Paris Fashion Week 2025: asosiy go‘zallik trendlari
Nazokat, nafosat va jasorat

Parij yana bir bor moda poytaxti maqomini tasdiqladi va Paris Fashion Week 2025 nafis go‘zallik obrazlarini namoyish etdi. Bu mavsumda dizaynerlar tabiiy go‘zallikka e’tibor qaratishdi, ammo ijodiy va ifodali tafsilotlarni ham unutishmadi. Pardoz olamida qanday yo‘nalishlar hukmronlik qiladi? Asosiy obrazlarni to‘g‘ridan-to‘g‘ri podiumlardan tahlil qilamiz.
Lablarning tabiiy rangi
Coperni va Saint Laurent podiumlariga yumshoq nyud ranglar qaytdi. Asosiy g‘oya – tabiiy go‘zallikni ortiqcha urg‘u bermasdan ta’kidlash. Yaltiroq va namlantiruvchi balzamlar zich lab bo‘yoqlari o‘rnini egallab, parvarishlangan va tabiiy yangi lablar ta’sirini yaratdi. Bu yo‘nalish tabiiy jozibadorlikni ta’kidlaydi va har qanday qiyofaga – kundalik ko‘rinishdan tortib kechki ko‘rinishgacha mos keladi.

fotо: spotlight \ Saint Laurent
Bunday ta’sirni yaratish uchun stilistlar lablarga yengil yaltiroqlik va hajm beruvchi namlovchi tarkibiy qismlarga ega rangli balzamlardan foydalanishni tavsiya etadilar. Shaftoli va pushti rangdagi yarim shaffof lab bo‘yoqlari ham kerakli tabiiylik effektiga erishishga yordam beradi.

fotо: spotlight \ Coperni
To‘q rangli lablar
Ammo agar nyud siz uchun mos kelmasa, Off White va Zomer tomonidan taqdim etilgan chuqur sharob, olxo‘ri va shokolad ranglariga e’tibor bering. Bu yo‘nalish gotika estetikasini eslatadi, ammo yanada nafis va zamonaviy ko‘rinishda. Yaltiroq qoplama tasvirni dramatik qiladi, xira teksturalar esa sirlilik va noziklik baxsh etadi.

fotо: spotlight \ Off White
To‘q rangli lablar e’tiborni tortadigan urg‘u hisoblanadi, shuning uchun pardozda muvozanatni saqlash muhim. Dizaynerlar to‘q ranglarni tabiiy ko‘z pardozi va mukammal tekis teri rangi bilan uyg‘unlashtirishni tavsiya qiladi. Pardoz chidamli bo‘lishi uchun lab bo‘yog‘i rangidagi qalamdan foydalaning va qoplamani upa yoki fiksatsiyalovchi sprey yordamida mahkamlang.

fotо: spotlight \ Zomer
Mushuk nigohi: katta chiziqlar va smokey ays
Aniq grafik chiziqlar va ta’sirchan smokey ays Chanel va Rabanne’ning tashrif qog‘oziga aylandi. Yoyilgan smokey sirli va biroz dramatik nigohni yaratadi, mushuk ko‘zi uslubidagi yirik chiziqlar esa ko‘zlarga ifodalilik va dadillik baxsh etadi. Ushbu yo‘nalish qat’iyatli obraz yaratishning ajoyib usulidir.

fotо: spotlight \ Rabanne
Quyuq podvodka va tutunsimon tenlar turli xil variantlarda taqdim etilgan: klassik qora ranglardan tortib eksperimental rang yechimlarigacha. Obrazni takrorlash uchun yumshoq qalam yoki kremli tenlardan foydalaning, ularni cho‘tka bilan yoyib, yumshoq effekt yarating. Maksimal ta’sir uchun tasvirni ulama kipriklar yoki hajmli tush bilan to‘ldiring.

fotо: spotlight \ Chanel
Porloq teri
Silliq, namlangan va ichki tomondan yorqin teri Stella McCartney va Courreges kolleksiyalarida pardozning asosiy elementidir. “Shisha teri” effekti yengil tonal vositalar, xaylayterlar va namlovchi zardoblar yordamida yaratiladi. Bunday pardoz yuzni yangi va tabiiy qilib ko‘rsatadi, ham minimal, ham ifodali obrazlarni mukammal to‘ldiradi.

fotо: spotlight \ Stella Mccartney
Kerakli samaraga erishish uchun parvarishga e’tibor qaratish muhim: namlantiruvchi niqoblar, gialuron kislotasi qo‘shilgan zardoblar va ozuqaviy kremlar porloq pardoz uchun ideal asos bo‘ladi. Vizajistlar yengil flyuidlar va nam finishli kremlar foydasiga zich xira tusli asoslardan voz kechishni taklif qilishmoqda.

fotо: spotlight \ Courreges
Och rangli qoshlar
G‘ayrioddiy va biroz avangard yo‘nalish - Victoria Beckham va Elie Saab ko‘rgazmalarida kuzatilgan tiniqlashgan yoki oqartirilgan qoshlar. Bu usul yuz tuzilishini yumshoqroq qiladi va futuristik, shu bilan birga nozik tasvirni yaratadi. Bunday go‘zallik tajribasi e’tibordan chetda qolmasligi aniq.

fotо: spotlight \ Victoria Beckham
Trendni takrorlash uchun qoshga yorqinlashtiruvchi gel yoki sochlarga yumshoq tus beruvchi maxsus bo‘yoqlardan foydalanish mumkin. Bu usul nostandart obrazlarni yaratish uchun mos keladi va ko‘z pardozining grafikligini ta’kidlaydi. Biroq, agar siz keskin o‘zgarishlarga tayyor bo‘lmasangiz, shunchaki och rangli qalam yoki upa yordamida qosh rangini biroz xiralashtirishingiz mumkin.

fotо: spotlight \ Elie Saab
Kreativ chiziqlar
Bu mavsumdagi pardoz ijod uchun haqiqiy mato bo‘ldi. Kiko Kostadinov va Ganni podiumlarida rang-barang podvodkalar, ip ko‘rinishidagi chiziqlar va nostandart grafik chiziqlar paydo bo‘ldi. Ushbu yo‘nalish pardoz olamida qoidalar yo‘qligini -= faqat o‘zini namoyon qilish uchun cheksiz imkoniyatlar mavjudligini isbotlaydi.

fotо: spotlight \ Kiko Kostadinov
Neon, metall va pastel ranglardagi dadil chiziqlar obrazga kayfiyat beradi va shakllarni sinab ko‘rish imkonini beradi. Trendni takrorlash uchun rangli suyuq podvodkalar yoki pigmentlardan foydalaning, shuningdek, o‘ziga xos effekt yaratish uchun turli xil ranglarni birlashtiring. Agar vazminroq variantni afzal ko‘rsangiz, ko‘z burchaklariga rangli urg‘u berishga harakat qiling yoki kiprik qirrasi bo‘ylab ingichka chiziq torting.

fotо: spotlight \ Ganni
Bu mavsum go‘zallik turlicha talqinda – tabiiylikdan tortib, qo‘pollikkacha namoyon bo‘lishini ko‘rsatadi. Silliq yorqin teri, nyud lablar va dadil chiziqlar – bu barcha trendlarni har qanday uslubga moslashtirish oson. O‘zingizning mukammal qiyofangizni topish uchun ranglar, teksturalar va shakllar bilan tajriba o‘tkazing. Axir, pardoz nafaqat o‘zini ifoda etish vositasi, balki ilhomlantiruvchi san’at hamdir!