Magda Butrym Parij moda haftaligida “Magdalena” – 2025-yil kuz-qish kolleksiyasini namoyish etdi

Magda Butrym she’riyatning chuqur hissiyotlari va trikotaj san’atining nozik go‘zalligidan ilhom oldi

13 Mar 2025
foto: Vlad Chabanenko

Ijodining yangi o‘n yilligi munosabati bilan Magda Butrym “Magdalena” kolleksiyasini taqdim etdi. Dizaynerning to‘liq ismiga qo‘yilgan ushbu kolleksiya Polshalik kutyurning o‘zini samimiy ifodalashi va ayni paytda brend estetikasiga sodiq qolishining o‘ziga xos avtoportretiga aylandi.

2025-yil kuz-qish mavsumi kolleksiyasini yaratishda Magda Butryom she’riyatning chuqur hissiyotlari va Polsha madaniyatida alohida ahamiyatga ega bo‘lgan trikotaj san’atining go‘zalligidan ilhom oldi. Magdalena Abakanovich, Paulina Olovska va polshalik hunarmandlar avlodlari ishlaridan ilhomlangan Butryom qo‘lda to‘qish elementlarini kolleksiyaning asosiy siluetlari – kechki liboslardan tortib namoyish maydoni bezaklarigacha singdirdi.

foto: Vlad Chabanenko

foto: Vlad Chabanenko

“Bu kolleksiya – sof his-tuyg‘ular va ijod zavqidan kelib chiqqan instinktiv, dadil o‘z-o‘zini o‘rganishdir”, – deydi Magda.

“Magdalena” kolleksiyasi dizaynerning Sharqiy Yevropa sezgirligi nuqtayi nazaridan turli ta’sirlarni birlashtiradi. To‘plamda san’at asaridek liboslar – ayol tanasi siluetini ta’kidlaydigan murakkab ip o‘rimlar va texnikalardan tayyorlangan ta’sirchan qizil mini-ko‘ylak hamda qora ichki libos bilan uyg‘unlashgan nozik to‘r ko‘ylak taqdim etilgan.

foto: Vlad Chabanenko

“Magdalena” teran, shu bilan birga shaxsiy loyiha bo‘lgani uchun kolleksiya tabiiy ravishda Magdaning kundalik uslubi unsurlarini o‘z ichiga oladi. Amaliyot xayolparastlik elementlari bilan uyg‘unlashadi: dag‘al charm palto hashamatli sport kostyumiga befarq tashlanadi, shol-ro‘mollar choponga o‘xshash qavilgan kurtkalar ustidan o‘raladi. Kolleksiyada, shuningdek, brend uchun ramziy bo‘lgan gulli ro‘mol – slavyan merosiga madhiya ham mavjud.

“Men ayollarni ta’riflamoqchi emasman. Ularga kuch-qudrat bermoqchiman. Hammamiz o‘zimizni qulay his qilishimizni, baxtli, ishonchli va jasur bo‘lishimizni xohlayman. Biz o‘zimizning ilhom parimiz bo‘lishimiz kerak”, – deydi Magda Butryom.

foto: Vlad Chabanenko

foto: Vlad Chabanenko

Polsha xalq kiyimlarining an’anaviy shaklidan ilhomlangan “qum soat” aniq siluetga ega qora liboslar turkumi e’tiborni tortadi. Bu obrazlar Piter Lindbergning mashhur fotosuratlarida tasvirlangan sirli, kuchli ayollarga – sovuq qishki plyajlarda ishonch bilan qadam tashlaydigan timsollariga ehtirom ko‘rsatadi.

Kolleksiya yangilik va teranlikni o‘zida mujassam etgan, ammo uning tabiati – nozik va kuchli, hissiy va qudratli – doimo Magda Butrym olamining in’ikosi bo‘lib qoladi.

Maqolani baham ko'ring

Related articles