Marvarid
Moda olamidagi eng she’riy javohir tarixi

Ummon in’omi, poklik va martaba timsoli — marvarid har doim oddiy taqinchoqdan ko‘ra ulug‘roq narsa bo‘lgan. U butun tarix davomida ijodkorlarni ilhomlantirdi, Bottichelli asarlarida va Vogue jurnali muqovalarida aks etdi.
Zamonamizda marvarid an’anaviy tasavvurlar chegarasidan butunlay chiqib ketdi — endi u nafaqat nafosatni, balki erkinlik va dadil klassikani ham ifodalaydi.
Tubsizlikda tug‘ilgan sir
Marvarid azaldan sirlar pardasi bilan o‘ralgan. Uning kelib chiqishi ko‘p asrlar davomida jumboq bo‘lib kelgani tufayli turli madaniyatlarda afsonalar paydo bo‘lgan. Hindistonda munchoqlarni oy nuriga to‘yingan va chig‘anoqlarga tushgan shudring deb bilishgan. Yaponiyada esa suv parilari va nimfalarning ko‘z yoshlari deb hisoblashgan. Yunonlarda qimmatbaho tomchilarni Afrodita bilan bog‘lashgan: uning tanasidan oqib tushgan suv tomchilari sadafga aylanardi — toza, jonli, ehtirosli.
Odamlar uni deb jonlarini tikishgan. Bitta mukammal marvaridni topish uchun o‘nlab, hatto yuzlab marta suvga sho‘ng‘ish kerak bo‘lardi. Qadimgi ovchilar faqat nafaslarini ushlab turib va ibodat qilib, chuqurlikka sho‘ng‘ishgan. Aynan shu sababli asrlar davomida tabiiy marvarid deyarli afsonaviy in’om hisoblangan: nodir, qimmatbaho va — asl ma’noda — tubsizlikdan qo‘lga kiritilgan.
Kleopatradan Elizabet Teylorgacha
Yevropada marvarid uzoq vaqt hokimiyat va imtiyoz ramzi bo‘lib qoldi — uni topishning nodirligi oddiy odamlar uchun erishib bo‘lmas edi. U nafaqat tojlarni bezatgan, balki afsonalarning bir qismiga aylangan. Masalan, eng mashhur afsonalardan biri — Misr malikasi Kleopatra haqida. U Mark Antoniyni lol qoldirish uchun qulog‘idagi marvaridni sirkaga tashlab, uning erishini kutgan va so‘ng uni ichib yuborgan. Aytishlaricha, u “butun bir viloyatning boyligini yutib yuborgan” va qadimgi davrdagi eng qimmat kechki ovqatning muallifi sifatida tarixga kirgan.
Yana bir afsonaviy marvarid La Peregrina — “Sayohatchi” edi. Uni XVI asrda Panama qirg‘oqlarida g‘avvos qul topgan va bunday topilma uchun ozodlikka erishgan. Mukammal simmetrik, 50 karatdan ortiq vaznli bu marvarid Ispaniya qiroli Filipp II ga sovg‘a qilingan va deyarli 250 yil davomida ispan hukmdorlarining qo‘lidan qo‘liga o‘tgan. Keyinchalik, Napoleon urushlari paytida, La Peregrina Angliyaga, XX asrda esa Elizabet Teylorning bo‘ynini bezadi: Richard Burton uni aktrisa uchun kimoshdi savdosidan sotib oldi, Cartier esa marvarid uchun yoqut va olmosli marjon yaratdi.
Mikimoto inqilobi
XX asr boshlariga kelib, tabiiy marvaridlar juda kamyob bo‘lib qoldi: zaxiralar tugab borar, eng qimmatbaho namunalar esa olmosdan ham qimmatroq turardi. Yaponiyalik Mikimoto Kokiti hamma narsani o‘zgartirib yubordi. U birinchi bo‘lib marvaridni yetishtirish usulini kashf etdi: u ustritsa ichiga kichik yadro joylashtirdi va tabiatga ishni yakunlash imkonini berdi. Bu kashfiyot qimmatbaho toshni arzonlashtirdi: 1905-yilga kelib, sun’iy marvaridlar dunyoni zabt eta boshladi.
Sadaf iplar nihoyat zodagonlarning zargarlik qutilaridan chiqib, moda poytaxtlari ko‘chalarida ko‘rina boshladi va mavqe emas, balki uslub belgisiga aylandi. Koko Shanel ham o‘z hissasini qo‘shdi: 1920-yillarda u oddiy qora ko‘ylak ustidan kiyiladigan ko‘p qatorli marvarid iplarini urfga aylantirdi. Shundan so‘ng, bu yondashuvni boshqa uslub daholari — Odri Xepbern, Greys Kelli, Jaklin Kennedi ham o‘zlashtirdilar.
Marvarid 2.0
Bugungi kunda marvarid moda inqilobini boshdan kechirmoqda: u endi tvid kostyumli konservativ xonim qiyofasi bilan bog‘lanmaydi. Dizaynerlar marvaridni qayta kashf etdilar — endi uni jinsi va uslubidan qat’i nazar hamma taqadi. Dior va Fendi erkaklar kolleksiyalariga sadaf marjonlar va bo‘yinbog‘larni olib kirdi, Garri Staylz, A$AP Rocky, Jeyden Smit va Lyuis Xemilton esa uni o‘z qiyofalarining ajralmas qismiga aylantirdilar. Karl Lagerfeld Chanel uchun munchoqlarni to‘laqonli stayling elementiga aylantirdi — ular nafaqat bo‘yinda, balki poshnalarda, soch turmagida va hatto aksessuarlarda ham paydo bo‘ldi.
Marvarid yana dolzarb bo‘lib qoldi — va aynan shuning uchunki, u endi qat’iy qoidalarga bo‘ysunmaydi. U kechki libosga ham, futbolkaga ham, pank uslubidagi kurtkalarga ham birdek mos keladi.

fofo: Instagram/ Sophiebillebrahe
Taqinchoqdan ko‘proq
Ming yillik afsonalar, qurbonliklar va qirollik rivoyatlaridan so‘ng, marvarid nihoyat chinakam demokratlashdi. Yetishtirish texnologiyasi tufayli u endi faqat tanlanganlar uchun mavjud bo‘lgan nodir narsa emas: endi har kim qadimda faqat orzu qilgan narsani taqishi mumkin. U uzoq yo‘lni bosib o‘tdi, lekin o‘zining asosiy vazifasiga sodiq qoldi: abadiy go‘zallik ramzi bo‘lish.