Muvaffaqiyatli rejalashtirish sirlari

Maqsadlarni to‘g‘ri qo‘yish va ularga erishish usullari

Fotо: Unsplash

Maqsadlarni to‘g‘ri belgilash yo‘nalishni aniqlab, kerakli natijaga erishish yo‘lida motivatsiyaga erishish va diqqatni jamlashga yordam beradi. ELLE O‘zbekiston tahririyati maqsadlarni samarali qo‘yish, ularga erishishga yordam beradigan usul va strategiyalar hamda oldinga siljishga to‘sqinlik qiladigan keng tarqalgan xatolardan qochish yo‘llarini ko‘rib chiqdi.

Samarali maqsad qo‘yish yo‘lidagi birinchi qadam – o‘zingiz uchun aniq maqsadlarni belgilashdir. Ular aniq va o‘lchanadigan bo‘lishi lozim. Har bir maqsad sizning muvaffaqiyat haqidagi tasavvuringizda aniq yo‘nalish yoki ma’lum bir boshlang‘ich nuqtani aks ettirishi kerak. Masalan, “yanada sog‘lom bo‘lishni xohlayman” deyish o‘rniga, bu holatga erishish uchun aniq vazifalarni belgilang: “uch oyda 5 kg vazn yo‘qotmoqchiman”.

Foto: Unsplash

So‘ngra asosiy maqsadni kichik vazifachalarga bo‘ling. Bu uni yanada erishilishi oson va boshqariladigan qilishga yordam beradi. Masalan, kerakli natijaga erishish uchun nimalar qilish mumkinligini yozing. Yuqoridagi misolning davomi sifatida jismoniy faollik va ovqatlanish bo‘yicha qadamlarni yozishingiz mumkin: “haftasiga 2 marta sport zaliga borishni boshlash”, “shirinliklar iste’molini kamaytirish” va hokazo.

Maqsad va kichik vazifalarni yozma ravishda qayd etish muhim, chunki bu yozuvlar sizga harakat rejasi bo‘lib xizmat qiladi. Bunda siz, natijaga erishish uchun zarur qadamlarni aniq ko‘rishingiz va belgilashingiz mumkin. Bundan tashqari, bu jarayonni kuzatib borishga yordam beradi. Kichik yutuqlar uchun o‘zingizni albatta rag‘batlantiring va maqtang.

Fotо: Unsplash

Kasbiy maqsadlarni belgilashning mashhur usullaridan biri – SMART usulidir. Bu atama maqsadlar quyidagicha bo‘lishi kerakligini anglatadi: Specific (aniq), Measurable (o‘lchanadigan), AchiEvable (erishiladigan), Relevant (dolzarb) va Time-bound (vaqt bilan cheklangan). Bu usul real va o‘lchanadigan maqsadni qo‘yish, unga erishish uchun muddatlar va zarur resurslarni belgilash imkonini beradi.

Samarali maqsad qo‘yishning muhim tarkibiy qismi – motivatsiya va ichki holatdir. Motivatsiyani saqlab qolish uchun chiroyli fotosuratlar va kerakli ijobiy tasdiqlarni to‘plab, “istaklar taxtasi”ni yaratish mumkin. Har safar unga qarab, nima uchun bu maqsadni qo‘yganingiz va qanday natijaga erishishingiz mumkinligini eslab turasiz.

Maqsadlaringizning amalga oshganligini tasavvur qiling. Psixologlarning fikricha, istaklarni vizualizatsiya qilish yoki namoyon etish yaxshi natija beradi. Ongimizda ideal kelajakning batafsil manzarasi shakllanganida, biz uni ongosti darajasida amalga oshira olamiz. Shundan so‘ng ongimiz maqsadlarga erishish uchun yangi yo‘llar va imkoniyatlarni ilg‘ay boshlaydi.

Foto: Unsplash

Shuni yodda tutish kerakki, ba’zan vaziyatlar turadi, shunga mos ravishda maqsad va istaklarimiz ham o‘zgarishi mumkin. Ularning ayrimlari o‘z ahamiyatini yoki qiymatini yo‘qotishi mumkin va bu tabiiy holat. Moslashuvchan bo‘ling va zarur bo‘lganda rejangizni o‘zgartirishga yoki moslashtirishga tayyor turing.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin