Peggymania
O‘n yillik elektron musiqa fenomeni
Zamonaviy jamiyatda Peggy Gou nomi bilan tanish bo‘lmagan odamni topish qiyin. Kelib chiqishi janubiy koreyalik bo‘lgan serqirra didjey o‘z karyerasida atigi ikki yil ichida muvaffaqiyat qozonib, barcha jahon chartlarida rekordlarni yangilamoqda.
Peggy Gou (Kim Min-ji) Janubiy Koreyada tug‘ilib o‘sgan. Musiqaga bo‘lgan ishtiyoqi bolaligidan boshlangan – Peggi 8 yoshidan boshlab klassik pianino bilan shug‘ullangan. 14 yoshida u ingliz tilini o‘rganish uchun Londonga boradi. 4 yil o‘tgach, u o‘qishni tugatib vataniga qaytib keladi, ammo olti oydan so‘ng Peggi bir vaqtlar Jimmy Choo, Jonathan Anderson (Loewe, JW Anderson) va William Tempest kabi dizaynerlar bitirgan universitetda moda bo‘yicha o‘qish uchun London moda kollejiga o‘qishga kiradi. O‘qishni tugatgandan so‘ng, modaga bo‘lgan qiziqish uni tark etmadi: Peggi Londonda Harper’s Bazaar Korea uchun muharrir-muxbir bo‘lib ishlagan, ammo keyinchalik Berlinga ko‘chib o‘tgan.
Peggyga 2009-yildayoq uning koreyalik do‘sti DJ bo‘lishni o‘rgatgan edi. U o‘zining ilk ijrosini Soxodagi Cirque Le Soir muassasasida namoyish etdi, keyinchalik esa Sharqiy Londondagi The Book Clubda muntazam ravishda chiqishlar qila boshladi.
Tez orada Peggy Ableton Livedan foydalanishni va o‘z treklarini yaratishni o‘rganadi. U o‘zining birinchi trekini 2014-yilda chiqargan va Koreyaning “Hungboo” ertagi qahramoni sharafiga nomlagan. Koreyada u birinchi marta Style Icon Awards 2016 marosimida ushbu trek bilan chiqish qilgan. Xuddi shu yili u Rekidsda “The Art of War”ning birinchi vinil relizini chiqargan.
Shundan so‘ng uning karyerasi tez sur’atlarda o‘sa boshladi. 2017-yilda Peggy Gou o‘zining birinchi Shimoliy Amerika bo‘ylab turini o‘tkazdi, shundan so‘ng u Nyu-Yorkdagi Boiler Roomda debyut qildi. Peggy Berlindagi afsonaviy Berghain klubida o‘ynagan birinchi koreyalik DJ bo‘ldi. Keyinchalik yanada ko‘plab joylarda o‘z ijodini davom ettirdi. Peggy Gou bir yil ichida 100 dan ortiq kontsertlar berdi, Coachella, Glastonbury, Ibiza, Amsterdam Dance Event va boshqa musiqa festivallarida chiqish qildi. Uning Virgil Abloh, Off-White ko‘rgazmasidagi chiqishi alohida e’tiborga sazovor bo‘ldi.
2018-yilda “It makes you forget” treki chiqdi, u AIM Independent Music Awards marosimida eng yaxshi trek mukofotiga sazovor bo‘ldi, shuningdek, FIFA 19 treklistidan joy oldi. Bir yil o‘tgach, Peggy o‘zining mustaqil Gudu Records rekord-leyblini, shuningdek, DJ-Kicks seriyasidagi Peggy Gou to‘plamini chiqardi. 2019-yilda Peggy Osiyo yetakchisi, innovatori va tadbirkor sifatida “Forbes 30 Under 30” (Forbesning “30 yoshgacha bo‘lgan 30 ta eng istiqbolli shaxs”) ro‘yxatiga kirdi.
«(It Goes Like) Nanana” treki didjeyning butun faoliyati davomidagi eng mashhur asarga aylandi. Peggyning oldingi asarlarida unchalik yaqqol ko‘rinmagan uning “pop” sifati trekni ko‘plab Yevropa musiqiy chartlarining birinchi o‘rinlariga olib chiqdi. Qo‘shiq barcha radiostansiyalar va bazmlarda yangradi.
Didjeylikdan tashqari, Peggy haqiqiy moda ikonasi bo‘lib, uni moda hamkorliklarida suratga tushirishadi, u tendensiyalarni belgilaydi va o‘zining kiyim brendini yaratgan. Kirin brendining nomi koreys tilidan tarjima qilinganda, “jiraf” degan ma’noni anglatadi va u DJning sevimli hayvoni.