Rokoko davri uyg‘onishi: bo‘yin taqinchoqlarini tanlaymiz
Dizaynerlardan yangi talqindada marvarid, marjon, sotuar va boshqa “eski” taqinchoqlar

Ko‘pchilik aksessuarlarning eng oddiy ko‘rinishlarni san’at asariga aylantirish qobiliyatini yetarlicha baholamaydi. Minimalizm va kamtarlik moda maydonini tark etib, bayramona hashamatga yo‘l ochmoqda. Bunda bo‘yinga taqiladigan yirik va e’tiborni tortuvchi bezaklarga alohida ahamiyat beriladi.
Marjon
Dizaynerlar muayyan bir shaklga bog‘lanib qolmay, maksimalizmga urg‘u bermoqdalar – Schiaparelli’ning murakkab geometriyasi yoki Acne Studios’ning yozgi kolleksiyasi namoyishida ko‘zga tashlangan yirik zanjirlar bunga misol bo‘la oladi.

Foto: SPOTLIGHT/Schiaparelli
Taqinchoqlar orasidan sevimli narsangizni tanlayotganda “haddan oshish”dan cho‘chimaslik kerak, ammo uzunligiga alohida e’tibor qaratish lozim: marjon bo‘yin bo‘ylab qat’iy joylashishi va o‘mrov chizig‘idan pastga tushmasligi shart. Ortiqcha bo‘rttirilgan ko‘rinishdan qochish uchun yirik marjonni bir xil rangdagi va sodda kiyim bilan uyg‘unlashtiring – to‘g‘ri urg‘u ta’minlangan bo‘ladi.

Foto: SPOTLIGHT/Bottega Veneta
Marvarid va kamyo
Buflar, korsetlar va to‘rlar ko‘rinishidagi hashamat va teran ayollik jozibasi allaqachon zamonaviy kiyim javonlariga kirib kelgan, shuning uchun ularning taqinchoqlar qutisigacha yetib borganiga hayron qolmaslik ham bo‘ladi. Podiumda o‘tmishga yo‘naltirilgan ko‘plab eslatmalar chuqur qirqimni ta’kidlaydigan lariat va sotuarlar shaklida namoyish etilmoqda. Barcha davrlarda nafislik va zodagonlik timsoli bo‘lib kelgan marvarid dizaynerlarning deyarli har bir to‘plamida turli xil shakl va uyg‘unliklarni o‘zida mujassam etib, kundalik uslubning ajralmas qismiga aylanmoqda.

Foto: SPOTLIGHT/Chanel
Agar davrga to‘liq sho‘ng‘ishni va vintaj uslubini yaratishni xohlasangiz, kameya tanlashda ham klassik talqinni, ham Etro, Balenciaga va Chanel misolida zamonaviy elementlar bilan uyg‘unlikni e’tiborga oling.

Foto: SPOTLIGHT/Balenciaga
Chokerlar
Ingichka tasmalar o‘rnini keng va uzun tasmalar egalladi, ularni bant qilib bog‘lash, bir necha marta o‘rab olish yoki Zimmermann namoyishidagidek erkin tushirib qo‘yish mumkin.
Bunday holatda soddalik maqsadga muvofiq bo‘ladi. Biroq, aksincha bo‘lishini xohlovchilar uchun podiumlarda namoyish etilgan chokerlarning yangicha talqinlari ham bor: Gucci ko‘rgazmasidagi kabi yirik geometrik shakllar tushirilgan keng tasmalar yoki Alberta Ferretti kolleksiyasidagi kabi e’tiborni tortuvchi gul g‘unchalari bilan bezatilgan chokerlar.

Foto: SPOTLIGHT/Alberta Ferretti
Aksessuarlarning yangi tendensiyalari tom ma’noda e’tiborni jalb qilishiga qaramay, bitta obrazda bir nechta tendensiyalarni birlashtirishdan qochish kerak. Bitta urg‘uli bezakka pul tikkan ma’qul.