Mikimoto – okeanning birinchi xonimi
Yaponiyaning eng mashhur zargarlik uyining tarixi, falsafasi va afsonaviy maqomi

“Marvarid” so‘zini aytganingizdayoq, ongingiz tubida Mikimoto siymosi gavdalanadi. Yaponiya qirg‘oqlarida vujudga kelgan brend qanday qilib nafislik timsoli bo‘ldi, uning asoschisi esa okeanni mukammallik yaratishga o‘rgatgan inson sifatida tanildi? Bu orzu asrlarni qaritgan merosga aylanishi haqidagi hikoyasidir.
Xatolar dengizi
Uzoq 1858-yilda sohilbo‘yi Toba shahrida Kokichi Mikimoto dunyoga keldi. Lag‘monxona egasining o‘g‘li bolaligidanoq “ama” deb ataluvchi sho‘ng‘uvchi ayollarning dengiz tubidan mayda xazina – marvaridlarni qanday terib olishlarini kuzatardi. Bu xira sharlar kamyob, har kim ham sotib ololmaydigan boylik edi. O‘shanda, hali o‘smir paytidayoq, Mikimoto o‘ziga savol berdi: tabiatni marvarid yaratishga o‘rgatish mumkinmikin?
Orzusidan ilhomlanib, u ustritsa fermasini sotib oldi va mukammal marvarid yetishtirish sirini ochish uchun tajribalar o‘tkazishga kirishdi. Uzoq yillar davomida u omadsizlikka uchradi – ustritsalar nobud bo‘ldi, marvaridlar notekis chiqdi va uning rejasi bir necha bor barbod bo‘lish arafasida edi. Biroq u taslim bo‘lmadi. Nihoyat, 1893-yilda Mikimoto birinchi mukammal dumaloq marvaridni qo‘lga kiritdi. Bu haqiqiy inqilob edi.

foto: instagram/official_mikimoto
Keyinchalik u shunday xotiralarni aytib berdi: “Men barcha ayollarni marvarid bilan bezashni orzu qilaman”. Va u o‘z va’dasini bajardi. U tufayli ilgari faqat imperatorlar va zodagonlarga tegishli bo‘lgan qimmatbaho tosh ko‘pchilik odamlarning ham qo‘li yetarli bo‘ldi. 1896-yilda u marvarid yetishtirish usulini patentladi, 1899-yilda esa Tokioda birinchi do‘konini ochdi. Vaqt o‘tishi bilan uning ijodiy ishlari Yevropa va Amerikani zabt etdi, Mikimoto brendi esa nafis uslubning o‘ziga xos belgisiga aylandi.
Xuddi shu to‘plam
Marvarid go‘yo tirik organizmdek. U ustritsa ichida, zulmatda, suv qa’rida dunyoga keladi. Yunonlar marvaridlarni xudolarning qotib qolgan ko‘z yoshlari deb ishonishgan. Xitoyliklar esa ularni ajdarho donishmandligining tomchilari deb hisoblashgan. Biroq Kokichi Mikimoto bu afsonani o‘zgartirib, inson nafaqat marvarid topishga, balki uni yaratishda tabiatga ko‘maklashishga qodir ekanligini isbotladi.
Brendning har bir taqinchog‘i uning asoschisi falsafasining davomidir. Italiya modernizm me’morchiligidan ilhom olgan Milano to‘plami marvarid va olmoslarni uyg‘unlashtirib, ipaksimon yuzada nurli chiziqlar hosil qiladi. Les Pétales Place Vendôme – oltin va marvarid yaproqchalari nafosat girdobida birlashgan Parijga ehtirom. Praise to Nature esa – marvarid dengiz uzra tong yorishishini eslatuvchi olmos naqshlari bilan bezatilgan, tabiatga ta’zim ifodasi.

foto: instagram/official_mikimoto
Ammo afsonaga aylangan bir taqinchoq bor. Yaguruma – o‘zgaruvchan to‘g‘nog‘ich. Bu buyum egasining o‘n ikki qiyofasini namoyon etuvchi sir kabidir. U zamonni nafis tarzda sinovdan o‘tkazib, hayotdagi hamma narsa qarash nuqtasiga bog‘liq ekanligini eslatadi.
Har bir marvarid qattiq saralashdan o‘tadi: uning shakli, jilosi, rangi va sirtining sofligiga baho beriladi. Faqat eng sara marvaridlargina brendning zargarlik durdonalari tarkibiga kiritilish huquqiga ega bo‘ladi.

foto: instagram/official_mikimoto
Mikimoto taqinchoqlarini kimlar taqadi?
Marvaridning taqdiri haqiqat va afsona chegarasida bo‘lishdir. Mikimoto taqinchoqlarini qirolichalar va aktrisalar, rassomlar va yozuvchilar taqishadi, ular uchun go‘zallik dunyo bilan muloqot qiladigan tildir.
Mukammal tekis Mikimoto marvaridlaridan yasalgan marjonni qirolicha Yelizaveta II taqib yurgan – bu doimiylik va an’analarning timsoli edi. Greys Kelli brendning sirg‘alarini tanlab, ularning tabiiy nafisligini ta’kidlagan. Odri Xepbern va Sofi Loren, Skarlett Yoxansson va Nikol Kidman uchun marvaridlar shunchaki aksessuar emas, balki ularning obrazlarining davomi, o‘tmish va kelajakni bog‘lovchi nozik nuqta bo‘lgan.
Bugungi kunda Mikimoto’ni haqiqiy hashamat nozik tuyg‘u ekanligini tushunganlar taqishadi. Bu vaqt, tarix va mahoratni o‘zida mujassam etgan narsalarning qadr-qimmatini anglashdir.

foto: instagram/official_mikimoto
“Agar bu Mikimoto bo‘lsa - u mukammal”
Mukammallikni yaratish uning kelib chiqish manbasini hurmat qilishni anglatadi. Mikimoto laboratoriyasi dengiz ekologiyasini o‘rganadi, ustritsa populyatsiyalarini himoya qiladi va tabiatning nozik muvozanatini saqlashning yangi usullarini izlaydi.
So‘nggi o‘n yilliklarda kompaniya fermer xo‘jaliklarining dengiz muhitiga ta’sirini kamaytirishga qaratilgan ekologik tadqiqotlar bilan faol shug‘ullanmoqda. Aksessuarlar va o‘g‘itlar tayyorlash uchun ustritsa chig‘anoqlarini qayta ishlash, ustritsalarning tabiiy populyatsiyalarini tiklash, chiqindilarni kamaytirish – bularning barchasi barqaror rivojlanish strategiyasining ajralmas qismidir.

foto: instagram/official_mikimoto
Brend muvaffaqiyatining siri – marvaridda oddiy toshdan ko‘ra ko‘proq narsani ko‘ra bilish qobiliyati. Unda okean, tarix va shaxsiyat aks etganini anglash. Ehtimol, aynan shu sababli Mikimoto taqinchoqlari go‘zallik tasodif emasligining ramzi hisoblanadi. Bu mehnat, mahorat va sabrli bo‘lish san’atining ifodasi.