Met Gala 2025: San’at, uslub va dendi madaniyati uyg‘unlashgan kecha

Gollivudning eng sara go‘zallik obrazlaridan ilhomlanamiz

07 May 2025
fotо: instagram \ @metgalaofficial_

Nyu-Yorkda yilning eng kutilgan moda kechalaridan biri hisoblangan Met Gala 2025 o‘tkazildi. Ayrim yulduzlar bu yerga o‘zlarini yana bir bor eslatish uchun kelsa, boshqalari yuqori moda tarixida yangi sahifa ochish uchun tashrif buyuradi. Bu yilgi bal mavzusi “Superfine: Tailoring Black Style” deb nomlandi va darhol anglash mumkin edi: kecha shunchaki ko‘zni qamashtiruvchi emas, balki haqiqatan ham mazmunli va teran bo‘lishi kutilmoqda edi.

Dizaynerlar, stilistlar va pardozchilar arxivlardan, o‘tmishdagi san’atkorlarning afsonaviy obrazlaridan va zamonaviy qahramonlardan ilhomlanib, butun davrlar madaniyati, uslubi va estetikasini shakllantirganlarga hurmat bajo keltirdilar. Ehtimol, Met Galada uzoq vaqtdan beri bunday hissiy, puxta o‘ylangan va mazmunli moda dramaturgiyasi bo‘lmagan edi. ELLE O‘zbekiston kim va qanday qilib klassikani qayta talqin etgani hamda go‘zallik obrazlarini kechaning asosiy urg‘usiga aylantirganini hikoya qiladi.

Jiji Hadid: barcha qoidalarga ko‘ra pin-up

Jiji o‘z obrazini 40-yillarning mashhur soch turmagi – Victory rollsni qayta yaratgan stilist Dimitris Jannetosga ishonib topshirdi. Afsonaga ko‘ra, bunday jingalaklar Ikkinchi jahon urushidagi qiruvchi uchuvchilar muvaffaqiyatli janglarni havoda figurali manevr bilan nishonlaganidan keyin shunday nom olgan. Obraz maksimal darajada retro ruhida chiqdi – jozibali, o‘ynoqi va g‘oyat ta’sirli.


fotо: instagram \ @metgalaofficial_

Kayli Jenner: zamonaviy klassika

Kayli o‘zining sevimli tiniq ranglaridan voz kechmagan holda, bo‘g‘iq jigarrang pardozga e’tibor qaratdi va sochlarini gel bilan zich retro turmakka yig‘di. Bunday usul bo‘yin chizig‘i, ziraklar va umuman libosning nafisligini ta’kidladi. Zamonaviy, sodda va kecha mavzusiga to‘la mos tushdi.

fotо: instagram \ @metgalaofficial_

Xeyli Biber: tiramisu pardoz va qadimiy joziba

Xeylining obrazi uchun pardozchi Nina Park va stilist Brays Skarlett mas’ul edi. Go‘zallik jamoasi eski Gollivud davrini eslatuvchi tiramisu ranglarida ajoyib pardoz va jozibali soch turmagini yaratdi. Nozik smoky, silliq teri va mukammal o‘rilgan sochlar – Xeylining obrazi haqli ravishda kechadagi eng sara obrazlar qatoriga kirdi.

fotо: instagram \ @brycescarlett

Nikol Kidman: kutilmagan piksi

Haqiqatan hayratda qoldirgan hodisa Nikol Kidman bo‘ldi. Odatda hashamatli jingalaklar bilan ko‘rishga o‘rganib qolgan aktrisani qizil yo‘lakda piksi soch turmagi va uzun yonbosh kokili bilan ko‘rdik. Ixcham, ammo nihoyatda ta’sirli joylashuv uning qiyofasini yangiladi va Nikolning o‘zgarishlari yuziga yarashanligini isbotladi.

fotо: instagram \ @metgalaofficial_

Enn Xeteuey: benuqson soch dumi

Enn klassikaga – boshining tepasiga mukammal o‘rnatilgan baland va tarang soch dumiga umid bog‘ladi. Soch turmagining soddagiligi aktrisaning nozik qirralarini va libosining nafisligini yanada ta’kidlab turardi

fotо: instagram \ @metgalaofficial_

Sidni Suini: Jozefina Beykerning mashhur jingalaklari

Kechaning eng yorqin go‘zallik namunalaridan biri Jozefina Beyker uslubidagi soch jingalaklari bo‘ldi. “Eyforiya” seriali yulduzi Sidni Suini aynan shu turmakni tanladi – silliq sochlar, bir nechta ingichka tolalar gel yordamida peshonasiga jingalak shaklida joylashtirilgan. Bunday soch turmagini 20-30-yillarda o‘z davrining mashhur aktrisasi va timsolida ko‘rish mumkin edi. Aytgancha, xuddi shunday soch turmagi bilan Teyana Teylor, Dua Lipa, Jeremi Poup, Bad Bunny va boshqa mashhurlar ham paydo bo‘lishdi.

fotо: instagram \ @metgalaofficial_

Lyupita Niongo: tafsilotlardagi porlash

Keniya-meksikalik aktrisa, “Oskar” va “Emmi” mukofotlari sovrindori Lyupita Niongo tafsilotlarga urg‘u berdi. Uning qiyofasini yaltiroq soch qistirgichlar, vintaj to‘g‘nag‘ich, hashamatli taqinchoqlar va asosiy urg‘u – qoshlar ustidagi yirik strazlar to‘ldirdi. Dadil, g‘ayrioddiy va ayni bal ruhida.

fotо: instagram \ @lupitanyongo

 



07 May 2025
Maqolani baham ko'ring

Related articles