Paraiba

Elektr ummonining qimmatbaho ranglari

22 Mar 2025
foto: bvlgari

Shunday toshlar borki, ular yaltiraydi, boshqalari esa sehrlangan nur oqimi kabi ko‘zni qamashtiradi. Turmalin paraiba aynan shunday. Uning rangini ilg‘ab bo‘lmaydi: zangori va feruza oralig‘ida, elektr va tabiiy o‘rtasida, neon va ummon chuqurligiga monand. Tosh go‘yo janubiy dengizlar shu’lasini o‘ziga singdirib, zamonaviy hashamatning zargarlik ramziga aylangan.

Bugungi kunda paraiba dunyodagi eng noyob va qimmatbaho taqinchoqlardan biri hisoblanadi. Uning bir karat narxi ba’zan olmos narxidan oshib ketadi va bu tosh bilan bezatilgan buyumlar kimoshdi savdosiga qo‘yilishidan oldin ham kollektsion eksponatlarga aylanadi. Xo‘sh, uning sehri nimada?

foto: gucci

Paraibaning siri: kelajak toshi qanday paydo bo‘lgan?

Ushbu turmalinning tarixi 1989-yilda Braziliyaning Paraiba shtatida geolog Xayme Mendes Pereyra tomonidan topilgan paytdan boshlanadi. Dastlab topilma e’tiborni tortmadi – mineral qirralangunga qadar oddiy turmalinga o‘xshardi. Shunda o‘sha gipnotik rang namoyon bo‘ldi, go‘yo tosh ichkaridan nur sochayotgandek.

Keyinchalik shunga o‘xshash konlar Afrikada – Mozambik va Nigeriyada topilgan, ammo Braziliya namunalari eng qimmatli bo‘lib qolmoqda: ular tarkibida mis va marganets mavjudligi tufayli o‘ziga xos rang sofligi va betakror nurlanishga ega.

Paraibani haqiqatan ham noyob qiladigan narsa nima? Har 10 000 ta brilliantga atigi bitta turmalin paraiba to‘g‘ri keladi. Bu marketing hiylasi emas, balki statistika.

foto: Oscar Heyman

Nima uchun bugungi kunda paraiba diqqat markazida?

Yuqori zargarlik olami uzoq vaqtdan beri yangi davrning ramzi bo‘lishi mumkin bo‘lgan toshni izlamoqda edi. Brilliantlar – klassika, sapfir va zumradlar – abadiy nafosat, paraiba esa – yangilik va zamonaviylik.

Bu tosh yangi hashamat falsafasiga juda mos tushdi: u noyob, ammo dabdabali emas, qimmatbaho, ammo an’anaviy emas. U kechki libosga ham, minimalistik kunduzgi kiyimga ham mos keladi. Paraiba – bu tanlov erkinligi, qimmatbaho ko‘rinish va shu bilan birga o‘ziga xos bo‘lish huquqi.

Aynan shuning uchun so‘nggi yillarda paraiba turmalinini dunyoning asosiy zargarlik ko‘rgazmalarida va eng yirik uylar kolleksiyalarida tobora ko‘proq uchratish mumkin. U tomchi sirg‘alarda, ulkan kokteyl uzuklarida, marjonlarda ishlatiladi, bu yerda u asosiy rol o‘ynaydi. Tosh oq oltin va platina bilan ajoyib tarzda uyg‘unlashib, ularning sovuq yaltiroqligini ta’kidlaydi, ammo ranglar o‘yinini yaratib, iliq oltin hoshiyada ham shunchalik ta’sirchan ko‘rinadi.

foto: Marco Bicego

Paraibani qanday tanlash kerak: nimalarga e’tibor berish lozim?

Agar kolleksiyangizni ushbu tosh bilan boyitishga qaror qilgan bo‘lsangiz, bir nechta muhim jihatlarni yodda tutish zarur:

  • Rang o‘lchamdan muhimroq. Chuqur, to‘yingan feruza yoki neon-ko‘k rang oddiy katta toshga qaraganda yuqori baholanadi.
  • Kelib chiqishi. Braziliya paraibasi eng qimmat, ammo Afrika namunalari ham ajoyib bo‘lishi mumkin.
  • Tozalik. Yengil qo‘shimchalar bo‘lishi mumkin, ammo tosh qanchalik toza bo‘lsa, uning narxi shunchalik yuqori bo‘ladi.
  • Sertifikat. Turmalin paraiba kamdan-kam uchraydi, shuning uchun bezak toshning kelib chiqishi va xususiyatlarini tasdiqlovchi hujjatlar bilan birga bo‘lishi shart.

foto: bvlgari

Paraibaga sarmoya kiritish kerakmi?

Turmalin paraiba – narxi barqaror o‘sib borayotgan noyob toshlardan biri. Ilgari u faqat tor doiradagi kolleksionerlarga ma’lum bo‘lgan bo‘lsa, bugungi kunda uni nafaqat zargarlar, balki investorlar ham orzu qilishmoqda.

Ehtimol, paraibadagi eng qimmatli narsa nafaqat uning narxi, balki u uyg‘otadigan his-tuyg‘ulardir. U shunchaki chiroyli emas, tirik joziba yashiringan. U tovlanadi, yorug‘likka qarab tusini o‘zgartiradi, yorug‘lik bilan boshqa hech bir toshda uchramaydigan “nur o‘yini”ni ijro etadi.

foto: Harry Winston

Aynan shuning uchun ham paraiba favqulodda zeb-ziynat dunyosida hodisaga aylandi. Zero, asl javohirlar shunchaki noyoblik emas, balki his-tuyg‘ular tilida so‘zlash san’atidir.

Maqolani baham ko'ring

Related articles

Til tanlash

*Siz sayt menyusidan ham tanlashingiz mumkin