Met Gala 2027 mavzusi e’lon qilindi
Oddiy futbolka va jinsilardan yuksak modagacha — yangi mavzu kundalik buyumlarga yangicha nazar tashlashga chorlaydi.
Nyu-Yorkdagi Metropolitan muzeyi Kostyum instituti Met Gala 2027 va bahorgi ko‘rgazmasining mavzusini e’lon qildi — extraORDINARY: Fashion and the Poetics of the Everyday («G‘ayrioddiylik: moda va kundalik hayot poetikasi»). Diqqat markazida dizaynerlar nigohi orqali san’at asariga aylanadigan odatiy kiyimlar va materiallar bo‘ladi.
Yangi konsepsiya hashamat haqidagi tasavvurlarni qayta ko‘rib chiqishni taklif etadi. Jinsilar, oq futbolkalar, trenchlar, puffer kurtkalar va hudilar shakl, faktura hamda konstruksiya bilan tajribalar uchun boshlang‘ich nuqtaga aylanadi. Qog‘oz, plastik va metall kabi noodatiy materiallarning modada qo‘llanishiga ham alohida e’tibor qaratiladi.
Ko‘rgazma ustida Endryu Bolton Stefani Kramer va Emili Mushaben bilan birga ishlaydi. Ekspozitsiyada dizaynerlar kundalik hayotda go‘zallikni qanday topishini ko‘rsatuvchi 200 dan ortiq buyum namoyish etilishi kutilmoqda. Ular orasida Undercover, Maison Margiela, Off-White va Loewe kabi moda uylari ishlari ham bor.
Yangi mavzu avval rejalashtirilgan John Galliano: Horizons ko‘rgazmasi bekor qilinganidan keyin e’lon qilindi. Jon Galyano ijodiga bag‘ishlangan loyiha dizaynerning o‘tmishdagi irqchilik va antisemitizm ruhidagi bayonotlari sabab jamoatchilik tanqidiga uchragan edi.
Met Gala 2027 3-may kuni, an’anaga ko‘ra may oyining birinchi dushanbasida bo‘lib o‘tadi. Ko‘rgazma esa 9-mayda ochilib, 2028-yil 9-yanvargacha davom etadi.
Kechaning rasmiy dress-kodi hozircha oshkor etilmadi. Ammo yangi mavzu allaqachon qiziq savolni o‘rtaga tashlamoqda: mehmonlar kundalik hayot go‘zalligini qizil yo‘lakda qanday talqin qiladi?
