kiyimga mutlaqo bog‘liq emasligini men allaqachon anglaganman. Murakkab, yorqin sahna liboslarida ham, juda qulay sport kostyumida ham o‘zimni birdek ishonchli va uyg‘un his qila olaman. Oddiy hayotda, odatda, qulaylikni tanlayman. Ammo chin dildan yaxshi ko‘radigan detallarim haqida gapirsak, bu — katta ko‘zoynaklar. Ular obrazga doimo yakunlanganlik va menga shaxsiy hudud hissini beradi».
Svetlana uchun uslub, avvalo, o‘zini qanday his qilish bilan bog‘liq. Sahnada kiyim xarakter va kayfiyat yaratishga yordam bersa, kundalik hayotda asosiy mezon shaxsiy qulaylik bo‘ladi.

Oila va sahnadan ham muhim qadriyatlar
Ijodiy hayoti qanchalik shiddatli bo‘lmasin, Svetlana uchun asosiy tayanch oila bo‘lib qoladi. Uning hayotida qizlari alohida o‘rin tutadi. U ularga erkinlik, mustaqillik va o‘ziga sodiqlik haqidagi qarashlarini singdirishga intiladi.
«Har bir tug‘ilgan kun — ma’lum bir sarhad va o‘z hayoting haqida mulohaza yuritish vaqti. Sahnadan tashqarida menga eng kuchli ichki tayanchni nima berishi haqida gapirsak, bu — oilam va qizlarim. Ayol sifatidagi asosiy vazifam — ularga erkinlikni qadrlashni, o‘ziga tayana olishni va qilayotgan ishini chin dildan sevishni o‘rgatish. Men bolalarni faqat so‘z bilan tarbiyalash befoyda ekaniga chuqur ishonaman: ular hamma narsani bizdan o‘rganadi. Shu sababli har kuni o‘z misolimda ularga jasorat, mehnatsevarlik va o‘ziga sodiqlik nima ekanini ko‘rsatishga harakat qilaman».
Bu so‘zlarda san’atkor uchun muhim bir g‘oya ochiladi: erkinlik o‘z yo‘lini mustaqil tanlay bilishdan va o‘z qarorlari uchun mas’uliyatni zimmasiga olishdan qo‘rqmaslikdan boshlanadi.
Kuch beradigan maskan
Konsertlar, safarlar va shaharlarning tinimsiz almashinuvidan keyin Svetlana eng avvalo uyga qaytish imkoniyatini qadrlaydi. U aynan shu yerda gastrol hayotida ba’zan yetishmaydigan xotirjamlikni topadi.
«Men uchun kuchni tiklashga eng yaxshi joy — uy.
Konsertlardan keyin, ayniqsa, seni hammadan ko‘proq kutadigan joyga borishni, telefonni bir chetga qo‘yib, farzandlarim va yaqinlarim yonida shunchaki ona bo‘lishni istayman. Safar va sayohatlarga kelsak, menga eng yaxshi kuch beradigan narsa — dengiz. Uning cheksiz kengligini ko‘rib, tabiat qudratini his qilganingda, barcha ortiqcha o‘ylar o‘z-o‘zidan yo‘qoladi».
Uy va dengiz uning uchun turlicha, ammo birdek muhim ikki quvvat manbaiga aylanadi. Biri sevimli insonlar bilan yaqinlikni baxsh etsa, ikkinchisi kundalik tashvishlardan uzilib, atrofdagi kenglikni his qilishga yordam beradi.

ICON: yangi musiqiy sahifaning boshlanishi
LOBODAni faoliyatining eng muhim bosqichlaridan biri kutmoqda. Ko‘p yillik SUPERSTAR shousidan keyin xonanda mutlaqo yangi ICON konsert dasturini taqdim etishga tayyorlanmoqda. Uning jahon premyerasi Kishinyovda bo‘lib o‘tadi.
San’atkor uchun bu shunchaki sahna formatining almashishi emas, balki o‘zi va ijodi haqida yangicha hikoya qilish imkoniyatidir.
«SUPERSTAR shousi davri juda uzoq davom etdi. U bizga ulkan ko‘lam, aql bovar qilmas energiya va millionlab insonlarning mehrini berdi. Ammo bir payt ich-ichingdan avvalgi chegaralardan o‘sib o‘tganingni va navbatdagi qadamga tayyor ekaningni anglaysan. ICON — shunchaki yaqinda Kishinyovda premyerasini taqdim etadigan yangi shou emas, bu yangi musiqiy sahifa va shaxsiy bayonot. Bu shohsupadagi yulduz maqomi haqida emas. Bu ichki nur, boshqalarning kutishlaridan xalos bo‘lish, o‘zing bo‘lib qolish va “Men uddalayman” deyish jasorati haqida. Bugungi haqiqiy ikona — o‘z yo‘lini tanlaydigan va erkinligining qadrini biladigan ayol».
Bu falsafa konsert sahnasi chegaralaridan ancha keng. ICON markazida muvaffaqiyat va go‘zallik haqidagi boshqalarning tasavvurlariga mos kelishga endi intilmaydigan, qanday bo‘lishni o‘zi belgilaydigan ayol turadi.

Tug‘ilgan kunida LOBODA haqiqiy kuch doimo yutuqlar ko‘lami yoki jamoatchilik e’tibori bilan bog‘liq emasligini anglagan holda yangi ijodiy sahifaga qadam qo‘ymoqda. Ba’zan u ancha shaxsiy narsalarda namoyon bo‘ladi: o‘zi bo‘lib qolish, yaqinlari yonida bo‘lish va oldinga yurish uchun jasorat topish qobiliyatida.
Va, ehtimol, yangi ICON davrining bosh ma’nosi ham aynan shunda: boshqalar uchun emas, avvalo, o‘zing uchun ikonaga aylanish.