Ongli ovqatlanish
Ovqat bilan munosabat: yangi odatlarni o‘rganamiz
Zamonaviy insonning ko‘p uchraydigan odatlaridan biri - ovqat vaqtida telefonida Instagram tarmog‘ini kuzatish yoki televizor ko‘rish. Bu zararli, sababi taomlanish boshlangandan keyin 20 daqiqa davomida miya tanaga to‘yganlik haqidagi signalini yuboradi. Miyangiz chalg‘iganda va signal yuborilmaganda, to‘qlik hissi kelmaydi va taomdan lazzat ololmaysiz.
Ongli ovqatlanish – bu nimani qanday isteʼmol qilayapmiz degan savollarni o‘zimizga beradigan amaliyot. Bu o‘sha daqiqani his etish sanʼati. Barcha hislarni ishga solish va har bir harakatni yashab o‘tish juda muhim. Ongli ovqatlanish konsepsiyasi taom taʼmi, hidi, tovushi, rangidan lazzat ola bilish degani.
Ushbu usulni muntazam takrorlash ortiqcha ovqatlanishdan tiyilish hamda hissiy ochlikni jismoniy ochlikdan farqlashga yordam beradi. Qo‘shimcha imkoniyat sifatida o‘zini his qilishning yaxshilanishi, barqaror vazn, quvvat ortishi va aql teranligi kabilar ro‘y beradi.
Nimadan boshlash kerak? Siz uchun bir nechta oddiy tavsiyalarni tayyorladik.
Tanangizga quloq soling
Har gal o‘zingizdan chindan ham qorningiz ochmi yoki shunchaki stress holatini “yeb yubormoqchi” ekanligingizni so‘rang. Ortiqcha vazn yig‘ishdan qo‘rqsangiz va o‘zingizni taomda cheklasangiz, keyinroq meʼyordan ko‘proq yeb qo‘yish xavfi bor.
Nutritsiologlar bir vaqtda ovqatlanishni tavsiya qilishadi, kuniga besh marotaba - nonushta, tushlik, kechki ovqat va ikki marta yengil yemak. Bunday ovqatlanish rejimi qanday ochlikni his qilishingizni anglashga yordam beradi - jismoniymi yoki hissiy. Agar ikkinchi sabab bo‘lsa, taom o‘rnini yaxshi hissiyotga almashtirishingiz mumkin - masalan, yaqin insoningizga qo‘ng‘iroq qiling, sevimli musiqa tinglang yoki qiziq kitobni o‘qing.
Sifatli mahsulotlarni tanlang
Ongli ovqtalanish — bu organizm uchun zarur bo‘lgan vitaminlar, makro- va mikroelementlarga boy foydali mahsulotlarni tanlash degani. Bizning ratsionimizda ko‘proq mevalar, sabzavotlar, butun donli, dukkakli va boshqa mahsulotlar bo‘lishi shart.
Sekin ovqatlanishni boshlang
Shoshmasdan yeng. Masalan, stomatologlar ovqatning har bir bo‘lagini yaxshilab chaynashni maslahat berishadi, toki u suyuqlikka aylanmaguncha - bunda 75-100 marta chaynash harakatlarini amalga oshirish kerak. Tashqi omillarga chalg‘imaslikka harakat qiling. Bu vaqtni faqat o‘zingiz va tanangizga bag‘ishlang. Ovqat isteʼmoli ong va aql birlashadigan anʼanaga aylansin.
Taom uchun minnatdorlik bildiring
Ongli ovqatlanish konsepsiyasining muhim qismi – minnatdorlik. O‘zingizga va organizmingizga yaxshi ovqatlanish va taomni hazm qilish imkoniyati uchun minnatdorlik bildiring. Shunda tanangiz sizga salomatlikning yaxshilanishi va quvvatning ortishi orqali rahmat aytishni boshlaganiga guvoh bo‘lasiz.