Lyureks: ilhombaxsh jilo
70-yillarning qayta tirilgan uslubi
Yorqinlik, bayramona kayfiyat va o‘tgan yillar trendlari haqida o‘ylaganda nima yodingizga keladi? Lyureksning jilvali to‘qimasi e’tiborni tortadi va har qanday qiyofaga sehr qo‘shadi. Kechki liboslardan tortib kundalik aksessuarlargacha, lyureks yana dolzarb elementlar ro‘yxatida munosib o‘rin egallaydi.
Lyureks 1940-yillarda kimyogarlar ingichka metall iplarni to‘qimachilik tolalari bilan birlashtirish usulini kashf etganlaridan so‘ng yaratilgan. Ko‘p o‘tmay, u glamur timsoli bo‘lib, Gollivud yulduzlari va qirollik a’zolari kiyimlarini bezadi. 1970-yillarda, o‘zining eng mashhur davrida, yaltiroq matolar disko uslubining ajralmas qismiga aylandi.
Yarqirash – bu mavsumning asosiy vazifasi. Ilhomni Paco Rabanne ko‘rgazmasida namoyish etilgan avant-gard va kelajakka yo‘naltirilgan obrazlardan olish mumkin. Gucci yaltiroq kardiganlar va shortlarni, Dior esa yengsiz toplar va shampan tusidagi shimlarni taqdim etdi. Tom Ford esa o‘z navbatida uzun yengli va baland yoqali nafis maksi-ko‘ylaklar yaratdi.
Lyureks, ayniqsa, bayram marosimlarida, ta’sirchan va dadil liboslar trendigа juda mos keladi. Mana bir necha g‘oyalar: yaltiroq sviter klassik palitrani jonlantiradi, lyureksli ko‘ylaklar va shim kostyumlari esa yangi yil kechalarida ajoyib ko‘rinadi. Yaltiroq sharflar, sumkalar yoki poyabzallar har qanday qiyofaga jilo qo‘shadi. Lyureksning o‘zi yetarlicha ko‘zga tashlanadigan, shuning uchun muvozanatni saqlash uchun uni xira matolar va sodda taqinchoqlar bilan uyg‘unlashtirgan ma’qul.
Lyureks o‘ziga xoslikni ifodalash va kundalik hayotga sehr qo‘shish imkonini beradi. U bilan dadil va vazmin obrazlarni yaratish orqali bemalol tajriba qilish mumkin.