Parij Yuqori moda haftaligidagi 13 ta eng yaxshi go‘zallik obrazlari

Jasorat, o‘ziga xoslik va nafosatni birlashtiruvchi tendensiyalar

01 Fev 2025
fotо: spotlight \ tamara ralph

Parijda Yuqori moda haftaligi yorqin taassurotlar bilan yakunlandi. Vizajistlar va soch ustalari bor ijodiy salohiyati namoyon qildi: grafik strelkalardan tortib retro soch turmaklari-yu, dramatik lab bo‘yoqlarigacha – ular dizaynerlarning g‘oyalarini ta’sirchan aksentlar bilan kuchaytirdilar. Bu safar yondashuvlar ikki yo‘nalishga bo‘lindi: ayrim ustalar abadiy klassikani ulug‘lashsa, boshqalari zamonaviy tendensiyalarni belgilab beruvchi yangicha qarashni taklif etishdi. Dior, Valentino, Chanel va boshqa moda uylarining podiumlari kelajak go‘zallik yo‘nalishlarining boshlang‘ich nuqtasiga aylandi. 

Eng ta’sirchan obrazlar va ularga ruhlantirgan g‘oyalarni tahlil qilamiz – stilistlar nimani asos qilib oldilar va qanday fikrlar yangi mavsum estetikasini belgilaydi.

Georges Hobeika: makiyajdagi his-tuyg‘ular

Georges Hobeika namoyishida his-tuyg‘ular obrazning bir qismiga aylandi: yosh oqqan ko‘zlar effekti yuksak dramatizm elementi sifatida ko‘rindi. Go‘yo ko‘z yoshlari yuvib ketgandek bu makiyaj nigohga teranlik baxsh etib, ayol go‘zalligining nozikligini ifodalardi. Tenlarning xiralashgan chegaralari va qovoqlardagi nam yaltiroqlik ta’sirni kuchaytirib, hashamatli va nafis libos siluetlarini to‘ldirdi.

fotо: spotlight \ georges hobeika

fotо: spotlight \ georges hobeika

Christian Dior: soch va qosh haykaltaroshligi

Christian Dior kolleksiyasida kuch va nafosatni ramziy ifodalovchi futuristik “ajdar sochi” uslubidagi sochlar e’tiborni tortdi. Bunga qo‘shimcha ravishda, stilistlar yuzga ifodali grafiklik bag‘ishlab, yuqoriga puxta mahkamlangan laminatlangan qoshlarni yaratdilar. Ushbu minimalistik, biroq ta’sirchan go‘zallik obrazi Maria Grazia Chiurining nafis siluetlariga ajoyib to‘ldiruvchi bo‘lib xizmat qildi.

fotо: spotlight \ christian dior

fotо: spotlight \ christian dior

Germanier: 90-yillarga qaytish

90-yillar modasi Germanier obrazlarida yana o‘zini namoyon qildi. Marvarid hoshiya bilan bezatilgan yirik kоkillar o‘sha davrning mashhur soch turmagiga ishora qilardi. Bunday soch turmagi bir vaqtning o‘zida ham salmoqli, ham o‘ynoqi ko‘rinib, toshlar bilan obdon bezatilgan liboslar bilan mukammal uyg‘unlashdi.

fotо: spotlight \ germanier

fotо: spotlight \ germanier

Armani Privé: grafik tutun

Armani Privé, odatdagidek, nafaqat nafis liboslari bilan, balki go‘zallik tendensiyalarida ham yangi yo‘nalishni belgilab berdi. Armani Beauty bosh vizajisti Hiromi Ueda obrazlarga dramatik teranlik qo‘shdi: qora va kulrangning to‘yingan tuslaridagi tarqalgan strelkalar ko‘zni sirli tarzda o‘rab, tutun effektini yaratdi. Bu usul ifodalilikni kuchaytirdi va siluetlarning me’moriy ko‘rinishini ta’kidladi, klassik grafikani zamonaviy talqin bilan uyg‘unlashtirdi.

fotо: spotlight \ armani Privé

fotо: spotlight \ armani privé

Valentino: pardozsiz go‘zallik

Rassom va vizajist Yadim Carranza Valentino namoyishining go‘zallik obrazlarida haddan tashqari tabiiylikka urg‘u berdi: makiyajning butunlay yo‘qligi, erkin, tegilmagan sochlar – asl ko‘rinishdagi nafis ayol go‘zalligiga hurmat sifatida namoyon bo‘ldi. Bu minimalistik yondashuv Pierpaolo Picciolining bir xil rangli palitra va aniq chiziqlariga yaqqol qarama-qarshilik hosil qilib, uning estetik kuchini yana-da oshirib ko‘rsatdi.

fotо: spotlight \ valentino

fotо: spotlight \ valentino

Tamara Ralph: nazokat va nafosat

Tamara Ralph yuqori moda kolleksiyasida yengil, nafis obrazlar faqat go‘zallikni ta’kidlovchi xotirjam makiyaj va nafis soch turmagi bilan to‘ldirildi. Sochlar ehtiyotkorlik bilan yig‘ilgan, yon tomonlardagi erkin qoldirilgan tutamlar esa yengil romantik effekt yaratib, seriyada qo‘llanilgan matolarning mayin ranglari va toshlar bilan mukammal uyg‘unlashdi.

fotо: spotlight \ tamara ralph

fotо: spotlight \ tamara ralph

Zuhair Murad: mukammal nur effekti

Lifting-makiyaj, shubhasiz, uzoq vaqt biz bilan qoladi. Buni Zuhair Murad Parij moda haftaligida yaqqol namoyish etdi. Tomoshabinlar nafaqat nafis siluetlarga, balki modellarning ko‘zni qamashtiruvchi go‘zallik obrazlaridan ham hayratda qolishdi. Porloq teri, nafis kontur va yanoq bo‘yoqlari parvarishlangan, tarang teri effektini yaratib, kashta va hashamatli drapirovkali ko‘ylaklarni mukammal tarzda to‘ldirdi.

fotо: spotlight \ zuhair murad

fotо: spotlight \ zuhair murad

Elie Saab: vintaj nazokat

Elie Saab XIX asr estetikasiga murojaat qilib, nafis liboslarni soch turmagidagi alohida urg‘u – mitti bahromalar bilan to‘ldirdi. Bu noyob element ko‘rsatilgan siluetlarning viktoriancha nafosatini ta’kidlab, ularga sirlilik va nazokatlilik baxsh etdi.

fotо: spotlight \ elie saab

fotо: spotlight \ elie saab

Jean Paul Gaultier: nam teksturalar

Jean Paul Gaultier shousida yuzga yopishgan soch tolalari bilan nam soch effekti ustunlik qildi. Bu soch turmagi kolleksiyaning dadil va kelajakka yo‘naltirilgan obrazlari bilan uyg‘unlashgan granj estetikasining davomi bo‘ldi.

fotо: spotlight \ Jean Paul Gaultier

fotо: spotlight \ Jean Paul Gaultier

Chanel: mangu mumtozlik

Qizil lablar yana Chanel namoyishining asosiy elementiga aylandi. Yarim mat tekstura, yumshoq chegaralar va lablarning to‘yingan rangini ta’kidlovchi tuslar Virginie Viardning nafis tvid ansamblini to‘ldirib, uyning afsonaviy estetikasini eslatdi.

fotо: spotlight \ chanel

fotо: spotlight \ chanel

Giambattista Valli: me’moriy parda-kokillar

Giambattista Valli podiumida eng ko‘zga ko‘ringan aksentlardan biri to‘lqinsimon old kokillar uslubi bo‘lib, u namoyishning umumiy ruhiga ajoyib tarzda mos keldi. Bu soch elementi obrazlarga nafaqat tuzilishni, balki nozik romantikani ham olib kirdi, modellarning nazokatini va nafisligini ta’kidladi. Kokillarning yumshoq egri chiziqlari yengillik va havoyilik effektini yaratib, hajmdor liboslar bilan mukammal uyg‘unlashdi. Bunday go‘zallik obrazi kolleksiyada yorqin aksentga aylanib, nafis siluetlar va elegantlik chiziqlarini uyg‘un ravishda to‘ldirdi.

fotо: spotlight \ Giambattista Valli

fotо: spotlight \ Giambattista Valli

Stéphane Rolland: rokoko dabdabasi

Retro soch turmaklar trendga qaytgani va barcha soch stilistlari bu qaytishni namoyish etgani uchun endi hayratlanarli hech narsa yo‘qdek tuyulardi. Biroq, Björn Axén va Johan Hellström aristokrat ayollar orasida haqiqiy moda hisoblangan soch turmaklari haqida eslatib, hammani lol qoldirishga muvaffaq bo‘lishdi. Stéphane Rolland ko‘rgazmasida ular XVII-XVIII asrlardagi rokoko uslubidagi qayta talqin qilingan obrazlarni namoyish etishdi. Hajmli shakllar to‘qimaning yengilligi bilan ajoyib tarzda uyg‘unlashib, tarixiy unsurlarni zamonaviy minimalizmga va yuqori moda asarlarining me’moriy siluetlariga moslashtirgan holda, o‘tmish va hozirgi zamonning g‘aroyib uyg‘unligini yaratdi.

fotо: spotlight \ Stéphane Rolland

Viktor & Rolf: ranglar tantanasi

Viktor & Rolf namoyishida haqiqiy maksimalizm hukmronlik qildi, bu shubhasiz yaqin kelajakda yangi trendlarni belgilaydi. Pushti-binafsha tenlar, to‘yingan yanoq bo‘yog‘i va bir xil rangdagi lab bo‘yog‘i yaxlit san’at asari ta’sirini yaratdi, u o‘zining yorqinligi va boy ranglar gammasi bilan e’tiborni tortdi. Bunday pardoz kolleksiyaning dramaturgik g‘oyasining davomi bo‘lib, unda o‘ynoqilik va g‘ayriodatiylik uyg‘un manzaraga aylandi. Yaqin kelajakdagi trendlar to‘yingan bo‘lishni va’da qilmoqda, ko‘z va lablarga yorqin urg‘u beriladi, bunda pardoz orqali individuallikni ifodalash obrazning muhim qismiga aylanadi. Ushbu uslub kosmetikada yorqin va dadil rang yechimlari keng tarqalishini bashorat qilib, ishonch va o‘zini ifoda etish ruhini aks ettiradi.

fotо: spotlight \ Viktor & Rolf

fotо: spotlight \ Viktor & Rolf

Maqolani baham ko'ring

Related articles