Puzzle Bag
Klassikaga aylangan mashhur sumkaning o‘n yilligi

2025-yil mart oyida Jonatan Anderson Dior’da ijodiy direktor lavozimini egallash uchun Loewe moda uyidan ketishini e’lon qildi. Bu voqea dizayner tomonidan yaratilgan birinchi va eng mashhur sumka – afsonaviy Puzzle Bag’ning 10 yillik yubileyiga to‘g‘ri keldi.
Sumka dastlab 2015-yil iyunida bahor-yoz mavsumining erkaklar kolleksiyasida, keyin esa sentyabrda ayollar namoyishida taqdim etilgan edi. Debyutidan beri Puzzle bag o‘zining innovatsion dizayni va abadiy jozibasi tufayli butun dunyo bo‘ylab mashhurlar, moda ixlosmandlarining sevimli aksessuariga aylandi. “Men sumkaning tuzilishini tubdan qayta ko‘rib chiqib, uni yaratishning yangi usulini topishga intildim. Maqsad uch o‘lchovli funksiyaga ega tekis obyektni yaratish uchun an’anaviy shaklni buzish edi”, – dedi Jonatan Anderson modelning taqdimoti munosabati bilan e’lon qilingan press-relizda.
Bu yil Loewe eng yorqin va esda qolarli sumka dizaynining 19 ta yangi talqinidan iborat kapsula to‘plamini chiqardi. Kapsula 2015-yil kuz-qish kolleksiyasidan pushti zamsh sumkasini, 2018-yil bahor-yoz kolleksiyasidan yumshoq zamsh modelini, oq-qora nuqtali versiyasini o‘z ichiga oladi; animega asoslangan model, shuningdek, moviy “Cloud” Puzzle, musaffo osmon tasviri bilan. To‘plamda, shuningdek, rassomlar Ken Prays va Uilyam Morris asarlari bilan bezatilgan cheklangan nashrdagi modellar, Paula’s Ibiza to‘plamining bir nechta sevimli nusxalari va turli xil did va afzalliklarga ega bo‘lgan insonlarni o‘ziga jalb qiladigan ko‘plab boshqa variantlar mavjud.
Takroriy nashrlarga qo‘shimcha ravishda, Loewe o‘zining rasmlari va haykallari bilan tanilgan rassom Lara Favarettoning confetti cubes installyatsiyasidan ilhomlangan mutlaqo yangi model – yaltiroq charm payetkalar bilan qoplangan Confetti uslubidagi sumkani taqdim etdi. Installyatsiya 21 ta kubdan iborat bo‘lib, ularning har biri siqilgan konfetdan yasalgan edi. Kublar 2023-yil kuz-qish ayollar shousida podiumni bezatgan. Ushbu installyatsiyaning g‘oyasi, rassomning boshqa ko‘plab asarlari singari, inson tomonidan yaratilgan obyektlarning qanchalik mo‘rt va o‘tkinchi ekanligini ko‘rsatishdan iborat edi: modellar podium bo‘ylab yurgani sayin, kublar asta-sekin yemirilib, rassom nazarda tutgan ma’noni aks ettirdi va yetkazdi.
Puzzle Bag o‘n yildan beri moda olamining yangi sahifasini aks ettirmoqda. Uning me’moriy shakli, noodatiy, dadil dizayni va tafsilotlarga e’tibori yangi standartlarni belgilab berdi hamda sanoatga yangi nafas olib kirdi.